Ramazon – ma’naviyat va ma’rifat oyi. Uning har bir kuni insonga huzur baxsh etadi. Har bir mo‘minni tafakkur qilishga undaydigan – Ramazon oyining ta’riflari bisyor. Mo‘min-musulmonlar o‘n bir oy sog‘inch va ishtiyoq bilan kutadigan, oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, duolar ijobat onlari, saxovatlar jo‘sh uradigan davr, Qur’on oyi muborak Ramazondir. Unga mashhurlikda, buyuklikda hech bir oy teng kela olmaydi. Bu oy musulmonlarning muhabbatiga sazovorligi bilan ham alohida – tanho. Shuning uchun hamki, uning kelishi intiq kutilajak.
Bu oyning fazilat, xislatlari ko‘p. Ularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ta’rifini har qancha keltirmang, kamdek ko‘rinaveradi. Bu oy insonning ongu tafakkuri ma’nan yuksaladi. Shuning uchun ham, ma’naviyat va ma’rifat oyi, deb ta’rif beramiz.
“Ramazon – ma’naviyat va ma’rifat oyi” deyilishiga bir qancha sabablar bor:
Birinchidan, bu oyda ilm bilan mashg‘ul bo‘linadi. Bilmaganni bilishga intilinadi, anglanganlarini esa o‘zgalar bilan ulashishga alohida e’tibor qaratiladi. Qur’oni karim o‘qiladi, hadislar aytiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Qur’ondan bir harf o‘qisa, unga bir yaxshilik bo‘ladi. Bir yaxshiligi o‘n barobar bo‘ladi. Alif, lam, mim bir harf, demayman. Lekin alif bir harf, lam bir harf, mim bir harfdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ikkinchidan, insonlar bir-birining holidan xabar oladi. Urishganlar yarashadi. Ginalar unutiladi. Yolg‘on gapirishdan tiyiladi. Kimnidir haqorat qilishdan yiroqlashiladi. Kechirimli bo‘linadi. Bir so‘z bilan aytganda, qalblar yaqinlashadi. Shirinso‘zlik oshadi. Chin ma’noda aytganda, odamlardagi hushmuomalalik yuksaladi. Kimnidir hafa qilishdan tiyiladi. Dillar yanada poklanadi. Hullas, ramazon shuning uchun hamki ma’naviyat va ma’rifat oyidir.
Uchinchidan, ramazon yordam, ko‘mak oyidir. Muhtojlar yod olinib, ehtiyojmandlarga har doimgidan ko‘proq madad beriladi. Ham moddiy, ham ma’naviy. Virus tufayli ikki oydir-ki, moddiy va ma’naviy ehtiyojmand oilalarga beg‘araz ko‘mak berilmoqda.
To‘rtinchidan, ramazon oyining sharofatidan inson o‘zida ezgu amallarni mujassam qiladi.
Beshinchidan, ramazonda maqsadlar mushtarak. U shunisi bilan birdamlik oyi. Chunki bu oyda faqat ezgu niyatlar qilinadi, ularning ro‘yobi uchun jiddu jahd qilinadi. Bu oyda odamlar riyozat bilan o‘zini isloh qilishga shoshadi. Shu boisdan ramazonda hasad, ginayu kudrat, xusumatga o‘rin yo‘q. Bu kabi illatlardan chekiniladi.
Oltinchidan, ogohlik, daxldorlik oyi. Bu oyda imon sinovdan o‘tadi. Atrofdagilarga o‘zgacha – mehr, muhabbat, hurmat nigohi bilan qaraladi. Ayblar ko‘rinmaydi, kamchiliklar yopiladi. Atrofdagilarning har bir holatidan ogohlik kuzatiladi, ularning muammolari yechimida daxldorlik hissi kuchayadi.
Yettinchidan, g‘animat oyi. Ro‘zadorlar maqsad qilingan ishlarini bajarishga, berilgan vaqtni g‘animat bilib, natijador ishlarga bel bog‘lashga shoshilishadi. Chunki bu oyning savobi har qachongidan ko‘p, duolarning bisyor ijobati bor.
Sakkizinchidan, ibodat oyi. Aslida, ro‘za – ibodat. Qur’on o‘qish – ibodat. Alloh buyurganlarini bajarib, qaytarganlaridan qaytishlik – ibodat. Bundan tashqari, ushbu oyda tungi ibodatlarga keng o‘rin beriladi.
Shuningdek, ramazon ruhan poklanish, axloqan yuksalish oyi hamdir. Ramazonda shaytonlar kishanlanib, insonni yomonlikka chorlovchi vasvasalari cheklanib, odamlarga o‘zlarini tarbiyalash uchun imkon beriladi. Binobarin, bu oyda qilingan gunohning jazosi og‘ir bo‘ladi.
Ramazonda yolg‘on gapirishdan tiyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim yolg‘on gapirishni va unga ko‘ra amal qilishni qo‘ymasa, uning taom va ichimligini tark etishiga Allohning ehtiyoji yo‘q", deganlar.
Ramazon – sabr-bardosh oyi. Mashaqqatlarga qaramay o‘zining eng muhim ehtiyojlarini tiygan kishi sabr va chidamning yuqori darajalarini o‘zlashtiradi. Ammo unutmaslik lozimki, ovqatdan tiyilish bilangina maqsadlar hosil bo‘lmaydi. Buning uchun inson g‘oyaviy, ruhiy jihatdan ham tayyor bo‘lishi lozim. Hatto xayolini boshqarsin – yomonliklarni unutsin. Imkoni bo‘lsa, bir umrga.
Ramazon tarbiya oyi hamdir. Unda nafslar tarbiya qilinadi – ezgulik sari boshqariladi. Ma’lumki, tarbiya inson tug‘ilmasindan avvalroq boshlanadi va bir umrlik ishdir. Uning to‘g‘ri tashkil qilinishi esa kamolot kafolatidir. Ramazon bizga bunga imkon oyi hisoblanadi. O‘zgalarni o‘ziga oyna bilgan har kim ruhan poklanib, aqlini tartibga solishga shoshilishi talab qilinadi.
Ramazonning boshi – niyat. Niyat bo‘lganda ham ibodat, ezgulik uchun niyat. Qalb tayyorligi. Jism hozirligi. Chin ixlos. Ikki dunyo saodati haqida tafakkur. Demak, ramazonga ruhan va jisman tayyor bo‘lish zarur. Jism hozirligi ochlikka bardosh, turli illatlardan, yomon so‘zlardan yiroqlik bo‘lsa, ruh yaratganiga yaqinlikni his etishi, u har qachongidan-da ko‘proq kuzatilayotganiyu tinglanayotganidan zavq olishi ruh tayyorligidir.
Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Bu esa oz amal bilan ko‘p savob olish imkoniyatidir. Undan qanday foydalanish esa aql egalari o‘z ishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi va keyingi gunohlari kechiriladi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Qiyomat kuni ro‘za ro‘zadorni shafoat qiladi. Bu esa muqarrar jannat deganidir. Har bir insonning asl niyati birinchi odam quvilgan – jannatga qaytish ekani e’tiborga olinsa, ushbu oyning ahamiyati oydinlashadi.
Xullas, ramazon ulug‘, hikmati ko‘p. Unga munosib bo‘lish lozim. Munosiblik esa yuqorida keltirilganlar ijrosi bilan bo‘ladi.
Munira Kaxarova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
bo‘limi boshlig‘i
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati