Ro‘za arab tilidagi «siyom» so‘zidan olingan bo‘lib, «bir narsadan o‘zini tiymoq» degan ma’noni bildiradi. Fiqhiy kitoblarimizda «tong otgandan to quyosh botgungacha niyat bilan yeyish, ichish va jinsiy yaqinlik qilishdan o‘zini tiyish» ga aytiladi. Ramazon oyi ro‘zasini tutish hijriy ikkinchi sanada farz bo‘lgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ey iymon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz», deb ramazon ro‘zasini tutishni barcha musulmonlarga farz qildi (Baqara surasi, 183-oyat).
Alloh taolo butun musulmon ummatiga xitob qilib: «Shoyadki, taqvo qilsangiz», deb ramazon oyi bu Haq subhanahu va taolodan qo‘rquv hissi bo‘lgan taqvoni kuchaytirish uchun yana bir imkoniyat manbai ekanini chuqur his etadi. Kimki ramazon ro‘zasini tutib, qalbida zarracha Alloh taologa nisbatan qo‘rquv bo‘lmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Va yana qaysi bir inson iymon va e’tiqod bilan ro‘za tutadigan bo‘lsa, Alloh taolo o‘sha bandasini «taqvo» deb ataladigan ikki dunyo saodatiga eltuvchi mukammal baxtga muyassar etadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi. O‘zboshimcha shaytonlar kishanlanadi. U oyda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», dedilar (Imom Nasaiy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).
Bu oyda Alloh taoloning rahmati ila la’natlangan shaytonlar kishanlanadi. Jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi. Ramazon oyida ming oyga teng Qadr kechasi bor bo‘lib, uni har bir musulmon intiqlik bilan kutadi va o‘sha kunda ibodat bilan istig‘forlar aytib, Alloh taolodan bilib-bilmay qilgan gunohlarining kechirilishini so‘rab duo va iltijolar qiladi.
Demak, bu muqaddas oyda shunchalik ko‘p fazilatlar bor ekan, undan har bir musulmon keyingi yil keladigan ramazon oyigacha o‘ziga zarur bo‘lgan narsalarni hosil qilib, iymon bilan savob umidida o‘tkazishi kerak ekan.
Yuqorida ramazon ro‘zasining qanday farz bo‘lgani va unga oid ayrim hadisi shariflarni o‘rgandik. Endi ramazon oyi ro‘zasini tutgan inson o‘ziga qanday foydalarni kasb qilishini keltirib o‘tamiz.
Alloh taolo barchamizning savob umidida O‘zining roziligi uchun tutayotgan ro‘zalarimizni qabul etsin! Shunday ulug‘ oylarda yurtimizning boshiga tushgan balo-ofatlarni qilayotgan duolarimiz, aytayotgan istig‘forlarimiz sababli O‘zi daf qilsin!
Haytmurat YERЕJЕPOV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent
Islom instituti 2-kurs talabasi.
Sport bilan muntazam shug‘ullanish, ayniqsa, futbol o‘ynash va shaxmat donalarini surib turish aqlni peshlaydi, tafakkurni teran qiladi, kishida tez qaror qabul ko‘nikmasini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida shaxmat va mini futbol sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etib, musobaqani kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tabiiyki, har bir musobaqada g‘oliblar aniqlanadi. Bu bellashuvlarda ham g‘alaba kuchlilarga, tajribalilarga kulib boqdi.
Hakamlar hay’ati a’zolarining xulosasiga ko‘ra shaxmat bo‘yicha:
I o‘rin Dilshodbek domla Umirtoyevga (Shayxontohur tumani);
II o‘rin Komiljon domla Nuraliyevga (Yashnobod tumani);
III o‘rin Sarvar domla Muhammadiyevga (Sergeli tumani) nasib etdi.
Shuningdek, mini futbol bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
I o‘rinni Chilonzor tumani imom-xatiblari jamoasi;
II o‘rinni Yunusobod tumani jamoasi;
III o‘rinni Uchtepa tumani vakillari qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchi va homiylarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati