Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Oylar sultoni – ramazon (Tanlovga)

13.05.2020   2437   4 min.
Oylar sultoni – ramazon (Tanlovga)

Ramazon ro‘zasini farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ota-onamizdan ham sevikliroq bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga beadad salavotu salomlar bo‘lsin.

Allohning marhamati bilan yurtimizda avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining fayzu-shukuhi kezmoqda.

Ramazon oyi Allohning "Rahmat shabodalari" esadigan ulug‘ oydir. Bu oyda tutilgan ro‘zalar, o‘qilgan namoz, tasbeh, zikr va Qur’on tilovatlarining sharofatidan Alloh bandalarini gunohdan poklaydi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kimda-kim iymon bilan va mukofotini Allohdan kutgan holda Ramazon ro‘zasini tutsa, avvalgi gunohlari kechiriladi". Imom Muslimdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda bunday deyilgan: "Kim ramazon kechalarini savobiga ishonib va unga ergashish niyyati ila namoz o‘qib jonlantirsa, avvalgi gunohlari kechiriladi". Aqlli banda albatta bu oyda ko‘proq ibodat qilishga harakat qiladi. Zero bu oyda qilingan farz amalning savobi yetmish baravar ko‘paytirib beriladi. Nafl ibodatlarga esa farzning mislicha savob beriladi. Ulamolarimiz bu oyda aytilgan bitta tasbehni, boshqa oylarda aytilgan mingta tasbehga tenglashtirishgan. Bu oyda ulug‘larimiz ayniqsa Qu’ron tilovatiga katta e’tibor berishgan. Sahih rivoyatlarda aytilishicha inson Ramazon oyida Qu’ronni xatm qilsa, uning haqqiga yetmish ming farishta istig‘for aytadi. Tasavvur qiling umrida biron marta gunoh qilmagan yetmish ming farishta haqqingizga istig‘for aytsa. Shuning uchun bu oyda hech bo‘lmasa bir martta Qu’ronni tilovat qilish maqsadga muvofiqdir.

 Bu oyda tutilgan ro‘za insonni ko‘p jihatdan tarbiyalaydi. Shu jumladan ro‘za tutgan bandani taqvosi ziyoda bo‘ladi. Zero Alloh ro‘za tutishga buyurib "Shoyadki taqvoli bo‘lsangiz" deb marhamat qildi. Ro‘zador ro‘za tutgan holida ma’lum vaqt farishtalar sifati ila sifatlanadi, chunki yemaslik, ichmaslik va jinsiy aloqa qilmasdan faqat ibodatda turish farishtalarga xosdir. Ro‘za tutgan bandaning og‘zidan chiqayotgan hid Allohning nazdida mushku-anbardan ham yoqimli bo‘ladi va Alloh ro‘zadorlarni qiyomatda Rayyon jannatiga kirgazadi. Bu haqda Imom Buxoriyda bunday hadis rivoyat qilingan "Jannatda Rayyon nomli eshik bor. Undan faqat ro‘zadorlar kirishadi. Ro‘zadorlar kirishi bilan bu eshik yopiladi, boshqa hech kim kira olmaydi".

Bu kabi bashoratlarni o‘qigan inson beixtiyor sevinadi, Allohga shukrlar qiladi. Albatta bunday hadis va oyatlar juda ko‘p. Lekin ming afsuski, uzrsiz ro‘za tutmayotganlar, ko‘chada bemalol ovqat yeyayotganlarning uchrab turishi albatta juda achinarli holdir. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Agar inson uzrsiz bir kun Ramazon ro‘zasini tutmasayu, keyin shuni kafforati uchun bir umr ro‘za tutsa ham Ramazondagi bir kunlik ro‘zaning savobiga erisha olmaydi”.

Yurtimizda har yil Ramazon oyi o‘zgacha shukuh bilan qarshi olinadi. Ayniqsa ommaviy iftorliklar, tarovehda jamoatning ko‘pligi ko‘zimizni quvnatadi. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki Sovid-19 pandemiyasi tufayli ko‘plab musulmon o‘lkalarda, jumladan yurtimizda ham masjidlar yopildi, ommaviy iftorliklar bekor qilindi. Albatta bu chora-tadbirlar pandemiyani oldini olish uchun joriy qilindi. Lekin Allohning har bir ishida hikmat bor. Barcha masjidlar yopildi, lekin barcha xonadonlar masjidga aylandi. Oilamiz davrasida iftorlik qilib, taroveh o‘qimoqdamiz. Xushovoz muazzinlarimiz namoz vaqtini bildirish uchun azon aytmoqdalar, yurtimizni "Allohu akbar" sadolari qamrab olayapti, alhamdulillah. Go‘zal ovozli qorilarimizning online xatmlarini kuzatmoqdamiz, ilm o‘rganyapmiz, qo‘lida davlati bor birodarlarimiz Alloh rizoligi yo‘lida ko‘plab ehsonlar qilishmoqda. Alloh bu yilgi ramazonni barchamizga rahmat va mag‘firat oyi qilsin.

 

Nuriddin FATXULLAYEV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishning zararlari

20.12.2024   32843   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati