Muborak Ramazon oyining ro‘zasini tutayotgan inson savobli amallarni ko‘paytirishni va ko‘proq yaxshiliklar qilib qolishni istaydi. Ayniqsa, oxirgi o‘n kunlik – do‘zaxdan ozod bo‘lish dahasida bu istak yanada kattalashadi. Xo‘sh, biz uchun eng savobli amallar qaysi? Bu savol ko‘pchiligimizni o‘ylantirishi tabiiy. Aslida, bu savolga javob topish uchun ko‘p o‘ylanishimiz shart emas, chunki, Alloh taolo biz musulmonlarga yuksak namuna bo‘lgan Zot – Payg‘ambar alayhissalomni ne’mat qilib bergan. U zot bizga ta’lim bergan amallar o‘zimiz o‘ylab qilgan amaldan juda katta farq qiladi va savobi ham biz tasavvur qila olmaydigan darajada ko‘p bo‘ladi. Sababi, Alloh taolo bizga o‘zimiz amal qilishimizni emas, U zotga ergashishni buyurgan. Ushbu maqolada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda va uning oxirgi o‘n kunligida qilishni buyurgan yoki o‘zlari bajargan o‘n sunnat amal haqida so‘z yuritamiz.
1. Qur’on tilovat qilish. Ramazon – Qur’on nozil qilingan oydir. Shuning uchun ham u Qur’on tilovati uchun eng haqli vaqt sanaladi. Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan paytlari Ramazonda Jibriyl (a.s) bilan uchrashganda bo‘lar edi. U zot Jibriyl bilan Ramazonning har kechasida uchrashar va Qur’ondan dars qilar edilar». Demak, ushbu oyda Qur’on tilovat qilish sunnat amal ekan. Ushbu sunnatga ergashish uchun esa har kuni imkon qadar tilovat bilan mashg‘ul bo‘lish maqsadga muvofiqdir.
2. Tasbeh va zikrlarni ko‘paytirish. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tasbehlar aytish xususida ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Imkon qadar yo‘lda, uyda, ishda va boshqa paytlarda tasbehlarni ko‘proq aytish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki, Imom Zuhriy aytadilar: «Ramazondagi bir tasbeh undan boshqasidagi ming tasbehdan afzaldir». Demak, zikr va tasbehlarni ko‘paytirish ham sunnatga ergashish, ham ushbu muborak oyda ko‘plab ajrlarga ega bo‘lishga sabab bo‘lar ekan.
3. Duoni ko‘paytirish. Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Yo Rasululloh, qaysi kecha laylatul qadr ekanini bilsam unda nima deyman?», deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Allohumma innaka a’vuffun, tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy» (Ma’nosi: Allohim, seni marhamatli Zotsan, afv etishni suyasan, meni kechirgin!) degin», dedilar. Boshqa hadislarda esa ro‘zadorning duosi qaytarilmasligi ham zikr qilingan. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamo‘rgatganlaridek ko‘proq duo qilish ham sunnat amal ekan.
4. Kechalari qoyim bo‘lib taroveh namozlarida hozir bo‘lish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim Ramazonni iymon va (riyo qilmasdan) savob umidida (ibodat bilan) qoyim qilsa o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Buxoriy rivoyati). Kechani ibodat bilan o‘tkazish uchun imkon qadar taroveh namozlariga qatanishish, yana imkon bo‘lsa saharlikdan avval ikki rakat bo‘lsada namoz o‘qib duo qilish va sunnatga ergashish ma’nosida saharlik qilish mumkin. Oxirgi o‘n kunlikda qadr kechasini topish mumkinligini ham unutmaslik lozim.
5. Tungi ibodatga ahli oilasini uyg‘otish. Oisha onamiz (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda U zot aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam (Ramazonning) oxirgi o‘n kun kirganda yenglarini shimarardilar (ibodatga mahkam bo‘lardilar), (ibodat bilan) tunlarini bedor qilar va (namoz uchun) ahllarini uyg‘otardilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Hadisi sharifdan oxirgi o‘n kunlikda ko‘proq ibodat qilish va ahlini namoz uchun uyg‘otish ham sunnat amal ekanini ko‘rish mumkin.
6. Misvok ishlatish. Misvok ishlatish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy bajaradigan sunnatlari edi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamaytadilar: «Agar ummatimni mashaqqatga solmaganimda ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan bo‘lardim». Ulamolarimiz bu va boshqa hadislardan xulosa qilib tahorat paytida misvok qilish sunnat ekanligini aytishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zador hollarida ham misvok qilganlari ma’lum va mashhurdir.
7. Ro‘zadorga iftorlik qilib berish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ro‘zadorga iftor qilib bersa unga u (ro‘zador)ning mislicha ajr bo‘ladi, lekin u (ajr) ro‘zadorning ajridan hech narsa kamaymaydi» (Imom Termiziy rivoyati). Hadisi sharifdan ro‘zadorga iftorlik qilib berish juda katta ajrga sabab bo‘lishi ma’lum bo‘lmoqda. Ammo bundan isrofgarchilik qilib yoziladigan hashamatli dasturxonlarni tushunmaslik kerak. Iftor qilib berish boshqa hadislarda kelgani kabi bir dona xurmo bilan bo‘lishi ham mumkin. Inson o‘z ahli oilasidagi ro‘zadorlarga iftorlik qilib berishi ham hadisi sharifda zikr qilingan ajrga ega bo‘lishga sabab bo‘ladi.
8. Bemorlarni ziyorat qilish. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Qaysi bir musulmon (bemor) musulmonni erta tongda ziyorat qilsa kech tushguncha yetmish ming farishta unga salovat (mag‘firat so‘rab duo qilish) aytadi. Agar kechki payt ziyorat qilsa unga yetmish ming farishta tong otguncha salovat aytadi va unga jannatda bir bog‘ beriladi» (Imom Termiziy rivoyati). Oddiy paytlarda bemorni ziyorat qilish shu darajada katta savob ekan ajrlar ko‘paytirib beriladigan ushbu muborak oyda ularning adadi behisob bo‘lishi tabiiydir.
Yuqorida biz keltirib sunnat amallar ko‘plab sunnatlarning bir qismi, xolos. Bu haqida yana o‘zbek tilida nashr etilayotgan kitoblar, maqola va gazetalardan ham ma’lumotlar olish mumkin. Alloh taolo barchamizni ushbu muborak kunlarda savobli amallarni ko‘paytirib olishga muvaffaq aylasin!
Iysoxon Yahyo tayyorladi
Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).
Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.
Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.
Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).
Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.
1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.
Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).
Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.
Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».
Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.
Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».
Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».
Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.
Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.
Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.
Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.
Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.
Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.