Alloh taologa hamd va sanolar, Rasulimiz Muhammadga salavot va salomlar bo‘lsin. Ammo ba’d.
Darhaqiqat, Ramazon eng ulkan xayriyat mavsumidir. Unda nafs sayqallanadi, qalb o‘z Xoliqiga yaqinlashadi. Unda jannat eshiklari ochiladi. Ergashib najot topadiganimiz Qur’oni karim Ramazonda nozil bo‘ldi. Ro‘za uchun beriladigan mukofotni esa Undan o‘zga hech kim bilmaydi. Bu ibodatni Rabbisi talab qilgandek bajarib, va’da qilingan mukofotga erishish uchun inson tutayotgan ro‘zasining mohiyati va falsafasini anglashi zarur. Keling, uning ba’zi haqiqatlarini qisqacha o‘rganishga harakat qilamiz.
Insoniyatni zulmatlardan nur sari yetaklagan, unga yangi hayot bahsh etgan, o‘ziga ergashganlarni bir ummat sifatida shakllantirgan, adolat mezoni, dunyo va oxirat mash’ali, qalblar taskini, nafslar murabbiysi, zohir-u botinning shifosi, ruh-u badanning tabibi, tilovati zikr va Haq taolo bilan so‘zlashish vositasi bo‘lgan boqiy kitob Qur’oni karimni nozil qilish uchun Alloh taolo aynan Ramazoni sharifni tanlagan.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ramazon oyining ilk tuni bo‘lganda jannat eshiklari ochiladi, oy mobaynida uning biror eshigi yopilmaydi. Do‘zax eshiklari yopiladi, butun oy davomida uning biror eshigi ochilmaydi. Jinoyatchi jinlar bog‘lanadi. Osmondan bir nido qiluvchi: “Istig‘for aytuvchi bormi, mag‘firat qilinsa! Tavba qiluvchi bormi, Alloh tavbasini qabul qilsa! Duo qiluvchi bormi, ijobat qilinsa! So‘raguvchi bormi, so‘ragani berilsa!” deb nido qiladi. Ramazon oyining har bir tunida iftorlik paytida Uning Do‘zaxdan ozod qiladigan oltmish mingta quli bordir. Fitr (oxirgi kuni) bo‘lganda Alloh butun oyda o‘ttiz marta oltmish ming oltmish mingdan ozod qilgan miqdorichalik qullarni ozod qiladi”[1].
Ramazon oyi go‘zal oy. Unda Alloh bandalariga O‘z rahmatini namoyish qiladi. Jannat haridorlari osmonlar-u yerni yaratayottganda hisobni bilishimiz uchun oylarni o‘n ikkita qilgan Zotga ibodat qilish ila o‘z xazinalarini boyitishadi. Oldin ko‘rgan zararlari o‘rnini qoplaydilar. Bu muqaddas kunlarda Parvardigorning mag‘firati boshqa vaqtlardagiga qaraganda yanada mavj uradi, ijobat eshiklarining ikki tavaqasi ham keng ochiladi.
Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Sizlarga baraka oyi bo‘lmish Ramazon keldi. Unda Alloh sizlarni (rahmati ila) qamrab olib, rahmat nozil qiladi, xatolarni o‘chiradi, duolarni ijobat qiladi. Alloh sizlar u oyda (ibodat qilishda) musobaqa qilishingizga nazar soladi. Sizlar bilan O‘z farishtalariga maqtanadi. Bas, Allohga o‘zingizdan yaxshilikni ko‘rsating. Ta’kidki, (haqiqiy) badbaxt unda Allohning rahmatidan mahrum bo‘lgan (kimsa)dir”[2].
Shayx Mustafo Sibo’iy ro‘zaning maqsadlari haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday deydi: “Bu muborak oyda ba’zi odamlar tonggacha suhbatlashib chiqishga odatlanib qolishdi, iftorlik dasturxonlarini tayyorlashda mubolag‘a qilishadi, u oyni hashamat va farovonlik bilan to‘ldiradilar. Bu ko‘rinishlar ba’zi taqvodor insolarni hursand ham qiladi. Bu ishlarni musulmonlarning qalblarida islom mustahkam o‘rnashganiga dalil sifatida ham keltirishadi. Ro‘zaning haqiqati kunduzi och yurish, taqvoning haqiqati masjidlar namozxonlar bilan to‘lishi deb bilishadi. Ro‘za, bular bilan birgalikda, ummatning irodasini mustahkamlash uchun yo‘ldir. Ro‘zador muboh lazzatga qarshi kurashish orqali harom lazzatlardan tiyilishga qodir bo‘ladi. U ixtiyoriy ravishda taom va ichimlikdan o‘zini ma’n qilish orqali majburiy holatda sabr qilishga o‘rganadi.
Qadrli yosh ro‘zador do‘stlarim, sizlar ochlik azobi, tashnalik shiddatini yelkangizga oldingiz. Ota-onangiz bilan ro‘za tutish orqali o‘zingizning erkakligingizni e’lon qilib, irodangizni mustahkamlab oldingiz. Ey ro‘zador avlod, sizlarga barvaqt erkaklik va metin iroda muborak bo‘lsin! Allohga qasamki, sizlar ertaning erkaklarisiz. Boshqa diyorlar kurash maydonidan oldin o‘z nafsi oldida mag‘lub bo‘lganlar qo‘lida zarar ko‘rgan paytda, vataningiz sizning qo‘lingizda ustun bo‘ladi.
Ey ro‘zadorlar, sizlar nafsning jang maydonlaridan biridasiz. Unda moddiyat va ruh o‘rtasida jang avjiga chiqadi. Mag‘lub bo‘lishdan hazir bo‘ling! Tunda qorinni to‘ldirish uchun kunduzi och yurishdan ehtiyot bo‘ling!”[3]
Ramazon oyidagi iymoniy tuhfalar bizga sanoqli kunlarda beriluvchi juda noyob fursatdir. Aqlli inson bunday mavsumlarini g‘animat biladi. Axir, Alloh taolo: “Ularga Allohning kunlarini eslat! Albatta, bunda har bir o‘ta sabrli va o‘ta shukrli kishi uchun oyat-ibratlar bordir”[4], deya marhamat qilgan. Solihlardan biriga vafot yaqinlashganida qattiq yig‘lagan ekan. Undan sababi so‘ralganida “Men faqatgina ro‘zadorlar Alloh uchun ro‘za tutganlarida ularning orasida bo‘lmaganim, namozxonlar Alloh uchun namoz o‘qiganlarida ular bilan tura olmaganim, zokirlar zikr qilganda ular bilan zikr qila olmay qolganim uchun yig‘layapman”, degan[5].
Shu o‘rinda ro‘zaning maqsad va mohiyatiga munosib bo‘lmagan bir ishga e’tibor qaratishimiz lozim. Ro‘za inson jismida faollikni, zehnida musaffolikni paydo qiladi. Natijada insonga solih amalni bajarish uchun imkon bo‘ladi. Shunga qaramay biz ro‘zaning aksar soatlarini uyquda o‘tkazamiz. Hatto odamlar orasida “Ro‘zadorning uyqusi ham ibodatdir” degan hadis ham tarqagan. Holbuki, hofiz Iroqiy “Ihyo hadislari taxriji”da bu hadisning sanadida kazzob roviylar borligini ta’kidlagan. Biz boshqa oylardanda ko‘proq Ramazon oyida dangasalik qilamiz. Natijada, Ramazonimiz amalimiz eng kam oyga aylanib qolmoqda. Ramazonda ko‘p taom yeymiz. Ko‘p taom oshqozon va ichaklarga qonning ko‘p borishiga sabab bo‘ladi. Bu esa qonning aqliy quvvat markazi bo‘lmish aqlga kam kelishiga olib boradi va amallarda sustlik kelib chiqadi. Umar roziyallohu anhu: “To‘yib yeyishdan saqlaning! U namoz uchun dangasalik, jismni buzuvchi, kasallikni olib keluvchidir”, deganlar[6].
Mo‘min banda Ramazonni faqatgina ochlik va tashnalik ila o‘tkazishga rozi bo‘lmaydi. Uni oddiy bir mavsumdek, ta’bir joiz bo‘lsa, ta’til mavsumidek uni uyqu bilan o‘tkazib yubormaydi. Aksincha, unda Rabbisiga munojot ila yuzlanadi, gunohlariga tavba qilib, kechirishini so‘raydi, ehtiyojlarini talab qiladi, zikr va Qur’on qiroati ila lazzatlanadi. Robbisinning buyruq va ta’qiqlariga amal qilib, o‘zining qulligi, Xoliqiga muhtojligi, uning rahmatidan va fazlidan umidvorligini izhor qiladi.
Ro‘zador boshqalarga taom, ichimlik, jinsiy ehtiyojlarda o‘zgaga tobe’ bo‘lishdan ozoddir. U ro‘zada insonga xos haqiqiy hurlik hissini tuyadi. Axir Ramazonni mana shunday qabul qilish va undagi hurlik orqali, uning odoblari ila ziynatlanish bilan bu oyda musulmonlar katta muvaffaqiyatga erishdi. Badr kunidagi sahobalarning holiga bir qarang! Islom tarixining ana shu shonli kuni Ramazoni sharifning 17 sanasi edi. Unda musulmonlar kam son va yetarlicha bo‘lmagan qurol-aslaha bilan jangga kirishdi va Alloh ularga nusrat berdi. O‘shanda musulmonlar iffat, oliylik, qurbon va fidolik, qiyinchiliklarga bardosh berish, Allohga bo‘yin egib, Uni barcha narsadan oliy qo‘yish, botilning quvvatini past bilish kabi ro‘zaning xulqlari bilan xulqlanmaganlarida bunday mo‘jizaviy g‘alaba bo‘larmidi?[7]
Shuningdek, ro‘za islomiy hamjihatlik uchun amaliy namunadir. Odamlar unda bir paytda ochlik va chanqoqni his qilishadi, bir paytda to‘q bo‘lib, suvga qonishadi. Biron og‘iz boshqasidan, biron qorin boshqa qorindan farq qilmaydi. Dunyoda ro‘zadan boshqa odamlar mahrumlikda va uning ketidan taomlanishda bir bo‘ladigan yana qanday amaliy mushtaraklik bor? [8]
Ramazonning quvonchli damlaridan biri uning kechalarida jamlanishimiz. Oila bir vaqtda bir taom ustida, ko‘pincha Ramazondagina uyushadi. Ey ro‘zadorlar, sizlar bu oqshomlarda qalblarni surur va baxtga to‘ldiradigan saodatni his qilasiz. Bunda faqatgina Alloh taologa shukr qilib, ne’matlari davomiy bo‘lishini so‘rashimiz, ustimizga yog‘ilayotgan behisob ne’matlarga shukr qilishimiz darkor. Bu ne’matlarga shukr qilish tilning o‘zi bilan amalga oshirilmaydi. Balki hayot sinovlari sabab bu ne’matlardan bahramand bo‘la olmayotganlarni ham nasibador qilish bilan uning shukrini tom ma’noda o‘tagan bo‘lamiz.
Hayotda boylardanda himmatli, farosatli va ilmli qancha faqirlar bo‘lib, jamiyatning ularga nisbatan shafqatsizligi, davlati borlarning beparvoligi tufayli qiyinchilik tepkisi ostida qolganlar. Ularga boshqa paytlarda qanday mehr ko‘rsatish zarur bo‘lsa, Ramazonda bu ish undanda ko‘proq ahamiyat kasb etadi.
Agar har bir qudrati bor ro‘zador bir muhtojni ko‘nglini olsa, bir boy oila nochor oilaga yordam bersa, oramizda hech qanday faqir va muhtoj qolmaydi. Ro‘za barakoti va savoblari uzilmaydigan xayriyat oyiga aylanadi[9].
Hozirgi karantin davri ham ibodatlarni ko‘proq qilib olish uchun qulay imkoniyat. Chunki bu uzlatning bir ko‘rinishi bo‘lib, undan unumli foydalanish, Rabbimizga muqarrab bo‘lishga itntilishimiz darkor. Ehtimol karantinning hikmatlaridan biri hikmat ham shudir. Ulamolardan biri: “Agar Alloh seni o‘z maxluqotlaridan ajratib qo‘ygan bo‘lsa, bilki, u O‘zi bilan senga uns (do‘st) bo‘lishni iroda qilayapti”, degan edi[10]. Demak, Alloh biz Unga yaqin bo‘lishimizni iroda qilar ekan, biz ham bunga munosib javob qaytaraylik. Tunlari namozlarni to‘kis ado etaylik. Alloh taolo tunda ibodat qiladigan obidlarni maqtab: “Ular tunlarni Robbilariga sajda qilib, qiyomda o‘tkazadilar”, deydi.
Uyda ahli oilamiz bilan taroveh namozlarini o‘qiylik. Ko‘pchilik insonlar uyda bo‘lgan payti bu namozlardan g‘aflatda qolishmoqda. Axir, Alloh taologa o‘zimiz oila bag‘rida duolar qilishimiz, farzandlarni namoz-niyozga o‘rgatish uchun bundanda qulay fursat bormi?! Oilada er kishi bir ishga qat’iy turib bardavom bo‘lsa, ahlini namozga buyursa ular shunga odatlanishadi. Zero Alloh taolo qiyomatgacha tilovati ibodat bo‘lgan Kalomi sharifida Ismoil alayhis salomni maqtab: “(Ey Muhammad,) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi va elchi - payg‘ambar edi. U o‘z ahlini namoz va zakotga buyurar edi. U Parvadigori nazdida rozi bo‘lingan kishi edi”[11], degan. Farzandlar ham ota onalariga ergashishadi, namozga muhabbat qo‘yishadi. Dono xalqimiz bejizga “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, demagan. Ana shunday kunlarda yaqinlarimizga, oila a’zolarimiz ichidagi yoshi kichiklarga o‘rnak bo‘lishimiz ayni fursatdir.
Tunlari oilaviy jamoa bo‘lib Alloh taolodan yurtimizning tinchligini so‘rab duo qilaylik. Alloh xalqimizga bunday ketma-ket musibatlardan omonlik bersin, O‘zi muhofaza qilsin. Vatan va xalq boshida rahbar bo‘lib turgan yurtboshimizga xayrli ishlarida sabr, manotan va quvvat bersin!
Hadis ilmi maktabi 1-bosqich talabasi
Uzoqov Abdulbosit Abduvohid o‘g‘li
[1] Bayhaqiy rivoyati. Hofiz Munziriy hasan hadis degan.
[2] Tabaroniy rivoyati. Roviylari ishonchli kishilar.
[3] Mustafo Sibo’iy. Ahkomus siyom va falsafatuhu. 64. Maktabatul islomiy nashri. Bayrut. 1977y.
[4] Ibrohim surasi, 5 oyat.
[5] Abdulhamid Hamisa. Sofaqat va furosur ramazoniya. 30.
[6] At-tadaaviy bissiyam. Muhammad Ibrohim Salim. Qohira: Maktabatu Ibn Sino, 18 bet.
[7] Mustafo Sibo’iy. Ahkomus siyom va falsafatuhu. 34-64. Maktabatul islomiy nashri. Bayrut. 1977 y.
[8] Yuqoridagi manbaa.
[9] Yuqoridagi manbaa.
[10] Ibn Abu Dunyo. Al-Uzlatu val infirod. 100. Dorul Vatan nashri. Riyoz. 1997 y.
[11] Maryam surasi, 54-55-oyatlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.