Butun dunyo musulmonlari Ramazon oyini intiqlik va o‘zgacha g‘ayrat- shijoat bilan kutib oladilar. Va bu oy davomida Alloh taologa ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib, iymonlarini mustahkamlashga hamda qalblarini poklashga urinadilar.
Ramazon – dunyoning bir chetlarida kambag‘allik qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazayotgan insonlarning hayot tarzini ozgina bo‘lsa ham sezishga va isrofdan tiyilish uchun ruhiy hamda jismoniy ibodat hisoblanadi.
Bu oyda qilishingiz kerak bo‘lgan va bu orqali abadiy jannat hayotiga erishingizga yordam beradigan ba’zi yaxshi amallarni sanab o‘taman.
Ularning ba’zilari saharlik va iftorlik qilishga imkoni yo‘q. Ulardan o‘z yordamingizni ayamang. Iltimos ularning quvonchlariga siz ham o‘z hissangizni qo‘shing. Chunki ozgina non va meva-cheva bilan rizqingiz kamayib qolmaydi.
Iltimos, uydagi ayollaringizni ham o‘ylab ko‘ring. Iftorlik va saharlik tayyorlash faqtagina ularning vazifasi emas. Siz ham yordam qo‘lini cho‘zsangiz bo‘ladi. Siz ayolingiz va qizlaringizga ko‘proq mehr ko‘rsating. Siz bunday qilish bilan ham sunnatga ergashgan bo‘lasiz (chunki Rasululloh alayhissalom doimo uy ishlarida ahli ayollariga yordam berganlar) ham oila a’zolaringiz hurmati va muhabbatiga sazovor bo‘lasiz.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَآله وسَلَّمَ، قَالَ: «خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي» رواه الترمذي.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z oilasiga yaxshi muomala qiladiganlaringizdir. Men esa sizlarning orangizdagi o‘z oilasiga eng yaxshi muomala qiluvchi kishiman”, dedilar.
Shuningdek, «Mo‘minlarning komil iymonlilari ularning chiroyli xulqlilaridir. Sizlarning eng yaxshilaringiz ayollariga chiroyli xulq bilan muomala qiladiganlaringizdir», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ba’zilar yosh bo‘lsada, sog‘lom bo‘lsada, uzr tufayli ro‘za tuta olmasligi mumkin. Ular haqida yaxshi gumonda bo‘ling. Chunki mo‘min kishi musulmon birodari haqida doimo yaxshi gumonda bo‘lishi lozim. Ularga chiroyli muomala qiling va ro‘za tutmaganlari uchun ularning ustidan hukm chiqarmang. Ulamolar aytganlaridek: “Yaxshi gumon qilish ham ibodatdir”.
Islomingizni chiroyi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ling.
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ: مِنْ حُسْنِ إِسْلَامِ الْمَرْءِ تَرْكُهُ مَا لَا يَعْنِيهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Befoyda narsalarni tark qilish kishining Islomi chiroyligidan (dalolat)dir”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati).
Hayit bayrami uchun oy davomida pul yig‘ib boring va uni oyning oxirida kambag‘allarga tarqating.
Bu oyga gunohlarimiz bilan qadam qo‘ydik, endi bu oydan barcha gunohlarimizdan pok holda chiqish barchamizga nasib qilsin.
Muhammad Ali MUHYIDDIN,
Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi.
Cavol: Otam bilan Madinai munavvarada umra uchun ehromga kirib, Makkaga yo‘lga tushdik. Lekin yo‘lda havo sovub ketib, otam do‘ppi, kurtka va paypoq kiyib olishga majbur bo‘ldilar. Bu hol Makkaga yetib borgunimizcha davom etdi va ehromda umra qilib oldik. Savolim shuki, otam kiygan kiyimlarining har biri uchun alohida kafforat berilishi lozim bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Erkak kishi haj yoki umraga ehrom bog‘laganda zarurat sababli bir nechta tikilgan kiyimni bir kunduz yoki bir kecha (yoki jami 12 soat)dan kam muddat kiyib yursa bitta sadaqa – yarim so’ (2 kg atrofida) bug‘doy yoki uning qiymatini haram chegarasida faqirlarga sadaqa qilishi kifoya qiladi.
Agar bir kunduz yo kecha (12 soat)dan ko‘p muddat kiyib yurgan bo‘lsa, haram chegarasi ichida bitta jonliq so‘yishi yetarli. Kiyimlar bir nechta bo‘lishi bilan sadaqa yoki so‘yiladigan jonliqlar soni ko‘paymaydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, erkak kishi ehromdalik holida sovqotib qolsa, tikilgan kiyim kiyib olmasdan, adyolga o‘xshash biror yopinchiq o‘ranib olish yoki keng kiyimni yengiga qo‘llarini kiritmasdan, yelkasidan tashlab olish ham mumkin. Buni kiyim kiyish deb hisoblanmagani uchun jinoyat sanalmaydi va kafforot ham lozim bo‘lmaydi (“Kamolud diroya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.