Ramazon oyida ro‘zadorning qalbi siniq va nafsi itoatkor, rahmati va shafqati esa yanada ziyoda bo‘ladi. Uning yaxshiliklariga eng haqdor kishilar uning yaqinlari va qarindoshlari hisoblanadi. Ramazon musulmon kishiga uning yaqinlari va qarindoshlari bor ekanini eslatadi. Shunda u ularni ziyorat qiladi va ularga yaxshilik qilishni boshlaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ehtimol, (iymondan) yuz o‘girsangiz, yer yuzida fasod qilib, qardoshlik rishtalarini uzarsiz?! Ana o‘shalarni Alloh la’natladi, ularni kar qildi va ko‘zlarini ko‘r qildi” (Muhammad surasi, 22-23 – oyatlar).
Qarindoshchilik aloqalarini uzish eng katta gunoh va ulkan xatolardan, uni mustahkamlash esa eng go‘zal solih amallardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rahm (qarindoshchilik)ni uzuvchi jannatga kirmaydi”.
Alloh uni bog‘lashga buyurgan aloqani uzgan kishi qanday qilib jannatga kirsin?!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Silai rahm qiluvchi berganga yarasha qaytargan emas. Lekin silai rahm qiluvchi o‘zining silai rahmi kesilganda uni bog‘lovchidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda bir kishi u zot sollallohu alayhi vasallamga: “Yo Rasululloh, meni qarindoshlarim bor. Ular bilan aloqani tiklayman, ular uzishadi. Ularga yaxshilik qilaman, ular menga yomonlik qilishadi”, dedi. Shunda u zot bunday dedilar: “Agar sen aytganingdek bo‘lsang, ularga mal(non pishiriladigan issiq cho‘g‘)ni yedirayotgan ekansan va senga doimiy Allohdan bir yordam beruvchi bo‘lib turadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarindoshlari juda oz edi. Shunga qaramay u zotga eng ko‘p dushmanchilik qilishardi. U zotni vatanlaridan quvishdi, aziyatlar berishdi va urishgacha borishdi. Ammo Alloh u zotga g‘alabani berganda hali insonlar eshitmagan afvni e’lon qildilar.
Silai rahm umrni ziyoda qiladi, unga baraka olib kiradi va ajr-savoblarni ko‘paytiradi. U iymon mukammalligi, Allohdan qo‘rqish va Qur’onga bo‘ysunish belgisidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh menga men bian aloqani uzganlar bilan uni tiklashni, zulm qilganlarni afv qilishni va mahrum qilganlarga berishni buyurdi”.
Ibodatlarning va yaxshiliklarning eng kattasi ota-onaga qilingan yaxshilik hisoblanadi. Ularga yaxshilik qilish, mehribonchilik ko‘rsatish, haqlariga duo qilish va buyruqlariga itoat etish lozim. Ularga itoat etish Allohga itoat etish kabi bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt” (Isro surasi, 23-24 – oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh, chiroyli muomala qilishimga insonlarning eng haqdori kim?”, deb so‘radi. U zot alayhissalom: “Onang”. U: “So‘ngra kim?”, dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, dedilar. U: “So‘ngra kim?”, deb yana so‘radi. U zot yana: “Onang”, dedilar. U yana: “So‘ngra kim?”, dedi. U zot: “Otang”, dedilar.
Ro‘za silai rahm va yaxshilik madrasasidir. Chunki u go‘zal axloq tarbiyachisi va o‘zaro muhabbat rishtasini mustahkamlovchisidir. Ro‘za tutgan kishining ruhi eriydi, nafsi musaffolashadi va tabiati yumshaydi. Shoyad, biz ushbu oyda yaqinlarimizga qaytsak va ularni ziyoratimiz, sovg‘a va yaxshiliklarimiz bilan xursand qilsak. Alloh taolo yaxshilik qilgan bandasining ajrini hech qachon zoye qilmaydi.
Allohim, bizni diningni teran anglaydigan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida sobit turadigan qilgin! Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat ayla!
Doktor Oiz Al-Qarniyning
“Ro‘zadorlar uchun 40 dars” kitobidan
Saidxon qori MAXSUM
tayyorladi.
Sport bilan muntazam shug‘ullanish, ayniqsa, futbol o‘ynash va shaxmat donalarini surib turish aqlni peshlaydi, tafakkurni teran qiladi, kishida tez qaror qabul ko‘nikmasini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida shaxmat va mini futbol sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etib, musobaqani kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tabiiyki, har bir musobaqada g‘oliblar aniqlanadi. Bu bellashuvlarda ham g‘alaba kuchlilarga, tajribalilarga kulib boqdi.
Hakamlar hay’ati a’zolarining xulosasiga ko‘ra shaxmat bo‘yicha:
I o‘rin Dilshodbek domla Umirtoyevga (Shayxontohur tumani);
II o‘rin Komiljon domla Nuraliyevga (Yashnobod tumani);
III o‘rin Sarvar domla Muhammadiyevga (Sergeli tumani) nasib etdi.
Shuningdek, mini futbol bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
I o‘rinni Chilonzor tumani imom-xatiblari jamoasi;
II o‘rinni Yunusobod tumani jamoasi;
III o‘rinni Uchtepa tumani vakillari qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchi va homiylarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati