Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, bizni yana Ramazonga yetkazdi.
Alloh taolo marhamat qilganidek, taqvodor, gunoh ishlardan qo‘rqadigan bo‘lishimiz uchun Ramazon ro‘zasi bizlarga farz qilindi. Demak, ro‘za ibodatini barcha shartlari ila, ixlos bilan ado etgan odamning taqvodor bo‘lishiga shubha yo‘q. Shu bois Ramazon mo‘minlar uchun haqiqiy bayramdir. Ramazon kelishi bilan yer yuzidagi mo‘min bandalargina emas, balki butun koinot, barcha maxluqotlar beqiyos shodlik bilan chulg‘anadi.
Sevikli Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytadilar: "Ramazon oyining kirishi tufayli jannat o‘zining ziynatlarini yangilab, xilma-xil tusga kirib, tovlanib turadi".
Ya’ni hatto jannat ham bu oyni o‘zgacha qarshi oladi. Mana shunday muborak oyda qancha ezgu amallar qilib, toat-ibodatda bardavom bo‘lar ekanmiz, nafsimiz ushbu ibodatlarga ko‘nikishi shuncha oson bo‘ladi. Chunki, ro‘zador nafsini Allohning amriga bo‘ysundirib, muboh bo‘lgan ta iiy shahvatlarni ham tark qilishi bilan taqvosi ortadi, nafsi jilovlanadi.
Nafsni jilovlash taqvoning asosidir. Shubhasiz, ro‘zaning boshqa jismoniy va ma’naviy foydalari ko‘p: insonni sabrga o‘rgatadi, havoyi nafsi ustidan hokim etadi. Ro‘za qalbni yumshatadi, mehr-muruvvat tuyg‘ularini oshiradi, kishilarni nochor va o‘ksiklarning ko‘z yoshini artishga va g‘amini aritishga undaydi. Ramazon oyida yana barcha musulmon ahli intiq bo‘lib kutadigan ibodatlardan biri bu taroveh namozidir. Ammo, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, barchamiz uydamiz. Xo‘sh bunday vaziyatda, bu yilgi Ramazon oyida ibodatlarimizni qanday qilishimiz kerak?
1 . Avvalo bu oyda boshqa oylardan ham ko‘proq ibodat qilishga shoshamiz va o‘zimizga Alloh taoloning ushbu so‘zini shior qilib olamiz:
"Rozi bo‘lishing uchun men senga shoshdim ey, Robbim" (Toha surasi, 84-oyat).
2. Barcha guhohlarimiz uchun Alloh taologa tavba qilamiz, zikr va duolarni ko‘paytiramiz, Alloh taolodan ushbu musibatlarni aritishini so‘rab duo qilamiz.
3. Qur’oni karimni Alloh taolo qodir qilgancha o‘qiymiz, xatm qilamiz.
4. Muhtojlarga sadaqa va ehsonlar qilamiz, garchi bir dona xurmo yoxud bir qultum suv bilan bo‘lsa ham. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida berilganidir", deganlar.
5. Ota-onamizga yanada ko‘proq yaxshilik qilishga shoshamiz, bu Alloh taologa qurbat hosil qilinadigan, u Zotga yaqinlashtiradigan ibodatlardandir.
6. Vaqtimizni ibodatdan chalg‘ituvchi narsalarga sarflamaslikka harakat qilamiz.
7. Nafl ibodatlarni ko‘paytiramiz, uyda taroveh namozlarini o‘qiymiz.
8. Yana tezda masjidlar ochilib, namozlar jamoat bilan ado qilinishiga ishonib, duolarda bardavom bo‘lamiz. Sahihi Muslimda keltirilishicha, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan qudsiy hadisda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Agar bandam yaxshilik qilishni niyat qilsa, men unga yaxshilik yozib qo‘yaman".
Alloh taolo barchamizga Ramazon oyini muborak qilsin, barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq etsin!
Mohigul JO‘RABOYEVA,
Toshken islom instituti 1-kurs talabasi.
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.