Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Aprel, 2025   |   26 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:30
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:16
Xufton
20:37
Bismillah
24 Aprel, 2025, 26 Shavvol, 1446

Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi?

15.05.2020   35886   3 min.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi?

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin.
Sevikli Payg‘ambarimizga salavotu durudlar bo‘lsin.

 

“Laylatul Qadr” “belgilash kechasi” degan ma’noni beradi. Yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda taqdir belgilanadigan kechadir.

Bu kecha haqida Alloh taolo: «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat) deb marhamat qilgan.

1000 oy – 84 yilga teng.

84 yil – 30000 kunga teng.

 

Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir a’robiy sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan qidiringlar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati) deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

 

Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.

Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil alayhissalom maskanidan) yerga tushadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyatlar).

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o‘tkazar edilar? Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).

 

Bu kecha gunohlar mag‘firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) dedilar.

 

Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.

Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: "Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy" (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin) (Imom Termiziy rivoyati).

 

Alloh taolo qiyomatga qadar keladigan barcha mo‘minlarning gunohini mag‘firat etsin. Hidoyatida bardavom qilsin!

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Amaliy seminar diniy sohadagi yangiliklarga bag‘ishlandi

24.04.2025   93   1 min.
Amaliy seminar diniy sohadagi yangiliklarga bag‘ishlandi

Bugun, 24 aprel kuni Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom-noiblari, otinoyilari bilan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonini o‘rganish bo‘yicha amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi. 
 

Mazkur seminarda soha mutaxassislari tinglovchilarga yangi farmon mazmun-mohiyatini sharhlash barobarida keyingi yillarda yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli ishlar, sohadagi so‘nggi yangiliklar haqida ma’lumot berishdi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Amaliy seminar diniy sohadagi yangiliklarga bag‘ishlandi Amaliy seminar diniy sohadagi yangiliklarga bag‘ishlandi Amaliy seminar diniy sohadagi yangiliklarga bag‘ishlandi Amaliy seminar diniy sohadagi yangiliklarga bag‘ishlandi
O'zbekiston yangiliklari