Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ramazon oyida ikki yosh yigit bir otaxonning odamlar ko‘zidan pana joyda taom yeyayotganini ko‘rib qolishibdi:
– Otaxon! Siz ro‘zador emasmiciz?
Otaxon:
– Alhamdulillah, ro‘zadorman bollarim. Faqat suv ichib, taom yeyapman, xolos.
Yigitlar qah-qah otib kulib yuborishdi:
– Bu nima deganingiz?
Otaxon:
– Hech kimga yomon ko‘z bilan qaramayman, biror kishining ko‘ngliga ozor yetkazmayman, mazax, g‘iybat qilmayman, birovning moliga ko‘z olaytirmayman, lekin ming afsuski, oshqozonim kasal, shu bois me’damni ro‘zador qilolmayapman.
Keyin otaxon yigitlardan so‘radi:
– Sizlar ham ro‘zadormisiz, bolalarim?
Yigitlar boshini egib:
– Biz faqat ovqat yemayapmiz, xolos...
Darhaqiqat, ro‘zador o‘zini isloh etmas ekan, ochlikdan boshqa hech narsaga erishmaydi.
Ro‘za qalbimizda, uning sifatlari esa jismimizda namoyon bo‘lishi kerak. Dilimizni Allohga bog‘lamasak; aqlimiz ila tafakkur etmasak, tilimizni behuda so‘zlar, ko‘zlarimiz-qo‘llarimizni bekorchi narsalardan tiymasak ro‘za tutishdan hech qanday foyda bo‘lmaydi.
Sayyid Abdulqodir Jiyloniy quddisa sirruhu ro‘zani to‘rt xil bo‘lishini aytganlar:
O‘zini tanimoq istagan ko‘ngillar uchun o‘tgan avliyolar hikmatlari saboq emasmi?!
Guljahon Rayhonova Ismoilovna,
Qarshi shahri.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.