Alloh Taolo barcha ibodatlarni bandalarning har ikki dunyo saodatini ko‘zlab joriy etadi.
Birinchisi uxroviy maqsad bo‘lsa, ikkinchisi dunyoviy maqsaddir. Bu ikki sabab ila Alloh taolo bandalariga bu dunyoda osoyishta hayotni, oxiratda esa ko‘plab savoblarni yozadi.
Ibodatlarni joriy bo‘lishdan uxroviy maqsad – mo‘minlar uni bajarish orqali Alloh taoloning roziligiga erishish va uning marhamati ila jannatga kirib, do‘zax olovidan omonda bo‘lishdir.
Uning joriy bo‘lishidagi dunyoviy maqsad esa insonlarni ruhiy va jismoniy hollarini isloh qilishdir. Ruhan va jismonan yetuk mo‘min banda esa Alloh taoloning haqlarini ham, bandalarining haqlarini ham to‘la-to‘kis ado etadi. Mana shu ikki maqsad uchun joriy qilingan eng katta ibodatlardan biri – Ramazon ro‘zasidir. Alloh taolo ro‘zadorga oxiratda hisobsiz ajrlar beradi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim beraman, dedi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanadi. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kiradilar, ulardan boshqa birortasi kirmas”, dedilar.
Alloh taolo jannatga faqatgina ro‘zadorlar kira oladigan sakkizinchi eshik hozirlab qo‘ygani ro‘zaning naqadar ulug‘ ibodat va ro‘zadorlar Alloh taoloning huzurida ulug‘ martabaga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, bu ibodat ro‘zadorlarga ko‘plab dunyoviy foydalarni ham taqdim etadi. Bular jismoniy va ruhiy sog‘lomlikdir.
“Ro‘za tutinglar, sog‘lom bo‘lasizlar” mazmunidagi hadis mashhur, uning sanadi zaif bo‘lsada, ma’nosi sahih hisoblanadi.
“Ro‘zaning ko‘plab uhroviy manfaatlari bo‘lganidek, juda ko‘plab dunyoviy foydalari ham bor. Bundan 1400 yil oldin ro‘za musulmonlarga farz qilinganda odamlar uning shifo xususiyatlari haqida ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lmagan. Hatto uni azob-uqubat va tanaga nisbatan haqoratdan o‘zga narsa emas deb hisoblaganlar ham uchrab turgan. Afsuski, bundaylar hozir ham uchrab turadi. Lekin, bugungi zamonaviy turli ilmiy tadqiqotlar ro‘za butun tanaga shifobaxsh ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlayapti. Shu bois ham ochlik bilan davolash bo‘yicha juda ko‘p kitoblar yozilyapti, bu usul tibbiyotda keng qo‘llanilyapti. Hozir ochlik bilan davolash urf bo‘ldi. Hatto G‘arb mamlakatlarida shu usulda xizmat ko‘rsatuvchi maxsus shifoxonalar bor.
Odam vujudi shunday qurilgan: oziq-ovqat yetkazish to‘xtagan paytda butun kuch-quvvat organizmni zararli mikroblar, xasta to‘qimalar, o‘smalardan tozalashga kirishadi.
Tadqiqotchi, tibbiyot fanlari doktori Robert Bartlou ilmiy izlanishlari, tajribalari bilan ro‘za organizmni tozalashda juda katta kuchga ega ekani va hatto boshlang‘ich bosqichdagi o‘smalarni yo‘qota olishi mumkinligini isbotladi (Subhanalloh).
Ochlik bilan davolanayotganlarni kuzatgan olimlar ularning sog‘ayib, turli kasalliklardan tamoman qutulib ketganlariga guvoh bo‘lishdi. Tajribalar ro‘za qonda xolesterin miqdorining kamayishiga, natijada yurakda qon laxtasi (tromb) tiqilishining oldi olinishiga sabab bo‘lishini ko‘rsatdi. AQSHda olib borilgan tadqiqotlar esa ro‘za qondagi qand moddasi va me’da shirasi kislotasini hech qanday dori vositalarisiz me’yorda saqlab turishini isbotladi.
Ochlik ta’sirlarini o‘rgangan germaniyalik olimlar kamida uch yoki to‘rt hafta mobaynida 10-15 soat hech narsa iste’mol qilmay yengil ish bilan shug‘ullanish sog‘lik uchun juda foydali degan xulosaga keldilar. Doktor Bill Shernber har yili bir oy ro‘za tutish tetiklik va yoshlik asosi ekanini ta’kidlaydi.
Odessa universiteti olimlari o‘tkazgan tajribalar ochlik tanadan zaharlarni har qanday dori-darmondan ko‘ra yaxshiroq chiqarib tashlashini ko‘rsatdi. Masalan, ro‘za paytida ammiakning chiqarilishi 100 barobarga kuchayadi.
Odamlar odatda fan tasdiqlagan, amalda isbotini topgan narsalarga ko‘proq ishonadi. Biroq, ro‘zaning hali fan aniqlolmagan foydalari bo‘lishi shubhasiz. Bu foydalar asta-sekin o‘z isbotini topadi”[1].
Bizni musulmonlardan qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Hadis va hayot kitoblaridan foydalanildi.
Muhammad Ali MUHYIDDIN,
Toshkent Islom instituti 3-kurs talabasi.
[1] Orifjon Madvaliyev
Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.
Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.
Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmidingiz?!” – debdi.
Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.
Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.
Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan boshqasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2] Shuro surasi, 40-oyat.