Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin.
Sevikli Payg‘ambarimizga salavotu durudlar bo‘lsin.
“Laylatul Qadr” “belgilash kechasi” degan ma’noni beradi. Yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda taqdir belgilanadigan kechadir.
Bu kecha haqida Alloh taolo: «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat) deb marhamat qilgan.
1000 oy – 84 yilga teng.
84 yil – 30000 kunga teng.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir a’robiy sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan qidiringlar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati) deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil alayhissalom maskanidan) yerga tushadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o‘tkazar edilar? Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Bu kecha gunohlar mag‘firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) dedilar.
Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: "Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy" (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin) (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo qiyomatga qadar keladigan barcha mo‘minlarning gunohini mag‘firat etsin. Hidoyatida bardavom qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
1. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, eng afzal amalni ado etgan bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan “Eng afzal amal qaysi?” deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, deganlar.
2. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, shayton qulog‘iga bavl qilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tong otganda uxlab yotib, namozga turmagan bir kishi haqida aytishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning qulog‘iga shayton bavl qilibdi”, deganlar.
3. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, o‘sha kungi rizqiga baraka kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin”, deb duo qilardilar.
4. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, Allohning zimmasida bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qisa, Allohning ahdi va omonida (zimmasida)dir. Alloh sizlarni hargiz ahdini zoye qilgan holda topmasin”, dedilar.
5. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi”, deganlar.
6. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, munofiqlikdan uzoq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir”, deganlar.
7. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, bu dunyo va undagi narsalardan eng yaxshisi ega bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar.
Davron NURMUHAMMAD