Allohga behisob shukrlar bo‘lsin, fazilatli ramazonning birinchi yarmi ham deyarli ortda qoldi. Bu oyning o‘ziga xos xislatlaridan biri bu xayru sahovat va mehr-oqibatning jonlanishidir.
Ruknimizning bu galgi suhbatdoshi bir nechta diniy-ma’rifiy internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar muallifi, “Mehr ulash” xayriya guruhi tashkilotchilaridan biri, ijodkor, jurnalist, blogger va targ‘ibotchi, Toshkent shahridan Jamshid aka Nazarov. Jamshid aka Ramazonni qanday o‘tkazayotganligini biz bilan bo‘lishdi.
“Barcha mo‘min-musulmonlar qatori biz ham har yili ramazon oyini oilaviy intizorlik bilan kutamiz. Bu yilgi ro‘za kunlari butun dunyoda taralgan virus pandemiyasi vaqtiga to‘g‘ri kelgani biz kabi xayriya guruhi tashkilotchilarning yelkasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yukladi. Biz har yili ramazonni masjidlarni to‘ldirib tarobeh o‘qish va qorilarning qiroatini internet orqali media olamiga tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lar edik.
Karantinning ham o‘z hikmati bor ekan. O‘tgan yillar davomida ijod bilan bo‘lib ota-onam va oilam bilan deyarli iftorlik va saharlik qilmagan ekanmiz. Shunday baxtlarga ham musharraf bo‘ldik!
Ro‘zaning ilk kunlaridanoq ramazon rejasini tuzib oldik.
Ota-onam, aka-ukalarim bilan yonma-yon qo‘shni bo‘lib yashaganimiz sabab, saharlikni ota-onam bilan birga qilyapmiz. Saharlikdan so‘ng biroz suhbatlashib bo‘lgach otam, akam, ukam va biz (farzandlarim bilan) oilaviy katta jamoa bo‘lib bomdod namozini ado etamiz. Bomdoddan so‘ng soat o‘nlargacha sayt ishlari bilan shug‘ullanaman. Undan so‘ng farzandlarimning onlayn darslari bilan mashg‘ul bo‘laman.
Yana bir hursanchilik, har kuni muslim.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali berib borilayotgan ramazon suhbatlari va maqolalar, xususan “Topishmoqli 40 hadis” ruknini qoldirmasdan kuzatib, o‘rganib boryapmiz, ayniqsa bolalarim katta qiziqish bilan o‘rganyapti.
Asr vaqtiga kelib yana jamoa bo‘lib namozni ado etamiz. Alloh taolo bizga oshpazlikni ham yuqtirgan, behisob shukr. Shu sabab asrdan so‘ng ota-onam uchun maxsus iftorlikka atab taom pishiraman. Duolarini olish biz uchun sharaf.
Iftorlik va shom namozidan so‘ng to xufton vaqtigacha yana bir bor sayt ishlariga qarayman.
Xufton va taroveh namozini jamoat bo‘lib o‘qiymiz. Alhamdulillah katta o‘g‘lim bilan biga har kuni bir poradan xatm qilib boryapmiz. Kichik o‘g‘lim tasbeh aytib turadi va so‘ngidagi duoni otajonim qilib, yurtga xalqqa tinchlik, farovonlik va musibatlardan tezroq chiqishni Allohdan so‘rab iltijo qilamiz.
Haftada 2-3 kun rejaga asosan sheriklar bilan xayriya ishlarini ham amalga oshiramiz. Alloh qabul qilsin!
Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki bu yilgi ramazon ham o‘ziga xos hikmat bilan keldi. Oilaviy birdamlik, silayi rahm va oqibat yanada tiklandi. Yetkazganiga shukr!
Barcha vatandoshlarimizni Ramazon bilan chin qalbdan tabriklayman!
Saidabror Umarov suhbatlashdi
Shu yil 3-4 yanvar kunlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari, o‘quv-uslubiy va yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limlari boshliqlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent islom institutidan jalb qilingan professor-o‘qituvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda olib bordi.
Mazkur malaka oshirish kursidan ko‘zlangan maqsad diniy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishidagi mas’ul xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik usullarni joriy qilish va ta’lim sifatini yaxshilash sanaladi.
Yakunda tinglovchilarga mazkur malaka oshirish kursi yakunlagani to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati