Ma’lumki mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida karantin tartiblari joriy etilgan. Shunga ko‘ra ta’lim muassasalarida karantin ta’tili e’lon qilingan bo‘lib, o‘quv-mashg‘ulotlari masofaviy ta’lim shaklida olib borilmoqda.
Shuningdek, talabalarning o‘quv yilini yakunlashi hamda bitiruvchi bosqich talabalarining yakuniy attestatsiyalari va bitiruv malakaviy ishi himoyalari ham masofaviy ta’lim shaklida o‘tkaziladi.
Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida tasdiqlangan qabul Nizomiga ko‘ra o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida abituriyentlardan hujjat qabul qilish 15 iyundan 5 iyulgacha, oliy diniy ta’lim muassasalarida esa 15 iyundan 15 iyulgacha o‘tkazilishi belgilangan.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida diniy ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish yuqorida qayd etilgan muddatlarda onlayn, masofaviy shaklda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalgi yillarda qabul imtihonlari o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida 3 ta fan (Chet tili, Tarix, Ma’naviyat va ma’rifat) bo‘yicha test sinovi shaklida;
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasida “Arab tili” fani bo‘yicha ijodiy imtihon, “Fiqh va aqoid”, “O‘zbekiston tarixi” fani bo‘yicha test sinovi shaklida;
Hadis ilmi maktabida “Hadis va mustalahul hadis”, “Arab tili” fani bo‘yicha ijodiy imtihon, “O‘zbekiston tarixi” fanidan test sinovi shaklida o‘tkazilgan edi.
Yurtimizda karantin tartiblari davom etayotgani va abituriyentlarga qulayliklar yaratish maqsadida 2020-2021 o‘quv yili uchun diniy ta’lim muassasalariga kirish test imtihonlarini istisno tariqasida fanlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamizki, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolar, oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilar qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari o‘tkazishning tasdiqlangan tartibi va qabul jarayonlariga oid ma’lumotlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar sahifalari orqali berib boriladi.
Salohiddin Sherxonov
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot
bo‘limi mudiri
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov