Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

Qadr kechasi fazilatlari

17.05.2020   3197   3 min.
Qadr kechasi fazilatlari

Qadr kechasining o‘ziga xos bir qancha fazilatlari mavjud bo‘lib ular Quq’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda zikr qilingan. Quyida shu haqida so‘z yuritamiz.

  • Qur’oni karim shu kechada nozil qilingan. Alloh taolo aytadi: «Albatta, Biz u (Qur’on)ni Laylatul Qadrda nozil qildik» (Qadr, 1).
  • U ming oydan ko‘ra yaxshiroq kechadir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Laylatul Qadr ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr, 3). Imom Tabariy ushbu oyat tafsiridagi eng to‘g‘ri gap Qadr kechasidagi amal ushbu kecha bo‘lmagan ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq ekanini aytganlar.
  • U muborak kechadir. Aloh taolo Duxon surasi 3-oyatida shunday marhamat qiladi: «Albatta, Biz u (Qur’on)ni muborak kechada nozil qildik». Demak, ushbu kecha kunlar orasidagi eng muborak kecha ekan.
  • Ushbu kechada juda ko‘p farishtalar yerga tushadi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi: «Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadi» (Qadr, 4). Mufassir ulamolarimiz oyati karimada zikr qilingan Ruh Jabroil alayhissalom ekanliklarini aytishgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «Albatta, farishtalar o‘sha kechada yerda mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi».
  • Keyingi yilgacha bo‘ladigan ishlarning yozilishi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «O‘sha (kecha)da har bir hikmatli ish ajratilib, hal qilinur». Ko‘plab mufassir ulamolar farishtalar Allohning amri bilan keyingi yilgacha bo‘ladigan barcha ishlarni yozib qo‘yishini aytishgan. Bu ma’noni Ibn Abbos roziyallohu anhu aytganliklari rivoyat qilinadi.
  • Uni ibodat bilanbedor o‘tkazish o‘tgan gunohlar kechirilishiga sabab bo‘lishi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim Qadr kechasida (chin) iymon va (riyo qilmasdan) savob umidida qoyim bo‘lsa uning o‘tgan gunohlari kechiriladi».
  • Duolar ijobat bo‘lishi. Imom Termiziy Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Yo Rasululloh, qaysi kecha laylatul qadr ekanini bilsam unda nima deyman?», deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Allohumma innaka a’vuffun, tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy» (Ma’nosi: Allohim, Cen marhamatli Zotsan, afv etishni suyasan, meni kechirgin!) degin», dedilar. Oisha onamiz Qadr kechasida duolar ijobat bo‘lishini bilganlari uchun ham ushbu kechada qanday duo qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rab o‘rganib olmoqdalar.
  • Ushbu kecha ibodatidan mahrum bo‘lish katta judolik ekani. Ibn Moja Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Albatta, sizlarga ushbu (Ramazon) oy hozir bo‘ldi. Unda ming oydan yaxshiroq kecha bor. Kim undan (yaxshiligi va ibodat qilish) mahrum bo‘lsa barcha yaxshilikdan mahrum bo‘libdi. Uning yaxshiligidan faqat mahrum (baxtsiz, ibodat lazzatidan bebahra) insongina mahrum bo‘ladi». Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qadr kechasini topishga targ‘ib qilar va o‘zlari ham oxirgi o‘n kunlikni ibodat bilan o‘tkazar edilar.

Demak, Qadr kechasi juda ko‘plab fazilatlarga ega va eng muborak kecha ekan. Shuning uchun ham bu kechani bedor o‘tkazishga, undagi fazilatlarga ega bo‘lib qolishga intilish lozim. Alloh taolo barchamizga ushbu kechaning fazilatiga erishishni nasib qilsin! 

 

Manbalar asosida

Iysoxon Yahyo tayyorladi

Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   8257   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).