frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qadr kechasini izlang!

16.05.2020   17711   9 min.
Qadr kechasini izlang!

Ramazon barokatli va fazilatli oy. Unda dunyo va oxirat uchun yaxshiliklar bisyor. Ayniqsa “ming oydan yaxshiroq” bo‘lgan “Laylatul qadr” – qadr kechasi Ramazonda kutiladi. “Qadr” deb nomlanishiga sabab unda rizqlar o‘lchanadi, ajallar yozilib, o‘sha yili bo‘ladigan ishlar bitib qo‘yiladi, taqdir qilinadi.

فِيهَا يُفْرَقُ كُلُّ أَمْرٍ حَكِيمٍ

“U (kechada) barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur”, Duxon,4 oyat

“Barcha bo‘ladigan ishlar Lavhul mahfuzdan ko‘chiriladi. Said ibn Jubayr Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Albatta, sen bir kishini bozorda uchratasan, lekin uning ismi o‘liklar safiga kiritib qo‘yilgan bo‘ladi”.[1]

Bundan tashqari qadri va sharafi ulag‘ligi uchun ham shunday atalgan. Yana kim bu kecha toat-ibodatlarga berilsa, qadri baland bo‘ladi, bu kechadagi toatlarning qadri bo‘lakcha bo‘ladi, degan ma’nolar ham aytib o‘tilgan.

Shomiy[2] aytadilar: “Me’rojud diroya”da keltiriladi: “Bilingki, qadr kechasi – fazilatli kecha bo‘lib, uni izlash, talab qilish mustahabdir. U yilning eng yaxshi tunlaridan biridir. U kechada qilingan amal yilning boshqa paytida qilingan ming amalga teng. Ibn Musayyyib aytadi: “Kim qadr huftoniga guvoh bo‘lsa, undagi nasibasini olibdi”. Shofe’iy aytadilar: “Hufton va bomdodiga guvoh bo‘lsa. Mo‘minlardan Alloh xohlagani qadr kechasini ko‘radi, ko‘rganlar esa uni yashirishlari lozim bo‘ladi. Allohga ixlos bilan duo qilinadi”.

Qadr kechasi qaysi kun ekanligi borasida 46 ta fikr bor.

“Maroqil falah”da[3] aytiladi: “Ibn Mas’ud aytadilar: “Qadr kechasi yilning barchasida bo‘lishi mumkin. U kishining gaplarini Imom A’zam ham olib, yilning istalgan paytida aylanib yuradi. Goho ramazon, goho boshqa oy ham bo‘lishi mumkin. Buni Qozi Xon ham aytgan”.

Shomiy aytadilar: “Yuqoridagi gapni oriflar sultoni, janobim – Muhyiddin ibn Arabiy o‘zlarining “Futuhotul Makkiyya” asarlarida ham keltirganlar: “Laylatul qadr haqida insonlar turlicha fikrdadirlar. Ya’ni uning payti haqida. Ulardan ba’zilari yilning barchasida aylanib yuradi deyishgan. Men ham shu fikrdaman. Men uni Sha’bonda ham, Robi’ul avvalda ham, Ramazonda ham ko‘rganman. Ko‘proq ramazonning oxirgi 10 kunligida guvoh bo‘lganman. Yana ramazonning o‘rtadagi 10 kunligidagi toq bo‘lmagan kechada ham, toq bo‘lgan kechasida ham ko‘rganman. Men shuni aniq ishonch bilan ayta olamanki, yilning barchasida toq kechasida ham, juft kechasida ham kelaveradi”.

“Mabsut”da aytiladi: “Bu borada Abu Hanifaning mazhablari qadr kechasi ramazonda bo‘ladi, lekin u oldinga surilib yoki kechikib kelishi mumkin. Ikki sohiblari nazdida esa muqaddam ham bo‘lmaydi, kechikib ham kelmaydi”.

Uning alomati: oydin, sof, sokin; sovuq ham emas, issiq ham emas; qadr kechasining tongida quyosh nursiz tog‘orga o‘xshab qoladi.

Uning aniq kuni yashirin bo‘lishi: insonlar uni topishda, izlashda jiddu jahd qilsinlar, ibodatda mujtahidlar ajrini olsinlar.

Shavkoniy aytadilar: “Ulamolar uning qaysi kun ekanligi haqida ixtilof qildilar. “Fathul Boriy”da o‘sha fikrlar keltirilgan (undan boshqa yerda bu qavllar keltirilmagan), ularni qisqacha zikr qilib o‘tamiz:

1-Qovl: Qadr kechasi odamlar orasidan ko‘tarilgan, buni Mutavalliy Rofiziylardan rivoyat qilgan. Hanafiylardan ham shu gap kelgan. Men aytaman: bu asli yo‘q gap, hanafiylar kitoblarida bunaqa gap uchramaydi.

2-Qovl: Qadr kechasi faqat bir yil uchun xoslangan bo‘lib, Nabiy sallollohu alayhi vasallam zamonlarida yuz bergan. Fokuhoniy shu gapni aytgan.

3-Qovl: Qadr kechasi mana shu ummat uchun xoslangan. Molikiylardan bir jamoaning fikrlari.

4-Qovl: Yilning istalgan patida bo‘lishi mumkin. Bu hanafiylarning mashhur gaplari va salafi solihlarning bir jamosining fikri.

5-Qovl: U ramazonga xoslangan bo‘lib, uning barcha tunlarida sodir bo‘lishi mumkin.

6-Qovl: U muayyan va yashiringan bir tunda. Nasafiy shu fikrni aytgan.

7-Qovl: Ramazonning birinchi kechasida. Abu Roziyn Uqayliy Sahobiy aytgan.

8-Qovl: Ramazooning o‘rtasidagi bir kecha. Ibn Mulaqqin aytgan.

9-Qovl: Sha’bonning o‘rtasidagi bir kecha. Qurtubiy “Mufhim”da aytgan.

10-Qovl: Ramazonning 17 kechasida.

11-Qovl: Ramazonning o‘rtadagi 10 kunligida yashiringan.

12-Qovl: Ramazonning 18 kechasi.

13-Qovl: 19 kechasi.

14-Qovl: Oxirgi o‘n kunlikning birinchi kechasi. Shofe’iy shunga moil bo‘lganlar.

15-Qovl: Agar oy to‘liq bir oy bo‘lsa, 20 kuni, noqis bo‘lsa, 21 kuni.

16-Qovl: 22 kechasi.

17-Qovl: 23 kechasi. Bunga ko‘plab sahobiy va tobe’inlar ergashganlar.

18-Qovl: 24 kechasi.

19-Qovl: 25 kechasi. Ibn Javziy Abu Bakradan rivoyat qilgan.

20-Qovl: 26 kechasi. Men buni aniq bilmadim. Faqat Iyoz shu fikrni aytgan.

21-Qovl: 27 kechasi.

22-Qovl: 28 kechasi.

23-Qavl: 29 kechasi. Ibn Arabiy keltirgan.

24-Qovl: 30 kechasi. Iyoz aytgan.

25-Qovl: Oxirgi 10 kunlikning toq kunlarida. “Fath”da mana shu to‘g‘riroq deyilgan.

26-Qovl: Ramazonning oxirgi kechalarida.

27-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda ko‘chib yuradi. Abu Qaloba aytgan.

28-Qovl: Oxirgi 10 kunlikda, faqat ba’zi kechalar ba’zilaridan ko‘ra qadr bo‘lishi umid qilinadi.

29-Qovl: 27 kecha. Faqat 23 bo‘lishi umid qilinadi.

30-Qovl: 23 kecha. Faqat 27 bo‘lishi umid qilinadi.

31-Qovl: Oxirgi 7 kunlikning barchasida ko‘chib yuradi. Ahli ilmlar bundan nima nazarda tutilgani haqida ixtilof qildilar: oyning oxirgi 7 kunligimi yoki oydan sanaladigan oxirgi 7 kunmi? Bundan 32 qovl kelib chiqadi.

33-Qovl: Oxirgi 15 kunlikda ko‘chib yuradi. Abu Yusuf va Muhammaddan rivoyat qilingan.

34-Qovl: 16 yoki 17 kechada.

35-Qovl: 17, 19 yoki 21 kechada.

36-Qovl: Ramazoning birinchi yoki oxirgi kechasi.

37-Qovl: 19, 21 yoki 23 kechada.

38-Qovl: 1 yoki 9 yoki 17 yoki 21 yoki oxirgi kechada.

39-Qovl: 23 yoki 27 kechada

40-Qovl: 21 yoki 23 yoki 25 kechada.

41-Qovl: Oxirgi 27 kechaga cheklangan.

42-Qovl: 22 yoki 23 kechada.

43-Qovl: o‘rtadagi va oxirdagi 10 kulikning juft kechalarida.

44-Qovl: oxirgi o‘n kunlikning uchinchi yoki beshinchi kechasi.

45-Qovl: Oyning ikkinchi 15 kunligidagi 7 yoki 8 kecha.

46-Qovl: 1 yoki oxirgi yoki toq kechada bo‘lishi mumkin.

Hofiz Hajar Asqaloniy aytadilar: “Men oxirgi uchratgan qovlim mana shu. Ularning ba’zisi ba’zisini rad qilishi mumkin. Rojihrog‘i oxirgi 10 kunlikning toq kechalarida bo‘lib, ular ko‘chib yurishi mumkin. Shofe’iy nazdida 21 yo 23 bo‘lsa, jumhur nazdida ramazonning 27 kechasi deb zikr qilingan”.

Qadr kechasiga to‘g‘ri kelgan odamga zohiriy alomat bo‘ladimi yoki yo‘q, degan masalada ham ixtilof qildilar. Ba’zilar hamma narsa sajda qilgan holda ko‘rinadi, desa, ayrimlar hatto qorog‘u  yerda ham nur sochilib turadi, degan. Maloikalardan gap va salom eshitiladi, ham deb aytilgan. Tobariy bularning barchasi yuz beradigan ishlar emas deganlar. Biror narsani ko‘rish yoki eshitish shart qilinmagan.

Xulosa: Qadr kechasi turli kunlarda bo‘lishi, turli kechalarda aylanib yurishi haqidagi fikrlarni inobatga olsak, uni faqat 27 kechada kutmay, ramazonning oxirgi toq kunlari, imkon bo‘lsa ramazonning g‘animat barcha kechalaridan izlagan, ko‘proq ibodat, tilovat, istig‘for va tavblar qilib qolgan ma’qul. Agar Abu Hanifa rohimahullohning ijtihodlariga nazar solinsa, laylatul qadr yilning barchasida bo‘lishi mumkin. Balki, mana shu narsa avvalgi ulamolarimizni ko‘p toat-ibodat qilishga, bugun qadr kechasi bo‘lishi mumkin degan umidda sergak yurishlariga bir sabab bo‘lgandir... Vallohu A’lam!

 

Ahmad Saharonfuriyning “Bazlul majhud fiy halli

Sunani Abi Davud” kitobi asosida Nilufar Saidaziz qizi tayyorladi

 

[1] “Tafsiri Samarqandiy”

[2] Ibn Obidiyn

[3] 264 b

Boshqa maqolalar

Muftiy hazrat anjumanda oila mustahkamligi va farzand tarbiyasiga oid muhim tashabbuslarni ilgari surdilar

03.09.2026   55045   2 min.
Muftiy hazrat anjumanda oila mustahkamligi va farzand tarbiyasiga oid muhim tashabbuslarni ilgari surdilar

Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan anjuman asosiy qismida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar. Shuningdek, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Misr Vaqflar vaziri Usoma Azhariy, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Al-Azhar shayxi vakili Shayx Ayman Abdulg‘aniy, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari doktor Abdurrahmon ibn Abdulloh az-Zayd va Abu-Dabi Islom ishlari raisi, doktor Umar Habtur ad-Dari’iy kabilar nutq qildilar.

Muftiy hazratlari muhokama qilinayotgan oila, ayollar huquqi va farzand tarbiyasi masalasi g‘oyat dolzarb ekaniga urg‘u qaratdilar. Xususan, turli mintaqalarda oila instituti inqirozga yuz tutayotgani, yoshlarning oila qurishga qiziqishi pasayib, ajrashishlar soni ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bu sinov butun insoniyat oldida turgan umumbashariy muammoga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan Muftiy hazratlari tomonidan bir qator dolzarb takliflar ilgari surildi:

 – Qo‘shma fatvo ishlab chiqish: ilmiy asoslangan hamda ilg‘or tajribalarni o‘zida jamlagan qo‘shma fatvo ishlab chiqish zarurligi ma’lum qilindi. Ushbu hujjatni turli tillarga tarjima qilib, OAV, raqamli platformalar, ma’rifiy tadbirlar va juma xutbalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish ta’kidlandi.

– Yoshlarni oilaga tayyorlash dasturlari: turmush qurish ostonasida turgan yoshlarning diniy, milliy va ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgan maxsus kurslar va psixologik-ma’rifiy maslahat dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

– Fatvo markazlari va OAV hamkorligi: milliy qadriyatlar va islomiy ta’limotlarni   yoshlarga zamonaviy, ta’sirchan usullarda yetkazish uchun fatvo markazlari bilan OAV o‘rtasidagi hamkorlik lozimligiga e’tibor qaratildi.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ham bayon qilindi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Muftiy hazratlari tomonidan ilgari surilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oila institutini mustahkamlash borasidagi ishlarga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati