Dinimizda rostgo‘ylik yuksak insoniy fazilatlardan hisoblanadi. Rostgo‘ylik, ahdga vafo va omonatdorlik jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Rostgo‘ylik yo‘q joyda o‘zaro ishonch va sadoqat yo‘qoladi. Agar bunday xislatlar hayotimizdan yo‘qolib boraversa, o‘zaro ishonchsizlik kuchayib, insonlar orasiga adovat urug‘ini tashlaydi. Natijada jamiyatda turli hil muammolar yuzaga keladi. Jamiyat taraqqiyot yo‘lidan ilgarilab borishi uchun uni tashkil etuvchi fuqarolar o‘zaro ishonch bilan, bir-birini qo‘llab-quvvatlab yashashi lozim. Bu xislatlar hayotning bir maromda davom etishini ta’minlaydi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloh subhanahu va taolo insoniyatga yuborgan payg‘ambarlarning xulqlarida ko‘zga tashlanib turadigan ulug‘ hislatlardan biri rostgo‘ylik va sadoqat edi. Aksincha, yolg‘onchilik, ishonchsizlik va xiyonat kabi illatlar payg‘ambarlarga yot bo‘lgan.
Alloh taolo: “Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz”, deb marhamat qiladi. Demak, mo‘min-musulmonlar, avvalo Alloh taolodan qo‘rqishga, so‘ngra iymonida rostgo‘y insonlar bilan birga bo‘lishga buyurilmoqda.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi rost so‘zlab yuradi. Hattoki, Alloh huzurida siddiq (rostgo‘y) deb yoziladi. Yolg‘onchilik yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi. Kishi yolg‘on so‘zlab yuradi. Hattoki, Alloh huzurida kazzob (yolg‘onchi) deb yoziladi”, dedilar (Muttafaqun alayhi).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning o‘rtasini ajratib berib, har birining olib boradigan manzilini ham ta’kidlab keltirmoqdalar. Har bir mo‘min-musulmon Robbisining huzurida siddiq (rostgo‘y) deb yozilmoqligi uchun yolg‘onchilikdek dinimizda katta gunoh bo‘lgan ishlardan o‘zini saqlamoqligi lozim ekan.
Rostgo‘ylik va sadoqat jamiyat uchun ham juda zarur. Qaysi jamiyatda ahdga vafo, sadoqat va rostgo‘ylik keng yoyilsa, ana shu jamiyat isloh topib, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonch ortadi, mehr-oqibat kuchayadi, oldi-berdi va savdo-sotiq ishlarida xiyonat va aldamchilik barham topadi.
Alloh subhanahu va taolo barchalarimizni gunoh ishlardan o‘zi saqlab, dunyo va oxiratimizga manfaatli bo‘ladigan amallarga yo‘llasin amin.
M.Muhammadjonov,
Uchko‘prik tumani “Kushki turkon” masjidi imom-noibi
Manbalar asosida tayyorlandi
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yoki tez ovqat yeyish bo‘yicha “musobaqa”lar ommalashib bormoqda. Ba’zilar buni shunchaki qiziqarli shou deb bilsa, boshqalar uni rekord o‘rnatish vositasi sifatida qabul qiladi. Biroq Islom ta’limotida ham, zamonaviy tibbiyotda ham inson organizmini zo‘riqtirishi va isrofga yo‘l qo‘yishi taqiqlanadi.
Islom me’yorni buyuradi
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Ushbu oyat nafaqat ovqatning halol bo‘lishini, balki uning miqdori ham me’yorda bo‘lishi lozimligini anglatadi. Zero, ortiqcha ovqat yeyish ham isrofning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu oyat “butun tib ilmini o‘zida jamlagan oyat” deya hatto g‘ayridinlar tomonidan e’tirof etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga qaddini tutib turadigan bir necha luqma kifoya. Juda bo‘lmasa (oshqozonining) uchdan birini taomiga, uchdan birini ichimligiga, uchdan birini nafasiga (havoga) ajratsin”, dedilar (Imom Temiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis sog‘lom ovqatlanishning eng qisqa va mukammal dasturi sanaladi.
Ibn Sino: “Kasallikning ikkita sababi bor. Biri ko‘p yeyish, ikkinchisi to‘q qoringa yeyish”, degan.
Ilmiy fakt: oshqozon to‘yganini darhol bildirmaydi
Inson ovqatlanayotganda to‘yish haqidagi signallar oshqozondan miyaga taxminan 15-20 daqiqa ichida yetib boradi. Shu sababli juda tez ovqatlangan odam ehtiyojidan ancha ko‘p ovqat iste’mol qiladi.
Tadqiqotlarda tez ovqatlanuvchi insonlarda ortiqcha vazn, semirish, 2-tur qandli diabet xavfi yuqori ekani aniqlangan.
Oshqozonning imkoniyati cheklangan
Oddiy holatda inson oshqozonining hajmi taxminan 1-1,5 litr atrofida bo‘ladi. U ma’lum darajada kengayishi mumkin, ammo qisqa vaqt ichida bir necha litr ovqat va suyuqlik qabul qilish oshqozon devorini zo‘riqtiradi. Ko‘p ovqat yeyish esa, oshqozonning haddan tashqari kengayishi, oshqozon harakatining vaqtincha to‘xtab qolishi, hatto oshqozon yorilishi kabi o‘limga olib keladi.
Aniq fakt: xot-dog yeyish musobaqalarida o‘lim holatlari kuzatilgan
Tez ovqat yeyish musobaqalarida eng katta xavflardan biri – bo‘g‘ilish.
Xot-dog, gamburger yoki katta bo‘lakli go‘shtni juda tez yutish natijasida ovqat nafas yo‘liga tushishi mumkin. Bunday musobaqalar vaqtida bo‘g‘ilish sababli bir qancha ishtirokchilar vafot etgani kuzatilgan.
Yurak va qon aylanishiga ta’siri
Katta hajmdagi ovqat hazm qilinishi uchun hazm tizimiga ko‘proq qon yuboriladi. Bu holat yurak urishining tezlashishiga, qon bosimining o‘zgarishiga va yurak ishining og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlarda bu holat yanada xavfli.
Inson tanasi – omonat
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Senda tanangning ham haqqi bor”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, inson tanasi bilan tajriba o‘tkazish, uni ko‘ngilochar musobaqalar uchun zo‘riqtirish Islomning inson salomatligini asrash tamoyiliga ziddir. Shuning uchun, inson o‘z joniga ham, tanasiga ham qasddan zarar yetkazmasligi lozim.
Xulosa
Mo‘min kishi ovqatni nafsni qondirish yoki rekord qo‘yish uchun emas, balki Robbisiga ibodat qilishga quvvat bo‘lishi maqsadida, me’yor bilan iste’mol qiladi. Chunki me’yor – Islomning go‘zal fazilatlaridan biri, salomatlik esa Allohning eng katta ne’matlaridandir.
Davron NURMUHAMMAD