Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Boylikka baraka kiritadigan ibodat

14.05.2020   2941   7 min.
Boylikka baraka kiritadigan ibodat

Muqaddas dinimiz buyurgan har bir farz amal zamirida ulkan hikmat mujassam. Ayrim farzlar faqat egasiga foyda keltirsa (namoz, ro‘za, haj), ba’zilari ham egasiga, ham jamiyatga manfaatli bo‘ladi. Bunga misol qilib zakotni keltirish mumkin.

Yuzaki yondashganda, zakot, axir, chiqim bo‘lsa, ya’ni nisobga yetgan molning, boylikning qirqdan biri haqdorlarga berilsa, undan qanday foyda bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Lekin chuqurroq tahlil qilinsa, zakot tufayli Alloh taolo zakot beruvchining moliga, boyligiga baraka kiritib, turli ofatlardan asraydi.
Bugungi sharoitda, ya’ni butun dunyo aholisi, shu jumladan, mamlakatimizda ham koronavirusga qarshi keng kurashilayotgan paytda zakot berishning, xayr-u ehson qilishning ahamiyati qandayligini ko‘rib turibmiz. Besh barmoq teng emas. Kimdir boy bo‘lsa, kimdir – ehtiyojmand. Ana shunday vaziyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishi muhim. Buning uchun dinimiz amri bo‘lgan zakotni haqdorlarga yetkazib berish zarur.
Islom dinining besh arkonidan biri bo‘lgan zakot hijratning ikkinchi yili, Ramazon ro‘zasidan oldin farz qilingan. Qur’oni Karimda «zakot» so‘zi o‘ttizdan ortiq joyda zikr qilingan bo‘lsa, shulardan yigirma yettitasida namoz bilan yonma-yon kelgan.
Misol uchun, Qur’oni Karimda: «Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz va ruku’ qiluvchilar (namozxonlar) bilan birga ruku’ qilingiz (namoz o‘qingiz)» (Baqara surasi, 43-oyat); «Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) yo‘ldir» (Bayyina surasi, 5-oyat).
Alloh taolo Kalomi majidida namoz bilan zakotni yonma-yon zikr qilishi bejiz emas. Chunki namoz – Alloh taoloning haqi bo‘lsa, zakot bandaning haqidir. Shu bois, bu ikkisiga rioya qilish orqali Allohning buyrug‘iga itoat etgan bo‘lamiz. Namoz – badaniy ibodat, zakot esa – moliyaviy ibodat.
Uch narsa uch narsa bilan mukammal bo‘ladi. Birinchisi, namoz o‘qib, imkoni bo‘la turib, zakot bermasa, gunohkor bo‘ladi. Bejiz Alloh taolo: «Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz» (Baqara surasi, 34-oyat) demadi.
Ikkinchisi, oyati karimada: «Ey imon keltirganlar! Allohga va Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz» (Niso surasi, 59-oyat), deb marhamat qilingan. Demak, Allohga itoat etib, Payg‘ambarga itoat etmasak, boshliqlarga, rahbarlarga bo‘ysunmasak (yaxshilik yo‘lida), Alloh taolo toat-ibodatlarimizni qabul qilmaydi.
Uchinchisi, Alloh taolo marhamat qiladi: «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin!» (Luqmon surasi, 14-oyat). Demak, kim Allohga shukr qilib, ota-onasiga rahmat aytmasa, ularning qadriga yetmasa, Alloh taolo uning shukrini qabul qilmaydi.
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytadilar: «Mollaringizni zakot bilan himoyalanglar! Bemorlaringizni sadaqa bilan davolanglar! Duo bilan balolardan yiroq bo‘linglar!» (Imom Tabaroniy rivoya­tlari).
Ushbu hadisi sharifni bugungi kun nuqtayi nazaridan tahlil qilsak. Xabarimiz bor, Prezidentimiz tashabbuslari bilan umumxalq harakatiga aylangan «Saxovat va ko‘mak» tadbirlari ayni paytda keng quloch yoymoqda. Bundan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ehtiyojmand fuqarolar juda xursand bo‘lishyapti.
Har bir ezgu ishga har doim shay bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Idoraning viloyatlardagi vakilliklari tomonidan qurbonliklar so‘yilib, o‘zgalar qaramog‘iga muhtoj kishilarga tarqatildi. Shuningdek, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida ko‘plab xayr­­li ishlar amalga oshirilayotir.
Mashoyixlarning aytishlaricha, to‘rt narsa to‘rt narsaga bog‘liq ekan: 1) kim molidan zakot bermasa, Alloh taolo uning molini ofatlardan saqlamaydi; 2) kim ushr bermasa, Alloh taolo uning kasbiga baraka ato etmaydi; 3) kim sadaqa bermasa, Alloh taolo unga ofiyat bermaydi; 4) kim duo qilmasa, Alloh taolo uni ijobat qilmaydi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: zakot kimlarga farz?
O‘zbekiston musulmonlari idorasi har yilgi zakot nisobini 20 misqol tilla nisobiga ko‘ra hisoblab, e’lon qiladi. 20 misqol tillo hozirgi kunda 85 gramm tillaga teng ekan. Demak, tillaning nisobi 85 gramm bo‘lib, shuncha tillasi bor odamga zakot farz bo‘ladi. Yoki 85 gramm tillaning qiymatiga teng mablag‘i, mahsuloti bor odamga uning zakoti farz bo‘ladi. Kumushning ham nisobi bo‘lib, ilgari 200 dirham bo‘lgan. Hozir hisob bo‘yicha 200 dirham kumush 595 grammga teng.
Bu yilgi, ya’ni 2020 yil uchun zakot nisobi 21 250 000 so‘m deb belgilandi. Ushbu qiymatning qirqdan biri, ya’ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 so‘mga teng. Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan birini haqdorlarga berishi farzdir.
Zakot beradigan kishilarni bilib oldik. Endi zakot olishga haqdorlar haqida ham to‘xtalsak.
Qur’oni karimda: «Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshno qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lidagilar hamda yo‘lovchilarga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli Zotdir» (Tavba surasi, 60-oyat) deyiladi.
Ushbu oyati karimada zakot beriladigan sakkiz toifa bayon qilingan:

  1. faqirlar – nisobga yetmaydigan narsasi bor kishi;
  2. miskin – hech narsasi yo‘q kishi;
  3. sadaqa yig‘uvchi – atroflardan zakotlarni yig‘ib, kuchini, vaqtini shunga sarf qiladigan kishilar. Shu xizmatlariga yarasha yig‘ilgan zakotdan ma’lum miqdorda ularga berish mumkin;
  4. qalblarini Islomga moyil qilish – ba’zi qabila boshliqlariga zakotdan ulush berish. Payg‘ambar alayhissalom vaqtlarida Ul Zot xuddi shunday qilganlar;
  5. bo‘yinlarini qullikdan ozod qilish. Mukotab qulning ozod bo‘lishi uchun beriladi. Mukotab: xo‘jayini bilan ma’lum miqdordagi mablag‘ni to‘lash evaziga ozod bo‘ladigan qul;
  6. qarzdor kishi. Gardanida katta qarzi bor, to‘lashga mablag‘i yo‘q kishi;
  7. Alloh yo‘lidagi mo‘min. Bunga Alloh uchun, uning yo‘lida yurganlar kiradi;
  8. yo‘lovchi musofirlarga. O‘zga yurtda yurgan musofir kiradi. Agar o‘z yurtida ko‘pgina mablag‘i bo‘lsa ham.
    Mana shu yuqoridagi sakkiz toifa haqdorlardan biriga yoki bir nechtasiga xohlagancha zakot bersa bo‘ladi.
    Zakotning foydalari juda ko‘p. Bu dunyoda molni balo-ofatlardan asrashini, boylikka baraka kiritishini yuqorida aytib o‘tdik. Oxiratdagi ajri esa ixlosimizga qarab ortib boraveradi.
    Alloh taolo Firdavs jannatiga merosxo‘r bo‘ladigan mo‘minlarning sifatlarini Mo‘minun surasida bayon qilib, jumladan, «Ular zakotni ado qilguvchilardir», deb marhamat qiladi.
    Hadisi sharifda: «Siz (ey mo‘minlar) Allohdan Firdavs jannatini so‘rang, chunki u – jannatlarning eng a’losidir», deyilgan.
    Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! Barcha ibodatlarimizni O‘z dargohida qabul qilsin!

 

Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Manba: Ishonch  gazetasi I https://ishonch.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3848   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.