Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin.
Sevikli Payg‘ambarimizga salavotu durudlar bo‘lsin.
“Laylatul Qadr” “belgilash kechasi” degan ma’noni beradi. Yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda taqdir belgilanadigan kechadir.
Bu kecha haqida Alloh taolo: «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat) deb marhamat qilgan.
1000 oy – 84 yilga teng.
84 yil – 30000 kunga teng.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir a’robiy sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan qidiringlar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati) deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil alayhissalom maskanidan) yerga tushadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o‘tkazar edilar? Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Bu kecha gunohlar mag‘firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) dedilar.
Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: "Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy" (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin) (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo qiyomatga qadar keladigan barcha mo‘minlarning gunohini mag‘firat etsin. Hidoyatida bardavom qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hamdu sano olamlar Parvardigori, biz yashirayotgan va oshkora qilgan narsalarimizni biluvchi Alloh taologa bo‘lsin. Undan hech narsa maxfiy emas — yerda ham, osmonda ham. Uni shukr va hamdlar bilan yod etamiz. Kimki o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalarning ayblariga qaramaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, U zotning oila a’zolari va sahobalariga Allohning salomu duolari bo‘lsin.
Ey musulmonlar! Allohdan qo‘rqinglar va o‘zingizni g‘iybat va chaqimchilik halokatiga tashlamanglar. Chunki bu ikki illat birodarlik aloqalari va islomiy bag‘rikenglik uchun katta xavf soluvchi, jirkanch sifatlardandir. Ular qaysi jamiyatda keng tarqalsa, o‘sha jamiyatning birligi parchalanadi, dillar orasida muhabbat o‘rniga adovat paydo bo‘ladi, dushmanga qarshi madadsiz qolingan bo‘ladi.
Chaqimchilik — bir odamning gapini boshqasiga yetkazib, ular o‘rtasini buzishga harakat qilishdir. Bu illat qancha falokatlar keltirib chiqargan, qancha do‘stlikni parchalagan, muhabbatni nafratga aylantirgan! Shundan kelib chiqib ulamolar buni sehr deb ataganlar.
Chaqimchilikdan saqlanaylik! U pastkash insonlarning odatidir. U yomonliklarni tarqatadi, sirlarni fosh qiladi, katta isyonlarga sabab bo‘ladi. Kimki sizga chaqimchilik qilsa, bilingki, u siz haqingizda ham boshqalarga chaqimchilik qiladi.
G‘iybat — birodaringizni uni yo‘qligida o‘zining yoqtirmaydigan narsalari bilan tilga olishdir — uning xulqi yoki qiyofasi haqida bo‘lsa ham. Hatto o‘sha narsa unda haqiqat bo‘lsa ham, bu — g‘iybat. Agar unda bo‘lmasa, bu tuhmat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan g‘iybat haqida so‘ralganda: G‘iybat — birodaringizni u yoqtirmaydigan holatda tilga olishingdir, dedilar. — Agar men aytganim u kishida bo‘lsa-chi? — deb so‘raldi. — Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgansan. Agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgansan, — dedilar.
G‘iybatdan saqlanaylik! Bu gunohni kichik deb bilmaylik. Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Safiya onamiz haqida bir so‘z aytganlar, ya’ni — “U pakana”, deganlar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen hozir shunday so‘z aytdingki, agar uni dengiz suviga aralashtirsang, uni bulg‘ashga yetar edi!”, deganlar.
G‘iybat va chaqimchilik — qabr azobining sabablaridandir. Rasululloh alayhissalom aytdilar: «Meni me’rojga olib chiqishganida, tirnoqlari misdan bo‘lgan insonlarni ko‘rdim, o‘z yuzlari va ko‘kraklarini tirnar edilar. Jabroildan so‘radim: “Bular kimlar?” Jabroil: “Bular insonlarning go‘shtini yeganlar va ularning sharaflariga tajovuz qilganlardir”, dedilar».
Boshqa musulmonlarning obro‘larini hurmat qilaylik! Rasululloh alayhissalom Xajjatul Vado’da: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz — bir-biringizga harom, bu kun, bu oy, va bu shaharingizning hurmati kabi” deb aytdilar.
Alloh bunday deydi: “Albatta, mo‘minlar orasida fahsh ishlar tarqalishini xohlaydiganlarga dunyo va oxiratda alamli azob bo‘ladi. Alloh biladi, sizlar bilmaysizlar”.
Alloh taolo bizlarni Qur’oni karim va Rasulining sunnatlariga muvofiq hayot kechirishimizni nasib etsin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV