Muqaddas dinimiz buyurgan har bir farz amal zamirida ulkan hikmat mujassam. Ayrim farzlar faqat egasiga foyda keltirsa (namoz, ro‘za, haj), ba’zilari ham egasiga, ham jamiyatga manfaatli bo‘ladi. Bunga misol qilib zakotni keltirish mumkin.
Yuzaki yondashganda, zakot, axir, chiqim bo‘lsa, ya’ni nisobga yetgan molning, boylikning qirqdan biri haqdorlarga berilsa, undan qanday foyda bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Lekin chuqurroq tahlil qilinsa, zakot tufayli Alloh taolo zakot beruvchining moliga, boyligiga baraka kiritib, turli ofatlardan asraydi.
Bugungi sharoitda, ya’ni butun dunyo aholisi, shu jumladan, mamlakatimizda ham koronavirusga qarshi keng kurashilayotgan paytda zakot berishning, xayr-u ehson qilishning ahamiyati qandayligini ko‘rib turibmiz. Besh barmoq teng emas. Kimdir boy bo‘lsa, kimdir – ehtiyojmand. Ana shunday vaziyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishi muhim. Buning uchun dinimiz amri bo‘lgan zakotni haqdorlarga yetkazib berish zarur.
Islom dinining besh arkonidan biri bo‘lgan zakot hijratning ikkinchi yili, Ramazon ro‘zasidan oldin farz qilingan. Qur’oni Karimda «zakot» so‘zi o‘ttizdan ortiq joyda zikr qilingan bo‘lsa, shulardan yigirma yettitasida namoz bilan yonma-yon kelgan.
Misol uchun, Qur’oni Karimda: «Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz va ruku’ qiluvchilar (namozxonlar) bilan birga ruku’ qilingiz (namoz o‘qingiz)» (Baqara surasi, 43-oyat); «Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) yo‘ldir» (Bayyina surasi, 5-oyat).
Alloh taolo Kalomi majidida namoz bilan zakotni yonma-yon zikr qilishi bejiz emas. Chunki namoz – Alloh taoloning haqi bo‘lsa, zakot bandaning haqidir. Shu bois, bu ikkisiga rioya qilish orqali Allohning buyrug‘iga itoat etgan bo‘lamiz. Namoz – badaniy ibodat, zakot esa – moliyaviy ibodat.
Uch narsa uch narsa bilan mukammal bo‘ladi. Birinchisi, namoz o‘qib, imkoni bo‘la turib, zakot bermasa, gunohkor bo‘ladi. Bejiz Alloh taolo: «Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz» (Baqara surasi, 34-oyat) demadi.
Ikkinchisi, oyati karimada: «Ey imon keltirganlar! Allohga va Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz» (Niso surasi, 59-oyat), deb marhamat qilingan. Demak, Allohga itoat etib, Payg‘ambarga itoat etmasak, boshliqlarga, rahbarlarga bo‘ysunmasak (yaxshilik yo‘lida), Alloh taolo toat-ibodatlarimizni qabul qilmaydi.
Uchinchisi, Alloh taolo marhamat qiladi: «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin!» (Luqmon surasi, 14-oyat). Demak, kim Allohga shukr qilib, ota-onasiga rahmat aytmasa, ularning qadriga yetmasa, Alloh taolo uning shukrini qabul qilmaydi.
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytadilar: «Mollaringizni zakot bilan himoyalanglar! Bemorlaringizni sadaqa bilan davolanglar! Duo bilan balolardan yiroq bo‘linglar!» (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifni bugungi kun nuqtayi nazaridan tahlil qilsak. Xabarimiz bor, Prezidentimiz tashabbuslari bilan umumxalq harakatiga aylangan «Saxovat va ko‘mak» tadbirlari ayni paytda keng quloch yoymoqda. Bundan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ehtiyojmand fuqarolar juda xursand bo‘lishyapti.
Har bir ezgu ishga har doim shay bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Idoraning viloyatlardagi vakilliklari tomonidan qurbonliklar so‘yilib, o‘zgalar qaramog‘iga muhtoj kishilarga tarqatildi. Shuningdek, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotir.
Mashoyixlarning aytishlaricha, to‘rt narsa to‘rt narsaga bog‘liq ekan: 1) kim molidan zakot bermasa, Alloh taolo uning molini ofatlardan saqlamaydi; 2) kim ushr bermasa, Alloh taolo uning kasbiga baraka ato etmaydi; 3) kim sadaqa bermasa, Alloh taolo unga ofiyat bermaydi; 4) kim duo qilmasa, Alloh taolo uni ijobat qilmaydi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: zakot kimlarga farz?
O‘zbekiston musulmonlari idorasi har yilgi zakot nisobini 20 misqol tilla nisobiga ko‘ra hisoblab, e’lon qiladi. 20 misqol tillo hozirgi kunda 85 gramm tillaga teng ekan. Demak, tillaning nisobi 85 gramm bo‘lib, shuncha tillasi bor odamga zakot farz bo‘ladi. Yoki 85 gramm tillaning qiymatiga teng mablag‘i, mahsuloti bor odamga uning zakoti farz bo‘ladi. Kumushning ham nisobi bo‘lib, ilgari 200 dirham bo‘lgan. Hozir hisob bo‘yicha 200 dirham kumush 595 grammga teng.
Bu yilgi, ya’ni 2020 yil uchun zakot nisobi 21 250 000 so‘m deb belgilandi. Ushbu qiymatning qirqdan biri, ya’ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 so‘mga teng. Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan birini haqdorlarga berishi farzdir.
Zakot beradigan kishilarni bilib oldik. Endi zakot olishga haqdorlar haqida ham to‘xtalsak.
Qur’oni karimda: «Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshno qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lidagilar hamda yo‘lovchilarga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli Zotdir» (Tavba surasi, 60-oyat) deyiladi.
Ushbu oyati karimada zakot beriladigan sakkiz toifa bayon qilingan:
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Manba: Ishonch gazetasi I https://ishonch.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan