Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Ehson hamda sadaqaning foyda va fazilatlari (2-maqola)

12.05.2020   3145   4 min.
Ehson hamda sadaqaning foyda va fazilatlari  (2-maqola)

 

 

  1. Sadaqa shunday narsaki, u mol sohibidan qoladigan yaxshilikdir. Ya’ni mol-dunyo egasi o‘zi bilan olib ketadigan narsasi bu molidan qilgan sadaqasining savobidir. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o‘z foydangizga”, deb marhamat qilgan (Baqara surasi, 272-oyat).
  2. Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhodan: So‘yilgan qo‘ydan nima qoldi?” deb so‘radilar. Onamiz: Undan bir yelkasi qoldi dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir yelkasidan boshqasi qoldi”, dedilar. Ya’ni qilingan ehson aslida qolgani dedilar.
  3. Alloh taolo sadaqa beruvchining savobini ko‘paytirib beradi. Qur’onda: “Albatta, sadaqa qiluvchi erkagu ayol hamda Allohga qarzi hasana beruvchilarga (savob) ko‘paytirib berilur. Ularga karamli ajr ham bor” (Hadid surasi 18-oyat), deyilgan bo‘lsa, boshqa bir oyatda esa: “Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?! Bas, toki U zot unga berganini ko‘p marta ko‘paytirib bersa”, deyilgan (Baqara surasi 245-oyat).
  4. Sadaqa qiluvchi jannatning xos bo‘lgan sadaqa eshigidan chaqiriladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “... Kimki namoz ahlidan bo‘lsa. Namoz eshigidan chaqiriladi. Kimki jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan chaqiriladi. Kimki sadaqa beruvchi ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi. Kimki ro‘za ahlidan bo‘lsa, Rayyon eshigidan chaqiriladi”, dedilar. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu: Bu eshiklarning barchasidan chaqiriladigan biror- bir kishi bormi? degan edilar, Nabay alayhissalom: “Ha, sen ulardan biri bo‘lishingga umid qilaman”, dedilar.
  5. Sadaqa hadisda aytilgandek ya’ni ro‘zador, janozada qatnashish va kasalni borib ko‘rish bilan bir kunda qilinsa jannat vojib bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bugun ro‘za tutgan holda kunni boshladi? dedilar. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu: Men”, dedilar. Kim bugun janazaga qatnashdi? dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: Men”, dedilar. “Kim bugun kasalni borib ko‘rdi?” dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Men”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir kishida ushbu ishshlar jam bo‘lsa, u jannatga kiradi”, dedilar.
  6. Sadaqa berish bilan qalbda rohat va taskinlik paydo bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida baxil va infoq qiluvchi kishini zarbul masal qildilar: “Go‘yoki u ikkisida jangda kiyiladigan temirdan bo‘lgan kiyim bor. Infoq qiluvchi kishi infoq qilsa go‘yoki o‘sha kiyimi unga mos kelib, hamma a’zosini yopib turganday kengayib ketadi. Ammo bahil kishi esa infoq qilishni istamaydi. Go‘yoki qo‘lini bo‘yniga bog‘lab olganday. Infoq qilay desa qo‘li bog‘langan. Huddi shunday unga kiyim sig‘may tor bo‘lib qoladi”, degan mazmunda aytganlar.
  7. Agar infoq qiluvchi ulamolardan bo‘lsa, Allohning huzuridagi eng go‘zal maqomda bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyo to‘rt nafar kishi uchundir. Birinchisi shunday kishiki, unga dunyo ham, ilm ham beriladi. U ilmi bilan Allohdan qo‘rqadi va dunyosini silai rahm qilishga sarf qiladi. Bu eng buyuk maqomdir”, dedilar.
  8. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam infoq qiluvchi boy kishini Qur’on bilan vaqtini o‘tkazuvchi kishining maqomiga tenglashtirdilar. Hadisda: “Ikki kishiga hasad qilsa bo‘ladi. Bir kishiki Alloh unga Qur’onni bergan bo‘lsayu, u kechayu kunduz uni qoim qilsa. Yana bir kishiki, Alloh unga mol-dunyo bergan bo‘lsayu, u kechayu kunduz uni infoq qilsa”, deyilgan. Qani endi Alloh muvaffaq qilsayu, bu ikkisini ham jam qilinsa. Allohdan bu borada o‘z fazlini so‘raymiz.
  9. Sadaqa bandaning ishonchi va iymoniga dalildir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqa hujjatdir”, deganlar.
  10. Sadaqa molni poklovchidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey tijorat ahli, albatta tijoratda bekorchi gaplar va qasam aralashib qoladi. Uni sadaqa berish bilan alishtiringlar (paydo bo‘lgan gunohlarni sadaqa berish bilan yo‘q qilinglar)”, dedilar.

Yahyo UBAYDULLOH o‘g‘li,

“Shayx Zayniddin” masjidi imom-xatibi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3711   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.