Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki, bu hayotni unga Alloh subhonahu va taolo ravo ko‘rdi va shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi – katta marhamat va ne’mat! Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qiladi. Ammo noshukrlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin. Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, unga son-sanoqsiz ne’matlar va tuganmas yaxshiliklarni ato qildi. Bu ne’mat va yaxshiliklari bilan insonni boshqa yaratilganlardan afzal qildi. Agar bandalar shukr qilsalar, ularga ne’matlarini ziyoda qilishini va’da qildi va itoat qilsalar bu ne’matlar davomiyligi va boqiyligining kafolatini berdi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qildi: “Ey, iymon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).
Shukrning fazilatlaridan yana biri shuki, inson shukr qilsa, rizqi yana ziyodalashadi. Bu haqda hazrati Ali roziyallohu anhu shunday deganlar: “Ne’mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog‘langandir. Modomiki, banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom bo‘ladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shukr qiluvchi kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat, qanoat, sabr kabi axloqlar mavjud bo‘ladi. Bu axloqlar esa insonni dunyo va oxirat saodatiga boshlaydi. Hozirgi kunda yer yuzining ba’zi joylarida bo‘lib turgan turli xil ofat va balolar haqida eshitib, ko‘rib turibmiz. Har kuni har xil voqealari sodir bo‘layotgan joyda insonlar uy qurarmidi, to‘y qilarmidi yoki xalqining ko‘ngliga xursandchilik sig‘armidi?! Shunday yurtlar borki, uzoq yillardan beri hali hanuz u yurtlarda tinchlik yo‘q. Tug‘ilgan farzand urush o‘chog‘ida tug‘ilib, katta bo‘lmoqda, uylanmay turib vafot etayotganlar qancha?! Alloh taolo barchamizni boriga shukr qiluvchi va har qanday holatda sabr qiluvchi bandalaridan aylasin, boshiga bir mashaqqat yo musibat tushganida O‘ziga yolvoruvchi va O‘zidan yordam kutuvchi taqvoli bandalari safidan joy bersin, O‘zi va’da qilganiday shukrimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarini ato etsin!
Rashidjon NURALIYEV,
Furqat tumani “Chiligijiyda” masjidi imom-xatibi
Hazrati Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki bu oyning har bir soatida do‘zaxdan ozodlik bor” (Daylamiy rivoyati. Al-Firdavs (81/1. 247).
أَسْتَغْفِرُ اللهَ
O‘qilishi: “Astag‘firulloh”.
أَسْتَغْفِرُ اللهَ وَأَتُوبُ
O‘qilishi: “Astag‘firulloha va atuubu ilayh”.
أَستغفِرُ اللهَ الَّذي لا إلَهَ إلَّا هو الحيُّ القيُّومُ وأَتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qayyum va atuubu ilayhi”.
رَبِّ اغْفِرْ لِي وَتُبْ عَلَيَّ إِنَّكَ أَنْتَ التَّوَّابُ الرَّحِيمُ
O‘qilishi: “Robbig‘fir liy va tub ’alayya innaka antat tavvaabur rohiym”.
سُبْحَانَكَ وَبِحَمْدِكَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanaka va bihamdika astag‘firuka va atuubu ilayk”.
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ أَسْتَغْفِرُكَ وَأَتُوبُ إِلَيْكَ
O‘qilishi: “Subhaanakallohumma va bihamdika ashhadu allaa ilaha illaa anta astag‘firuka va atuubu ilayk”.
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
O‘qilishi: “Allohumma innaka afuvvun kariymun tuhibbul afva fa’fu ’anniy”.
أَللَّهُمَّ مَغْفِرَتُكَ أَوْسَعُ مِنْ ذُنُوبِي وَرَحْمَتُكَ أَرْجَى عِنْدِي مِنْ عَمَلِي
O‘qilishi: “Allohumma mag‘firotuka avsa’u min zunuubiy va rohmatuka arjaa ’indiy min ’amaliy”.
أسْتغفرالله ربي من كلّ ذنبٍ وأتوبُ إليه
O‘qilishi: “Astag‘firulloha Robbiy min kulli zanbin va atuubu ilayh”.
Davron NURMUHAMMAD