Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Ramazon oyida ro‘za tutishning foydalari (Tanlovga)

13.05.2020   2613   5 min.
Ramazon oyida ro‘za tutishning foydalari (Tanlovga)

 

Ro‘za arab tilidagi «siyom» so‘zidan olingan bo‘lib, «bir narsadan o‘zini tiymoq» degan ma’noni bildiradi. Fiqhiy kitoblarimizda «tong otgandan to quyosh botgungacha niyat bilan yeyish, ichish va jinsiy yaqinlik qilishdan o‘zini tiyish» ga aytiladi. Ramazon oyi ro‘zasini tutish hijriy ikkinchi sanada farz bo‘lgan.

Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ey iymon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz», deb ramazon ro‘zasini tutishni barcha musulmonlarga farz qildi (Baqara surasi, 183-oyat).

Alloh taolo butun musulmon ummatiga xitob qilib: «Shoyadki, taqvo qilsangiz», deb ramazon oyi bu Haq subhanahu va taolodan qo‘rquv hissi bo‘lgan taqvoni kuchaytirish uchun yana bir imkoniyat manbai ekanini chuqur his etadi. Kimki ramazon ro‘zasini tutib, qalbida zarracha Alloh taologa nisbatan qo‘rquv bo‘lmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Va yana qaysi bir inson iymon va e’tiqod bilan ro‘za tutadigan bo‘lsa, Alloh taolo o‘sha bandasini «taqvo» deb ataladigan ikki dunyo saodatiga eltuvchi mukammal baxtga muyassar etadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi. O‘zboshimcha shaytonlar kishanlanadi. U oyda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», dedilar (Imom Nasaiy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).

Bu oyda Alloh taoloning rahmati ila la’natlangan shaytonlar kishanlanadi. Jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi. Ramazon oyida ming oyga teng Qadr kechasi bor bo‘lib, uni har bir musulmon intiqlik bilan kutadi va o‘sha kunda ibodat bilan istig‘forlar aytib, Alloh taolodan bilib-bilmay qilgan gunohlarining kechirilishini so‘rab duo va iltijolar qiladi.

Demak, bu muqaddas oyda shunchalik ko‘p fazilatlar bor ekan, undan har bir musulmon keyingi yil keladigan ramazon oyigacha o‘ziga zarur bo‘lgan narsalarni hosil qilib, iymon bilan savob umidida o‘tkazishi kerak ekan.

Yuqorida ramazon ro‘zasining qanday farz bo‘lgani va unga oid ayrim hadisi shariflarni o‘rgandik. Endi ramazon oyi ro‘zasini tutgan inson o‘ziga qanday foydalarni kasb qilishini keltirib o‘tamiz.

  1. Avvalo, ro‘za tutgan odam taqvo malakasini hosil qiladi. Bu gapni Hattoki, hozirgi kundagi insonlarni ochlik bilan davolaydigan tabiblar ham inson och qolgan paytida Allohdan qo‘rqish, Uni doimo his etib turish hissi hosil bo‘lishini aytishmoqda.
  2. Ro‘za tutishning foydalaridan yana biri – inson sog‘lig‘ining tiklanishidir. Ro‘za tutish insonni turli xil kasalliklardan xalos etishi bilan birga inson badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada inson organizimi yengillashib, kuchli va baquvvat bo‘ladi.
  3. Ramazon oyi ro‘zasini tutgan inson havoyi nafsiga berilmaydi. Ro‘za tutmagan inson yil davomida nafsi xohlagan narsani yeydi, ichadi va nafsi qay tarafga boshlasa, o‘sha tarafga qarab ketaveradi. Lekin ro‘za tutgan odam kun davomida o‘zi yeyishga halol bo‘lgan narsalardan nafsini tiyib turadi. Shu orqali u havoyi nafsining xohish istaklarini sindiradi.
  4. Ro‘za tutgan insonning gunohlari mag‘firat qilinadi. Bu oliy bir hikmatdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ham bu borada bir qancha hadisi shariflar rivoyat qilingan.
  5. Ro‘za tutgan inson o‘z ro‘zasi sababli farishtalarning maqomiga ko‘tariladi. Biz bilamizki, farishtalar faqatgina Alloh taologa ibodat qilish va Unga tinmasdan maqtovlar aytish bilan mashg‘uldir. Ularga nafs ya’ni yeyish-ichish va jinsiy yaqinlik qilish kabi narsalar berilmagan. Bu farishtalarga xos bir sifatdir. Ro‘za tutgan inson aynan mana shu sifatlarni o‘zida hosil qiladi.
  6. Ro‘za tutgan inson o‘zida sabr degan ulug‘ bir sifatga ega bo‘ladi. Bu sifat barcha insonlarga zarur bo‘lgan va har bir odam bolasi egallashi lozim bo‘lgan sifatlardan biri hisoblanadi. O‘ttiz kun davomida ko‘ngli tusagan barcha narsalardan o‘zini chetga oladi. Bu esa, har bir insonni sabr-bardoshli bo‘lishga o‘rgatadi.

Alloh taolo barchamizning savob umidida O‘zining roziligi uchun tutayotgan ro‘zalarimizni qabul etsin! Shunday ulug‘ oylarda yurtimizning boshiga tushgan balo-ofatlarni qilayotgan duolarimiz, aytayotgan istig‘forlarimiz sababli O‘zi daf qilsin!

 

Haytmurat YERЕJЕPOV,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent

Islom instituti 2-kurs talabasi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   37386   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati