Ro‘zaning inson salomatligi va ruhiyatiga ijobiy ta’sirlari haqida ilm-fan ko‘plab tahliliy xulosalarni bergan.
Tajribalarning navbatdagi xulosasi ko‘pchilikni hayratga soldi.
Axborot texnologiyalari mutaxassisi, tibbiyotga oid dasturlovchi Jeyms Sinka ro‘za haqida o‘z ustida bir nechta tadqiqotlar o‘tkazadi. U ro‘zaning ilk kunidanoq qo‘l telefonini o‘chiradi, noutbukiga qaramaydi va qolgan barcha qurilmalardan ma’lum muddatga voz kechadi. Natija esa hayratlanarli: “Mening naqadar mehribon oilam, do‘stlarim, qo‘shnilarim va qarindoshlarim borligini his etdim, zavqlandim” – deydi, Jeyms.
U darhol natijani hamkasblari va do‘stlariga ham e’lon qiladi. Tez orada o‘nlab ko‘ngillilar ro‘za tutishni boshlaydi va shunchaki och yurish emas balki, zamonaviy gadjet va qurilmalardan voz kechgan holda, vaqtini ko‘proq oila va yaqinlar bilan o‘tkazishga, kitob o‘qish, tabiat qo‘ynida sayr etishga sarflaydi.
Ularda ham natija quvonarli: “Bizda kutilmagan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Yaqinlarimizga mehr ulashish orqali mehr hissini tuydik. Qarindoshlarimiznikiga og‘iz ochish uchun mehmonga bordik. Qo‘shnilarimiz bilan suhbatlashdik. Bilasizmi ramazon oyi va ro‘za tutish haqiqatdan ham biz o‘ylamagan va biz kutmagan mo‘jizalarga boy ekan” – deydi, ishtirokchilar.
Hayotdan hafamisiz? Ro‘za tuting! Sizga dofamin kerak – deydi, Joshua Berk, Kaliforniya universiteti, nevroligiya va psixatiriya professori.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, kundizi ichish, yeyish va jinsiy yaqinlikdan tiyilib, tunda ham biroz bedor bo‘lish (tarobeh va saharlik vaqtlari), inson miyasida tartibli ravishda, ko‘p miqdorda dofamin ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa biz uchun juda muhim. Chukni, aksariyat insonlar yil davomida umrining ko‘p qismini asabiylashish, stress, depressiya, nojo‘ya (hasad, xusumat va boshqa) hissiyotlar, shuningdek ortiqcha uyqu bilan o‘tkazib yuboradi. Bu omillar esa miyada dofamin ishlab chiqarilishini to‘xtatadi.
Xo‘sh, dofamin nima? Bu – rohatlanish va zavqlanish uchun javobgar neyromediator (nervlarga signal uzatuvchi vosita) bo‘lib, inson miyasida ishlab chiqariladi va miyaning “mukofot tizimi” elementi bo‘lib xizmat qiladi. Biz uchun yoqimli biror nima ro‘y bergan paytda miyamizda dofamin ishlab chiqariladi. Ko‘pincha olimlar buni quvonch va zavq garmoni deydi.
Joshua Berkning fikricha, zamonaviy dunyoda dofamin tanqisligi anchayin ko‘payib ketmoqda. Bunga sabab esa uzliksiz ijtimoiy tarmoqlar, internet hamda texnologiyalarga tobelik, kimyoviy moddalarga boy notabiiy ozuqalarni iste’mol qilish, ko‘p ovqatlanish va eng ayanchlisi, tabiiy, insoniy munosabatlardan uzoqlashishdir.
Ro‘za tutgan odam esa o‘zini yeyish-ichish, keraksiz mashg‘ulotlardan tiyilish va jinsiy aloqdan qat’iy tiyadi. Natijada esa og‘iz ochilishi bilan, imtiyozlardan qayta foydalanganimizda ishlab chiqarilgan dofamin odatdagidan ko‘ra ko‘proq zavqli va foydali bo‘ladi.
Silikon vodiysida ko‘plab mijozlar bilan ishlaydigan psixolog Kameron Sepaning fikriga ko‘ra, doimiy ravishda miyada dofamin “portlash”lari bizni ushbu neyrotransmitterga befarq qilib qo‘yadi (qadri qolmaydi). Ro‘zador esa subhidamdan to quyosh botgunga qadar o‘zini dofamin qo‘zg‘atuvchi vositalardan izolyatsiya qiladi va iftorlik vaqtiga kelib u “quvonch” va “zavq” garmonini oddiy suv ichishdan ham his qila boshlaydi. Naqadar mo‘jizaviy holat!
Yana bir hayratlanarli jihati, ro‘zador o‘z-o‘zini nazorat qilish va tanani boshqarish kuchiga ega bo‘ladi! Bu esa biz uchun juda ham ZARUR!
Yuqoridagi tadqiqotlarning mohiyati quyidagi hadisda bayon etilgan.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:
“Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi”, dedilar.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Saidabror Umarov tayyorladi
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati