Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Ro‘zaning mukofoti

13.05.2020   2981   9 min.
Ro‘zaning mukofoti

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh va bir qancha muhaddislar rivoyat qilgan hadisi qudusiyda Alloh taolo: “Odam bolasining ro‘zadan boshqa hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchun va uning mukofotini Men – O‘zim berurman” -deydi.

“Sahihul Buxoriy”ning sharhi “Fathul Boriy”da  Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisi qudusiyning ma’nosini yoritib, undagi muhim o‘nta asl mohiyatni bayon qiladi.

  1. Bandalarning amallari hammasi yolg‘iz Alloh taolo uchun bo‘lishligi ta’kidlangan bo‘lsada, amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...” -deb xoslanishining sababi, ro‘za ibodatiga riyo (xo‘jako‘rsinlik) aralashmaydi. Ro‘za o‘zini tiyishdan iborat botiniy amal bo‘lgani uchun riyo aralashtirishni imkoni ham bo‘lmaydi. Ro‘zadan boshqa ibodatlar zohiriy amal bo‘lgani uchun riyo aralashish xavf-xatari doim bo‘ladi. Ibodatlarga riyo aralashsa, faqat Alloh taolo uchun ekanligi qolmaydi.

Quydagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.

عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ فِي الصِّيَامِ رِيَاءٌ" رواه البيهقي

 Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ro‘zada riyo bo‘lmaydi” – dedilar. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Ro‘za banda bilan Robbisi orasidagi sirriy amal bo‘lib, o‘ziga xos ibodatdir. Ro‘zadan boshqa hamma amallarda biron bir amalni bajarayotgan shaxs, o‘zgalarning havasi, maqtovi, e’tiborini jalb qilishni istab qoladi. Shuning uchun Alloh taolo amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...” -deb xoslamoqda.

  1. Bandalarning hamma amallariga mukofotni yolg‘iz Alloh taoloning o‘zi berishi va undan boshqa mukofot beruvchi yo‘q ekanligi aniq bo‘lsada, “...uning mukofotini Men – O‘zim berurman...” –deb xoslanishining sababi ro‘zaning mukofotini yolg‘iz Alloh taoloning o‘zi biladi. Ro‘zaning mukofoti, ajri va savobi hech kimga oshkor qilinmagan, ro‘zadan boshqa amallarning mukofoti miqdori ba’zi insonlarga oshkor qilingan va hadislarda zikr qilingan.

Quydagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ"مَا مِنْ حَسَنَةٍ عَمِلَهَا ابْنُ آدَمَ إِلَّا كُتِبَ لَهُ عَشْرُ حَسَنَاتٍ إِلَى سَبْعِ مِائَةِ ضِعْفٍ قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ إِلَّا الصِّيَامَ فَإِنَّهُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ يَدَعُ شَهْوَتَهُ وَطَعَامَهُ مِنْ أَجْلِي "

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasi qilgan yaxshi amallarining savobi o‘n barobardan yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib yoziladi. Alloh taolo: “Faqat ro‘za undan mustasno. (ya’ni, ro‘zaning savobi behisob beriladi)Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman. U (odam bolasi)ro‘zada shahvati va taomini men uchun tark qilur” – dedilar. Imom Nasaiy rivoyat qilgan.

Ro‘zaning savobi behisob ekaniga quydagi oyati karima ham dalil bo‘ladi.

قال الله تعالى: إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَابٍ الزمر: 10

Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofatlari behisob berilur.

Ro‘za sabr bilan sayqal topadigan ibodat. Ro‘zador kishi nafsining hohish- istaklarini sabr bilan to‘xtatadi. Sabr qiluvchining mukofoti oyati karimada aytilganidek behisob beriladi.

  1. Hadisi qudusiyda “...faqat ro‘za Men uchundir...” - deb xoslanishi: “Ro‘za men uchun ibodatlarning eng yaxshisi. Mening huzurimda u boshqa ibodatlardan ustun va muqaddam ibodat” – degan ma’noni ham ifodalaydi.

Ibn Abdu Birr rahmatullohi alayh hadisi qudusiyda “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyilishi ro‘za ibodatining fazilatiga kifoya qiladi –deydilar. Go‘yoki, bu ibodatning fazilati borasida ortiqcha ta’rifga zarurat yo‘q.

Quydagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قَالَ قُلْتُ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَخْبِرْنِي بِعَمَلٍ ينفعني الله به قَالَ عَلَيْكَ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَا مِثْلَ لَهُ رواه النسائي

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

U zot: “Ey, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) Alloh taolo u tufayli menga manfa’at beradigan amalning xabarini bering” –dedim.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)  “Ro‘zani o‘zinga lozim tutgin! Chunki, ro‘zaga barobar keladigan amal yo‘q” – dedilar. Imom Nasaiy rivoyat qilgan.

  1. 4. “...faqat ro‘za Men uchundir...” – deb Alloh taolo ro‘zani o‘ziga nisbat berishida uni ulug‘lash, qadrini yuksaltirish bor. Bu esa hamma mulk Allohniki bo‘lsada, ka’bani “Baytulloh” deb Alloh taologa nisbat berishga o‘xshashdir.

Zayn ibn Munir rahmatulloh alayh: “Umumiy o‘rinda bir narsaning xoslanishi faqatgina o‘sha narsani ulug‘lash uchun bo‘ladi” –deydilar.

  1. Alloh taoloning inson tabiatidan farqli o‘laroq suv, taom va boshqa narsalardan behojat ekani uning o‘ziga xos sifatidir. Ro‘za tutgan inson Alloh taoloning sifatiga muvofiq, o‘zini yemoq, ichmoq va boshqa narsalardan behojat bilib Alloh taologa ibodat qiladi. Shuning uchun Alloh taolo: “...faqat ro‘za Men uchundir...” deydi.

Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “...faqat ro‘za Men uchundir...” hadisining ma’nosi: “Bandalarning amallari o‘zlarining hollariga munosibdir. Faqat ro‘za, Haq taoloning sifatlaridan bir sifatga munosibdir.   Alloh taolo  “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyish bilan go‘yoki, “Ro‘zador mening sifatlarimdan birga ega bo‘lib, menga yaqinlashmoqda” -demoqchi.

  1. Nafs istaklari yemoq, ichmoq va rohatlanmoq kabi xususiyatlardan behojat bo‘lishi nafaqat Alloh taoloning sifatlaridan biri balki, u farishtalarning ham sifatlaridan hisoblanadi. Shu ma’noda inson ro‘zani go‘yoki farishtalar sifati bilan ado etadi.
  2. Ro‘za xolis Alloh taolo uchundir, unda inson nafsi uchun ulush, nasiba yo‘q. Ro‘zadan boshqa iodatlarda esa nafsga ulush, nasiba  bo‘ladi.
  3. “...faqat ro‘za Men uchundir...” – deb xoslanishining yana bir ma’nosi ro‘za ibodati Alloh taolodan o‘zga ilohlar uchun bajarilmadi. Namoz, sadaqa, tavof va boshqa ibodatlar turli but sanamlar uchun qilindi. Ro‘za esa faqat Alloh taolo uchun bajarildi.
  4. “...faqat ro‘za Men uchundir...” – deb xoslanishining yana bir ma’nosi to‘g‘risida Ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Qiyomat kunida bandalar orasidagi haq-huquqlar o‘zaro hukm qilinadi. Ro‘zadan boshqa ibodatlar bandalarning o‘zaro turli zulmlari sabab bir-birlardan olib beriladi. Faqat ro‘zaning ajru savobi saqlanib qolinadi. Oxir oqibat ro‘zaning mukofati jannat bo‘ladi” -deydi. 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ: سَمِعْتُ أَبَا الْقَاسِمِ  صلى الله عليه وسلم  يَقُولُ: "قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: كُلُّ الْعَمَلِ كَفَّارَةٌ، إِلاَّ الصَّوْمَ، وَالصَّوْمُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ. رواه احمد

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo aytadi:  hamma amal kaffarotdir. Faqat ro‘za mustasnodir. Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman.” – dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Ro‘zadan boshqa solih amallar qiyomat kunida insonning dunyoda qilgan xato va kamchiliklarni kaffarot bo‘lishi uchun xizmat qilish ehtimoli bo‘ladi. Faqat ro‘za ibodati saqlanib qoladidi. Ro‘zaning ajru savobi xato va kamchiliklarni kaffaroti uchun behuda ketmaydi.

       10. Ro‘za botiniy amal bo‘lgani uchun oshkor bo‘lmaydi, farishtalar uni qayd qilmaydi. Agar oshkor bo‘lganda farishtalar boshqa amallarni yozganidek ro‘zani ham yozar edi. Shuning uchun Alloh taolo “faqat ro‘za Men uchundir” -deydi.

Bu fikrni aytuvchi Ibn Arabiy rivoyat qilgan boshqa bir hadisi qudusiyni dalil qilib keltiradi. Hadisi qudusiyda Alloh taolo aytadi: “Ixlos sirlarimdan bir sirdir. Uni yaxshi ko‘rgan bandalarimning qalbiga solaman. Undan farishta ham xabardor bo‘lmaydi, xabardor bo‘lsa, uni yozar edi. Shayton  ham xabardor bo‘lmaydi, xabardor bo‘lsa, u fasod qilar edi”-deydi.

Ro‘za ham ixlos kabi sirriy ibodat. Ibodatlardagi ixlosni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmagani kabi, ro‘zani ham  hech kim bilmaydi.

Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh mazkurlarni zikr qilib, bularning ichida birinchi, ikkinchi,sakkizinchi va to‘qqizinchisi boshqalarga nisbat e’tiborli va yorqinroq ekanligini qayd qiladilar.

 

Jaloliddin Xolmo‘minov

“Ko‘kaldosh” o‘rta m axsus bilim yurti mudarrisi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Qur’onni yodlay olmayapman

17.01.2025   4148   2 min.
Qur’onni yodlay olmayapman

Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.

To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.

Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.  

Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan. 

U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv"  (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan. 
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi. 

Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.

Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.