Assalomu alaykum aziz birodarlar. Barchamizga oylar sultoni Ramazon muborak bo‘lsin. Barchamizga Alloh bu oylarda ezgu amallar qilib savob degan hurjunimizni to‘ldirib, gunoh degan hurjunimizni bo‘shatib olishni O‘zi muyassar aylasin.
Bejizga bu oy “Oylar sultoni” deb nom olmadi. Buning birinchi sababi bu oyda Qu’roni karim nozil bo‘ldi. Shuning o‘zi uni oylar sultoni deb nomlashga yetarlicha sabab bo‘ladi. Bu oy rahmat oyi, mehr-muruvvat oyi, ezgu amallarni har doimgidanda ko‘proq qilish oyi. Chunki bu oyda qilingan ezgu amallarning ajri oshirib beriladi. Mana hozir barchamiz uydamiz. Bu karonavirus degan balo, Allohni sinovli kunlarida uydamiz. Bu kunlar bizga ko‘p narsalarni isbotlab berdi. Chunki odam bolasini boshiga kelgan har qanday ish o‘zi qilgan amali sababidan keladi. Shaxsan men o‘zim ramazon oyida masjidda xatmi Qur’onlar bo‘lmagan jamoat bo‘lib taroveh namozlari o‘qilmagan oyni eslay olmayman. Biz odamlar musulmonlarni orasida mehr degan zanjir uzilib borayotgan edi. Ota-onamiz, yaqin qarindoshlarimiz bilan aloqalarimiz uzilib borayotgan edi. Alloh endi istasak ham bora olmaydigan qilib qo‘ydi, masjidlarda jamoatni qadriga yetmadik, jamoatga zor qilib qo‘ydi, bu sabablar ko‘p. Hozir ularni sanasam oxiri tugamaydi…
Men sizlarga ajib bir suhbatni havola qilmoqchiman. Bu suhbat mavzuimizga aloqador. Yuqorida bu oyda ezgu amallar qilishimiz kerak dedik. Bu amallarimizda eng keraklisi ixlos, Alloh roziligi bo‘lishi kerak. Chunki amalda ixlos bo‘lmasa u qanchalar katta bo‘lmasin insonga foyda bermaydi. Bugungi suhbatdoshim o‘z nafsim. Menga malomatchi nafs bergan Allohga hamd aytish bilan boshlayman. Hamma qatori men ham uyda ibodatlar qilmoqdaman, ozmi kopmi. Bir kuni odatim bo‘yicha xufton namozidan keyin taroveh o‘qish uchun namozni boshladim. Qur’onni to‘liq yod olmaganman. O‘zim bilgan suralar bilan imkon qadar o‘qiyman. Shunda namoz o‘rtalarida ko‘chada mahallamiz bolalarini stol tennisi o‘ynayotgan ovozi eshitildi. Shunda o‘zimdan “Ha, ko‘rdingmi bu paytda ba’zi insonlar ko‘chada. Lekin sen ibodat bilan ovorasan, baraka top”, degan g‘ururlanish hissi o‘tdi. Shunda vijdonim “Ey, shoshma! O‘zingga kel”, deb bir shapaloq tortganday bo‘ldi. “Sen ojizona ibodating bilan g‘ururga ketyapsanmi, namozda ko‘chadagi ovozni eshitayotganingni o‘zi yetarlicha qayg‘u emasmi?!” dedi. Yana nafsim “Bilmaysanmi Alloh roziligi uchun qilinmagan amal har qancha katta bo‘lmasin, befoydaku! Aslida sen va senga o‘xshaganlar sababidan bu balolar kelmadimikin”, degan savollarni berdi. Savolga javob berishim qiyin. Chunki bu hol ko‘p bo‘lar edi menda. «Ha», dedim, to‘g‘ri aytding, deb sergak tortdim. Keyingi ikki rakatni Allohdan ixlos berishini so‘rab duo qilish bilan boshladim.
Ba’zilar uchun bu suhbat juda qisqa, oddiy va sodda tuyilishi mumkin. Lekin suhbatdan hissa shuki, avvalo niyatlarimiz to‘g‘ri bo‘lsin. Bu sinovli kunlardan eson-omon chiqib olishni Alloh nasib qilsin. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.
@muslim666J
1. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, eng afzal amalni ado etgan bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan “Eng afzal amal qaysi?” deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, deganlar.
2. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, shayton qulog‘iga bavl qilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tong otganda uxlab yotib, namozga turmagan bir kishi haqida aytishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning qulog‘iga shayton bavl qilibdi”, deganlar.
3. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, o‘sha kungi rizqiga baraka kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin”, deb duo qilardilar.
4. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, Allohning zimmasida bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qisa, Allohning ahdi va omonida (zimmasida)dir. Alloh sizlarni hargiz ahdini zoye qilgan holda topmasin”, dedilar.
5. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi”, deganlar.
6. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, munofiqlikdan uzoq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir”, deganlar.
7. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, bu dunyo va undagi narsalardan eng yaxshisi ega bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar.
Davron NURMUHAMMAD