Oxirgi paytda dunyoda har kuni 90-100 ming nafar inson koronavirusni yuqtirib olmoqda. Bugunga kelib, unga chalinganlarning umumiy soni 4,2 millionga yetdi. Ming afsuski, ularning 282 ming nafardan ziyodi olamdan o‘tdi.
Ta’kidlash zarurki, butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda. Hatto pandemiyaga qarshi muvaffaqiyat bilan kurashgan Janubiy Koreyada bir oylik pasayishlardan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni keskin oshdi. U yerda so‘nggi sutkada virus yuqtirganlar soni 34 kishiga ko‘paydi. Bu 12 apreldan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. E’tiborli jihati, Janubiy Koreyadagi yangi kasallanish holatlarining barchasi karantin talablari asosida o‘zini izolyatsiya qilmagan bitta bemor bilan bog‘lanmoqda.
Bu o‘z navbatida xalqimizdan joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga qat’iy amal qilishni talab etadi.
Shu yil 7 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Davlatimiz Rahbari “Har birimiz karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz va xalqimizning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz zarur va shart”, deb bugungi kunning eng ustuvor tamoyilini ta’kidladilar.
Respublikamizda karantin cheklovlari yumshatilishi barobarida ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishimiz zarur.
Afsus bilan qayd etish kerakki, ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo‘shish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini qo‘pol ravishda buzmoqda. 2020 yil 10 may kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni avvalgi kunlardan ko‘payib, 69 nafarni tashkil etgani barchamizni karantin talablariga rioya etishda hushyorligimizni oshirishimiz zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu sinovli kunlarda jiddiy tashvish tug‘dirayotgan xavflardan biri — co‘nggi vaqtda ayrim fuqarolarda kuzatilayotgan beparvolikdir. Ayrim hududlarda karantin cheklovlari yumshatilgani sababli gigiyena qoidalarini unutib qo‘ymaylik. Bu birinchi navbatda niqob va qo‘lqop taqish, ijtimoiy masofalanish, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik va uch kishidan ortiq to‘planmaslik bilan bog‘liq.
Ta’kidlash joizki, karantin cheklovlarini o‘rnatishdan birdan-bir maqsadi shuki, xalqimizning salomatligini saqlash, ular orasida yangi turdagi virus tarqalishining oldini olish. Shundaĭ paĭtlarda ŭzimizning va yaqinlarimizning sog‘ligiga befarq bŭlmaĭ, karantin va gigiyena talablariga qat’iĭ rioya qilish zarur.
Taassufki, pandemiya tufayli o‘rnatilgan tartib-qoidalarni mensimaslik holatlari ham uchrayotgani kishini qattiq tashvishga soladi. “Birniki mingga, mingniki – tumanga”, degan gap bor xalqimizda. Arzimas bahona bilan karantin qoidalarini pisand qilmay, vaj-karsonlar to‘qiyotgan kimsalarning maqsadi nima? Axir, ular ham vaziyatni yaqqol ko‘rib, sezib turishibdi-ku.
Islom dinida insonning yuqumli kasalliklarga sabr qilishiga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Agar biror joyda vabo yoki halok qiluvchi biror yuqumli kasallik tarqalsa, u yerdagi kishi sabr qilsa, unga shahidlik savobi beriladi. Agar biror kimsa besabrlik qilsa, u bu ajrdan bebahra qoladi.
Shunday ekan, har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining hayotiga katta xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.
Ulamolar ittifoq qilgan qoida shuki, Islom shariati hukmlarining maqsadi beshta asosni himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, ular – jon, din, nasl, mol va aqldir.
Qur’oni karimda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat). Boshqa oyati karimada: “...o‘z qo‘llaring bilan o‘zlaringni halokatga tashlamanglar...” (Baqara surasi, 195-oyat), deyilgan.
Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”, deganlar. Jonni asrab-avaylash to‘g‘risida bulardan boshqa ham ko‘plab diniy ko‘rsatmalar mavjud.
Mo‘tabar fiqhiy kitoblarda “Ayni paytda salomatlikka va kelajakda tinch-totuvlikka sabab bo‘ladigan narsaga amal qilish – shariat va aql nuqtayi nazaridan vojib hisoblanadi”, deb bayon etilgan.
Afsuski ayrim joylarda janoza kabi diniy marosimni amalga oshirishda Respublika maxsus komissiyasining karantin bo‘yicha talablariga, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi fatvosiga amal qilmaslik oqibatida noxush holatlar sodir bo‘lmoqda.
Jumladan, viloyatlarimizning birida janoza va dafn marosimida belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik oqibatida ko‘p sonli fuqarolarni karantinga olishga majbur bo‘lindi.
Yana shuni qayd etish kerakki, insonlar manfaatini yuzaga keltirish hamda ulardan zararni daf qilish Islom dinida bayon etilgan oliy hikmatdir. Jamoaviy namozlarni ado etish sunnat bo‘lsa, lekin ularni ado etish bilan zarar kelib chiqsa, ana shu zararning xavfi ustun ko‘riladi. Pandemiya sharoitida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining boshqa musulmon mamlakatlarida kabi qabul qilgan Fatvo va qarorlariga zid ravishda xonadon va masjidlarda jamoaviy namozlarni ado etishga harakat qilish yoki janoza, dafn marosimlarini belgilangan (10-15 kishi) adaddan ko‘p odamlarni to‘plash musulmonlarning joni va sog‘lig‘ini xatarga qo‘yishini unutmaslik kerak.
Islom dinida insonlar o‘z rahbarlariga, ayniqsa hozirgi kabi tahlikali davrda har bir musulmon diniy masalalarda ulamolarning, salomatligini saqlashda esa tabib-shifokorlarning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etishi talab qilinadi. Kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha hukumat, shifokorlar va ulamolar qanday yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berishsa, ularga amal qilish zarur. Zero, oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” – deb ta’kid qilinadi (“Niso” surasi, 59-oyat).
Bugun har qachongidan ko‘ra, amrga itoat etadigan, birlashadigan, jipslashadigan muvaqqat davrda yashayapmiz. Xalqimizda “Har bir tun ortida tong bor” degan naql bor. Bu o‘zida juda katta umid va ishonchni jamlagan iboradir. Tushungan holda itoatimiz, chiroyli sabrimiz, xayrli amallarimiz ila bunday sinovli kunlarni yengib o‘tsak, ertaga tinch-totuv, xotirjam, to‘kin kunlarga yetamiz, albatta.
Har birimiz zimmamizdagi vazifalarga yanada mas’uliyat bilan yondashib, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishimiz, eng bebaho ne’mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirishimiz shart.
O‘.Hasanbayev
Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz hamda ilk marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti faoliyati misolida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning amaliy tasdig‘ini ko‘ramiz.
Ayniqsa, yangi parlamentimiz tomonidan joriy yilda sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonunlar hamda yurtimizda do‘stlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash, inklyuziv jamiyat, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, kam ta’minlangan insonlar manfaatlarini himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash bo‘yicha ko‘plab muhim qarorlar qabul qilinganini ta’kidlash lozim.
Mahalliy kengashlar ham o‘z hududlaridagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Ular tomonidan o‘tgan davrda 25 mingdan ziyod masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingani, mansabdor shaxslarga 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgani ham shundan dalolat beradi.
Vakillik organlarini chinakam xalq minbari, xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizning davomi sifatida 2026 yilning 1 yanvaridan tuman va shaharlarda ham hokim va Kengash raislari vazifalarini alohida ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Bir so‘z bilan aytganda, xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga bundan buyon ham sodiq qolib, ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari orqali shu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz chuqur tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda.
Keyingi vaqtda barcha soha va tarmoqlarda qo‘lga kiritayotgan natijalarimizga shu nuqtayi nazardan baho berar ekanmiz, ularning zamirida, eng avvalo, insonparvarlik va xalqparvarlik tamoyillari mujassam ekanini va ular o‘z samarasini berayotganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgani, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan75,1 yoshga uzaygani va boshqa raqamlarni keltirish mumkin.
Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1 million nafardan ziyod fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushirildi.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilmoqda.
Masalan, 2025 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 19 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qayd etildi. Global innovatsiya indeksida yurtimiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha kuchli uchlikdan joy oldi. “S&P”, “Fitch” va “Moody's” kabi nufuzli xalqaro agentliklar tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi oshirildi.
Nufuzli xalqaro anjuman – YUNЕSKO Bosh konferensiyasi so‘nggi 40 yil davomida birinchi marta Parijdan tashqarida, ya’ni, Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham jahon hamjamiyati tomonidan muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir.
Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman.
Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti