Butun musulmon olamida, jumladan, yurtimizda ham Ramazoni sharif o‘zining fayzi va barakoti ila davom etmoqda. Ramazon yer va osmonlar ziynatlanadigan, qalblarni yumshatib go‘zallashtiradigan, jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitilgan hamda savoblar behisob beriladigan oy. Ramazon oyi ro‘zasini tutish ikkinchi hijriy yilda farz bo‘lgan. Ya’ni, Alloh taolo ikkinchi hijriy yilda Ramazon oyi ro‘zasini tutish haqidagi oyatlarni nozil qilgan.
Ramazon ro‘zasini tutish islomning besh asosiy ruknlaridan biri hisoblanadi. Ro‘za Alloh taoloning roziligiga erishish uchun tong otgandan to quyosh botgungacha yeyish-ichish, shahvoniy nafslardan o‘zini tiyish va har xil gunohlarga sabab bo‘ladigan ishlardan saqlanishga sabab bo‘ladigan ibodat. Alloh taolo bandalariga iymonni, namozni, halolga buyurib, haromdan qaytardi. Temirchi temirni bir olovga, bir suvga solib toblaganidek, Alloh taolo bandalarini turli ibodatlarga buyurib, ularning iymonini, jismu jonini po‘lat kabi toblashni ixtiyor qildi. Anglab yetganimizdek, Islom dinida har bir ibodatning o‘z mohiyati va hikmati bor. Jumladan, insonlarga ro‘za tutishning farz qilinishida o‘ziga xos hikmat va fazilatlar bor. Ular Alloh taoloning roziligini topish, nafsni jilovlab badan va ruhni tarbiyalashdir. Quyida ular haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz:
Avvalo, insonlarga ro‘za tutishning farz qilinishi oliy hikmati oyati karimada aytilganidek, bu – inson ro‘za tutish bilan qalbini turli xil g‘illu g‘ashlardan poklab, niyatni xolis qilib nafsini jilovlash hamda qalbda taqvosini ziyoda qilib, shu orqali Alloh taoloning roziligini topishdir:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Allohdan savob umid qilib bir oy davomida o‘z ixtiyori bilan kunduz kunlar yemoq-ichmoqdan, shahvatdan o‘zini to‘xtatib yurgan inson bu dunyosida ham, oxiratida ham ulkan foydalar topadi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymon ila savob tilab tutsa, uning oldingi barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar[1].
Boshqa bir hadisda payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirsa, jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkiladi va shaytonlar zanjirlanadi”, deganlar.[2]
Ro‘za tutuvchilarga ajr, savob va oxirat darajalarini va’da qiluvchi bu kabi hadislar juda ham ko‘p. Lekin ro‘za tutishning foydasi shu bilan chegaralanib qolmaydi. Balki, ro‘za tutishda bugungi kunda inson jismiga va uning ruhiyatiga hamda hayotiga foydalari juda ko‘p. Zero, Ramazon ro‘zasining farz qilinishining yana bir hikmati ham nafsni jilovlab, ruhni tarbiyalashdir.
Har narsaning zakoti bo‘lganidek, badanning ham zakoti bor. Badanning zakoti esa ro‘zadir. Banda zakot bilan molini tozalagani kabi, ro‘za bilan ham qalbini va ruhini xar xil illatlardan tozalaydi va o‘zini ruhan va jismonan tarbiyalaydi. Inson molidan zakot berish orqali molini halokatdan saqlagani kabi, ro‘za tutish bilan jismiga keladigan turli zararli illatlardan xolos bo‘ladi. Tabiblar inson ro‘za tutish sababli to‘g‘ri ovqatlanadigan ro‘zadorning jismiga keladigan foydalarni sanab o‘tishgan. Quyida ularning ayrimlarini keltiramiz:
Ro‘zador kishi qonida xolestiren kamayib sklerozdan xolos bo‘ladi, o‘pka tozalanadi, tutqanoqdan xolos bo‘ladi, saraton, qand, ekzema, allergiya, bronxial astma, bronxit, bavosil, jigar kasalliklaridan xolos bo‘ladi. Ichaklar turli illatlardan tozalanadi, ro‘za bo‘g‘inlar shishiga foyda beradi, yurak atrofini yog‘ qoplashidan saqlaydi, qon bosimi normallashadi, qon aylanishi faollashadi, qon tomirlari torayishi yo‘qoladi, shahvoniy hirs kamayib u sababli keladigan kasalliklardan himoyalanadi, qon tomir va to‘qimalarida to‘planib qolgan zaharli moddalar tozalanadi, buyrakda tosh paydo bo‘lishini oldini oladi, semizlikdan qutuladi, immunitet ko‘tariladi va boshqalar.
Ramazon ro‘zasining inson ruhiyatiga ijobiy ta’sirlari xususida ham to‘xtalib o‘tsak. Ro‘za insonni halol poklikka da’vat etadi, uning nafsini tarbiyalab, qalbini g‘uborlardan tozalaydi va ruhan komillikka undaydi. Inson bir oylik Ramazon ro‘zasini tutish bilan bir yilga tatigulik ruhiy ozuqani g‘amlaydi. Yil bo‘yi o‘zining nafsini boshqara oladigan, irodasi mustahkam, sabr-qanoatli va har xil yomon ishlardan o‘zini saqlaydigan inson bo‘ladi. Chunki ro‘za tutgan odam nafaqat o‘zini taomdan, balki yomon ishlardan ham o‘zini to‘xtatishga ham majburdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kimki yolg‘on so‘zni va unga oid ishlarni tashlamasa, Alloh taologa uning yemoq ichmog‘ini tark etganiga savob berishni hojati yo‘qdir”, dedilar[3].
Ramazon oyi go‘zal axloq va yaxshi odob fursatidir. Bu oyda biror kishi bilan tortishish va janjallashish yaxshi ish emas. Ramazonda bunday amallardan yanada uzoqroq bo‘lish, hatto birov so‘ksa ham, haqorat qilsa ham, unga ro‘zadorligini aytishdan boshqa javob qaytarilmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Binobarin, ro‘za tutgan kishi haqorat so‘zlarinin tilga olmasin, so‘zlashganda baqirmasin, birovni masxara qilmasin! Agar biror kishi ro‘zador bilan urishsa yoki uni haqorat qilsa, ro‘zador ikki bor: “Men ro‘zadorman”, desin!”, dedilar”[4].
O‘z ixtiyori bilan och qolgan, tashna bo‘lgan odamda o‘z-o‘zidan rahm-shafqat hislari uyg‘onadi. Kambag‘al-miskinlarga yaxshilik qilish tuyg‘ulari kuchayadi. Buni ro‘za tutgan har bir odam darhol mulohaza qiladi. Ayniqsa, ochlik va tashnalikni o‘z tanasida sinab ko‘rgan shaxs, turli sabablarga ko‘ra doimo och qolganlarga rahm-shafqat qilish lozimligini to‘la tushunib yetadi. Shuning uchun ham, ro‘zadorlardan och-yalong‘och, beva-bechora, kambag‘al-miskinlar foydasiga xayr-sadaqa qilish ko‘payadi.
Ramazon ruhan poklanish va axloqan yuksalish oyidir. Ramazon oyida shaytonlar kishanlanib, insonni yomonlikka chorlovchi vasvasalari cheklanadi va kishilarning o‘zlarini tarbiyalashga imkon beriladi. Bu oyda qilingan gunohning boshqa oylarda qilingan gunohlardan jazosi qattiqroq bo‘ladi. Shu bois, hadislarda Ramazon oyida barcha axloqsizliklardan va gunohlardan poklanishga qattiq targ‘ib qilingan. Yolg‘on gapirilmaydi, tuxmat va bo‘hton kabi ishlardan uzoq turiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki yolg‘on so‘zlashni tark etmasa va Alloh qaytargan narsalardan qaytmasa, ro‘za tutib, yemay-ichmay qo‘ygani bilan ro‘zasi qabul bo‘lmaydi. Alloh unga rahmat nazarini tashlamaydi”[5].
Ro‘za o‘z sohibini yomonlik va gunohlardan asraydigan bir qalqondir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb aytganlar: “Ro‘za (tutmoqlik) do‘zax o‘tidan asrovchi vositadir!”[6].
Ibn Mojada kelgan boshqa bir rivoyatda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qalqon jangda sizni asragani kabi ro‘za ham jahannam olovidan asraydi”[7].
Bugungi kunda mehr shafqatga, rahmdillikka va xayri ehsonga muhtoj kishilar qanchalik ko‘p ekanliklarini hisobga oladigan bo‘lsak, ro‘zaning ahamiyati yana ham ortadi. Ramazon sharifda o‘ta saxiy bo‘lish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning odatlaridir.
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxiy odam edilar. U kishining eng saxiy bo‘lishlari Ramazonda bo‘lar edi”, deyilgan[8].
Biz Ramazonning foydalari haqida dengizdan bir tomchisini aytib o‘tdik, xolos. Ro‘zaning hikmatlarini bayon qilar ekanmiz, ro‘zador kishi ro‘za tutishdan niyatining xolisligi, Alloh taolodan savob umid qilib, o‘ziga bir yilga yetkulik ruhiy ozuqa taqvoni g‘amlab olishga alohida ahamiyat berishi lozim ekanligini ta’kidlash lozim. Chunki kishi ro‘zador bo‘lsayu, ammo uning ro‘za tutmog‘idan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmasa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytib o‘tganlaridek, barcha a’zolarini gunohdan tiymasa, unday kishi ochlik va chanqoqlikdan o‘zga narsaga ega bo‘lmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchundir va uning mukofotini men – O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urushmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan hushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. Biri – iftor vaqtida, ikkinchisi – Parvardigorga yo‘liqqanida”, dedilar (Beshovlari rivoyat qilgan).
Ramazon oyida ham, har qachongidek bemorlar, keksalar holidan xabar olish, ko‘ngli yarim insonlarni yo‘qlash, bolalarga hadyalar berish kabi go‘zal urf-odatlarimizni esdan chiqarmaylik. Ota-onalarimiz, qavm-qarindoshlarimiz, ulug‘larimiz, ustozlarimiz ziyoratiga borib, ularning duolarini olish, yordamga muhtoj kishilarga qo‘ldan kelganicha xayr-saxovat ko‘rsatish, eski gina-kudratlarni unutib, silai-rahmni va insoniy munosabatlarni tiklab olishga shoshilaylik.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-
tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Abu Lays Samarqandiy “Tanbehul g‘ofiliyn”. B 315.
[2] Abu Bakr Bayhaqiy. “Shu’bul-iyman”. 3-juz. B 300.
[3] Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 707- hadis.
[4] Imom Buxoriy. Ro‘za kitobi. 1894-hadis.
[5] Imom Buxoriy. Ro‘za kitobi. 1903-hadis.
[6] Imom Buxoriy. Ro‘za kitobi. 1894-hadis; Imom Muslim. Ro‘zaning fazilati bobi. 2761-hadis.
[7] Ibn Moja. Sunan. 1639-hadis.
[8] Shayx Muhammad Muhammad Yusuf “Hadis va Hayot”. 9-j.B 89.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.
Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.
Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.
Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.
Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.
Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.
Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.
Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.
IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.
Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.
Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.
Mahmud Mahkam