Mana bir necha kunlardan buyon Alloh taolo barcha musulmonlarga farz qilgan ulug‘ bir ibodatni ado yetmoqdamiz. Bu oyda barcha musulmon ummatiga o‘zi uchun savob bo‘lib yoziladigan ishlarni qilmoqligi farzdir. Shuning uchun har bir odam o‘ziga kunlik qiladigan vazifalarini jadval tarzida belgilab olishi maqsadga muvofiq ishlardan hisoblanadi. Mana shunday jadvallardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
Qur’oni karimni qiroat qilishda ma’nolarini his yetgan holda, tadabbur, tafakkur bilan uni qiroat qilishga beriladigan ulug‘ bir ajrni ham his yetgan holda qiroat qilish lozimdir. Sababi bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan, har safar Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelganlarida u zotga Qur’oni karimni o‘qib berganlar.
Alloh taolo bandalariga besh vaqt namozni o‘z vaqtida ado etishni farz qilgan. Bu oyda namozga yanada mustahkamroq turib, farz namozlaridan tashqari nafl ibodatlarni ham ado etishga banda haris bo‘lmog‘i lozimdir. Sababi bu oyda qilingan nafl ibodatga Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadislarida zikr qilinganidek, farzning savobichalik savob beriladi.
Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimning bir necha oyatlarida O‘ziga ibodat qilish bilan birga ota-onaga ham yaxshilik qilishga buyurgan. Bu ulug‘ bir fazilatli ish hisoblanib, insonning keyingi hayot yo‘li farovon va baxtli tarzda kechishi uchun ota-onaning duosi va ularga qilingan yaxshiliklar sababchi bo‘ladi.
Bu oyda iloji boricha saxiylik ko‘rsatib, beva-bechora, yetim-yesir va muhtojlarga xayr-ehson qiling. Hattoki bir dona xurmo sadaqa qilib bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan ozod qilib qoling!
Alloh taolo Qur’on karimning bir necha oyatida ko‘proq duo va zikr qilishga buyurgan. Har kunlik zikrlarni reja asosida tartiblab olish lozim. Bu qilingan zikrlar o‘z navbatida insonning gunohlarini kechirilishiga sabab bo‘lishi bilan birga eng asosisi insonni qalban Alloh taolo bilan muloqotini yanada yaqinlashtiradi. Ko‘p zikr qilgan inson hech qachon Alloh taolo qaytargan ishlarni qilmaydi va insonlarga ham yomon, qo‘pol muomolada bo‘lmaydi. Demak, bunday inson faqatgina yaxshi ishlarni qilib, yomon so‘zlashdan ham tiyiladi.
Sevikli Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ro‘za tutuvchi insonning iftor vaqtida qabul bo‘ladigan duosi bor”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Demak, har bir inson mana shu keltirilgan hadisga amal qilgan holatda iftor vaqtida Alloh taolodan hojatlarini so‘rab duo qilishi kerak ekan. Bu albatta duolar qabul bo‘ladigan vaqtlardan biri hisoblanadi. Banda hech qachon duo qilishdan umidini uzmasligi lozim.
Bugungi karatin sharoitida vaqtni zoye qilmasdan ustozlar bergan topshiriqlarni o‘z vaqtida ado qilib borish kerak. Ota-onalar ham o‘z navbatida farzandlariga dars tayyorlashda yordamlashishi kerak. Dars tayyorlash asnosida farzandiga: «O‘g‘lim, agar sen hozirdan o‘zing uchun kerakli bilimlarni egallasang, kelajakda ular senga as qotadi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning: “Kim ilm olishda bardavom bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning yo‘lini yengil qilib quyadi”, degan hadislarini o‘rgating. Shunda farzandingiz ota-onasining ham va vatanining ham koriga yaraydigan inson bo‘lib kamolga yetadi.
Alloh taolo barchamizni Ramazon oyini g‘animat vaqtlarning qadriga yetib, har bir olgan nafasimizda qalbimizdan Alloh taoloni zikr qilishimizni barchamizga O‘zi nasib qilsin!
Haytmurat YERЕJЕPOV,
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent Islom instituti
2-kurs talabasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Albaniyaning Tirana shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning 13-Bosh assambleyasida milliy sportimiz kurash 2025 yili Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tashkil etiladigan Islom birdamlik o‘yinlari dasturiga kiritilgani e’tirof etildi.
Dunyoning ko‘plab davlatlaridan delegatlar, sport tashkilotlarining mutasaddilari, xalqaro sport federatsiyalarining rahbarlari qatnashib, Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi sport turlari, texnik-taktik jihatlar, musobaqalar taqvimi ko‘rib chiqildi, muhokama qilindi.
Assambleyada delegatlarning taklifi va qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘zbek sporti - kurash Islom birdamlik o‘yinlari tizimidan joy olgani e’lon qilindi.
Assambleya yig‘ilishi doirasidagi tadbirlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbariyati ISSA mutasaddilari bilan kurashni xalqaro maydonda rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash borasida fikrlashildi.
Muhokamalar jarayonida IKA va ISSA texnik vakillari kurash musobaqalariga tegishli masalalar, xususan vazn toifalari, hakamlik, qur’a tashlash, translyatsiya, jihozlar, inventarlar va boshqa texnik tafsilotlar borasida ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish lozimligini ta’kidladi. Kelishuvlarga erishildi.
Ota-bobolarimizdan meros kurashning sport turi sifatida xalqaro maydonda ommalashayotgani, qamrovi yildan yilga kengayayotgani barchamizga cheksiz iftixor bag‘ishlashi shubhasiz. Islom birdamlik o‘yinlari tizimidagi rasmiy sport turlaridan biri bo‘lgani esa Olimpiada sari tashlangan muhim qadam, deyish mumkin.