Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

“Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz? Xayriya ishlari kengaydi, silayi rahm tikkalanyapti”

10.05.2020   4316   3 min.
“Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz? Xayriya ishlari kengaydi, silayi rahm tikkalanyapti”

Allohga behisob shukrlar bo‘lsin, fazilatli ramazonning birinchi yarmi ham deyarli ortda qoldi. Bu oyning o‘ziga xos xislatlaridan biri bu xayru sahovat va mehr-oqibatning jonlanishidir.

Ruknimizning bu galgi suhbatdoshi bir nechta diniy-ma’rifiy internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar muallifi, “Mehr ulash” xayriya guruhi tashkilotchilaridan biri, ijodkor, jurnalist, blogger va targ‘ibotchi, Toshkent shahridan Jamshid aka Nazarov. Jamshid aka Ramazonni qanday o‘tkazayotganligini biz bilan bo‘lishdi.

“Barcha mo‘min-musulmonlar qatori biz ham har yili ramazon oyini oilaviy intizorlik bilan kutamiz. Bu yilgi ro‘za kunlari butun dunyoda taralgan virus pandemiyasi vaqtiga to‘g‘ri kelgani biz kabi xayriya guruhi tashkilotchilarning yelkasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yukladi. Biz har yili ramazonni masjidlarni to‘ldirib tarobeh o‘qish va qorilarning qiroatini internet orqali media olamiga tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lar edik.

Karantinning ham o‘z hikmati bor ekan. O‘tgan yillar davomida ijod bilan bo‘lib ota-onam va oilam bilan deyarli iftorlik va saharlik qilmagan ekanmiz. Shunday baxtlarga ham musharraf bo‘ldik!

Ro‘zaning ilk kunlaridanoq ramazon rejasini tuzib oldik.

Ota-onam, aka-ukalarim bilan yonma-yon qo‘shni bo‘lib yashaganimiz sabab, saharlikni ota-onam bilan birga qilyapmiz. Saharlikdan so‘ng biroz suhbatlashib bo‘lgach otam, akam, ukam va biz (farzandlarim bilan) oilaviy katta jamoa bo‘lib bomdod namozini ado etamiz. Bomdoddan so‘ng soat o‘nlargacha sayt ishlari bilan shug‘ullanaman. Undan so‘ng farzandlarimning onlayn darslari bilan mashg‘ul bo‘laman.

Yana bir hursanchilik, har kuni muslim.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari orqali berib borilayotgan ramazon suhbatlari va maqolalar, xususan “Topishmoqli 40 hadis” ruknini qoldirmasdan kuzatib, o‘rganib boryapmiz, ayniqsa bolalarim katta qiziqish bilan o‘rganyapti.

Asr vaqtiga kelib yana jamoa bo‘lib namozni ado etamiz. Alloh taolo bizga oshpazlikni ham yuqtirgan, behisob shukr. Shu sabab asrdan so‘ng ota-onam uchun maxsus iftorlikka atab taom pishiraman. Duolarini olish biz uchun sharaf.

Iftorlik va shom namozidan so‘ng to xufton vaqtigacha yana bir bor sayt ishlariga qarayman.

Xufton va taroveh namozini jamoat bo‘lib o‘qiymiz. Alhamdulillah katta o‘g‘lim bilan biga har kuni bir poradan xatm qilib boryapmiz. Kichik o‘g‘lim tasbeh aytib turadi va so‘ngidagi duoni otajonim qilib, yurtga xalqqa tinchlik, farovonlik va musibatlardan tezroq chiqishni Allohdan so‘rab iltijo qilamiz.

Haftada 2-3 kun rejaga asosan sheriklar bilan xayriya ishlarini ham amalga oshiramiz. Alloh qabul qilsin!

Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki bu yilgi ramazon ham o‘ziga xos hikmat bilan keldi. Oilaviy birdamlik, silayi rahm va oqibat yanada tiklandi. Yetkazganiga shukr!

Barcha vatandoshlarimizni Ramazon bilan chin qalbdan tabriklayman!

 

Saidabror Umarov suhbatlashdi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Abul Barakot Nasafiyning ilmiy merosi va “Tafsirun Nasafiy” asari

16.06.2025   1231   7 min.
Abul Barakot Nasafiyning ilmiy merosi va “Tafsirun Nasafiy” asari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abul Barakot Nasafiyning ilmiy meroslari va xususan “Tafsirun Nasafiy” asari

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom instituti talabasi

Hamidullayev No‘monxon

 

Annotatsiya: Mazkur maqolada mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, hanafiy fiqh va moturidiy aqida yo‘nalishining yetuk vakillaridan biri bo‘lgan alloma Abul Barakot an-Nasafiyning ilmiy merosi o‘rganiladi. Uning kalom, fiqh va tafsir sohalariga oid muhim asarlari, xususan “Madorik at-Tanzil va Haqoiq at-Ta’vil” nomli tafsiri alohida tahlil qilinadi. Ushbu tafsir asari hanafiylik va ahli sunna ta’limotiga asoslangan bo‘lib, unda Zamaxshariyning “Kashshof” va Bayzoviy tafsirlaridan tanlab olingan jihatlar, ammo mo‘taziliy yondashuvlardan holi uslub qo‘llanilgan.

Muallif Qur’on oyatlarini fiqhiy, tilshunoslik va kalomiy jihatdan izohlab, tafsirni mo‘tadil, ixcham, isroiliylardan pok va ilmiy yondashuvga asoslangan holda yozgan. Shuningdek, maqolada Abul Barakot Nasafiyning boshqa mashhur asarlari va ulamolar tomonidan berilgan ta’riflar ham bayon etilgan. Bu maqola tafsir ilmi rivojiga qo‘shilgan boy ilmiy merosni ochib berish barobarida, hanafiy tafsir maktabining o‘ziga xos jihatlarini ham yoritadi.

Kalit so‘zlar: Abul Barakot an-Nasafiy, Madorik at-Tanzil, Tafsir an-Nasafiy, hanafiy mazhabi, moturidiy aqida, tafsir ilmi, Kashshof, Bayzoviy, ahli sunna val jamoa, fiqh, kalom, Qur’on tafsiri, mo‘g‘ullar davri, isroiliyat, qiroatlar, tafsir uslubi.

Nasafdan yetishib chiqqan ulug‘ olimlardan biri Abul Barakot Nasafiy o‘zining tafsir, fiqh, aqida sohalariga oid asarlari bilan mashhur bo‘lgan. U tug‘ilib, yashagan payt mo‘gullar hukmronligi davri bo‘lganligi uchun Movarounnahrda ilmiy, madaniy va iqtisodiy holat tanazzulga tushib qolgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Abul Barakot Nasafiy kabi fidoiy olimlar ilmni jonlantirishga va qayta tiklashga harakat qilganlar[1]. Abul Barakot Nasafiyning turli sohalardagi asarlari;

“Al-Musaffo fi sharh al-manzuma an-Nasafiya” (“an-Nasafiy nazmining musaffo sharhi ”) – ilmi kalomga oid;

“Al-Mustasfo fi sharh al-fiqh an-nofi” (“Tanlangan foydali fiqh sharhi”) – islom huquqshunosligiga oid;

“Umdat al-aqoid” (“Aqidalar asosi”) – kalom ilmiga oid.

Abul Barakot Nasafiyning tafsir ilmi bo‘yicha ahli ilm orasida “Tafsir an-Nasafiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” (Qur’on ma’nolari va ta’vil haqiqatlari) kitobi boshqa asarlar orasida eng qimmatlilaridan biri desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki boshqa tafsir kitoblari orasida katta shuhrat qozongan “Tafsir an-Nasafiy” kitobi dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgan, undagi oyatlar aynan moturidiya ta’limotiga binoan bayon etilib, o‘sha davrning ilm markazlari Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir. Bu asarni yozishda Nasafiy Zamaxshariyning “al-Kashshof an haqoiqi-t tanzil”, Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil” va boshqa  tafsirlardan foydalangan[2].

Alloma Laknaviy Abul Barakot Nasafiy 1310 yilda Bag‘dodga kelgani, mudarrislik qilgani va shu yerda vafot qilganlini aytib o‘tgan[3]. 1310 yili rabi al-avval oyining juma kuni kechasi Bag‘dodda vafot etgan hamda Isfahon yaqinidagi Izaj shahrida (Xuziston va Isfahon oralig‘ida) dafn qilingan.

Quyida ushbu buyuk imom haqida ba’zi ulamolarning fikrlari keltiramiz: Imom Laknaviy uni shunday ta’riflagan: “Komil imom, zamonasining ziyrak olimlaridan, fiqhda asosiy manbalarga amal qilgan, hadis va uning ma’nolarida yetuk olim”[4].

Imom Ibn Hajar uni “dunyoning allomasi”[5] deb atagan.

Ibn Kamol Pasha uning yuksak ilmiy maqomi haqida shunday degan: “U mutaqaddim faqihlar va muhaqqiqlar qatorida yuqori mavqega ega bo‘lib, zaif va mavzu' hadislarni o‘z asarlarida keltirmagan, balki mustahkam dalillarga tayangan”.

Shuningdek, u shunday degan: “Ijtihod eshigi u kishi bilan yopilgan, undan keyin hech bir mazhabda yangi mujtahid kelmagan”[6].

Abul Barakot Nasafiyning bir qator asarlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Nasafiy tafsiri ta’rifi va muallifining undagi uslubi.

Bu tafsirni Imom Nasafiy rohimahulloh “Tafsirul Bayzoviy” va Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirlaidan muxtasar qilib olgan. Lekin u Kashshofdagi mo‘tazila e’tiqodidagi fikrlarni tashlab, Ahli sunna val Jamoa mazhabiga ko‘ra ta’lif qilgan. Bu tafsir uzun tafsirlar bilan qisqa tafsirlar orasidagi o‘rtacha tafsirdir. Bu tafsirda Imom Nasafiy rohimahulloh qiroat va tarkib qoidalari o‘rtasidagi vajhlarni jamlagan. Bunga Kashshofda kelgan balog‘at qoidalari va yashirin nozik ma’nolarni kashf etishdan iborat bo‘lgan bir qancha narsalarni ham kiritgan.

Shu bilan birga, Zamaxshariy o‘z tafsirida qo‘llagan savol va javoblarni ham keltirgan. Lekin imom Nasafiy rahmatullohi alayh o‘zining bu tafsirida oyatlarni asos qilib olgan. Shuning uchun “Kashshof”ning sohibi suralarning fazilati haqida mavzu' hadislarni keltirganidek u kishi mavzu' hadislarni keltirmagan.

Imom Nasafiy rohimahulloh grammatik qoidalarga chuqur kirmay, balki yengil to‘xtalib o‘tgan. Mutavotir yetti qiroatni lozim tutib, har bir qiroatni o‘z qorisiga nisbatini bergan. Hukm oyatlarning tafsirida fiqhiy mazhablarga qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Har bir mazhab keltirgan fikrlarni qisqacha bayon qilib, asosan, ko‘pincha o‘zining hanafiy mazhabini qo‘llab-quvvatlagan. Mazhabiga muxolif kelganlarga raddiyalar bergan. Bu tafsirda Isroiliyot rivoyatlarining zikri kamdan-kam uchraydi. Shunda ham bunday rivoyatlarni keltirib turib, so‘ngra rad qiladi.

Darhaqiqat, imom Nasafiy rohimahulloh o‘z tafsirining avvalida qisqa bir iborani keltirib, unda o‘zining bu tafsirini yozishdagi yo‘nalishi va uslubini bayon qilib, jumladan, shunday deydi: “Tafsir ilmida qiroat va tarkib vajhlarini jamlagan, «Badi' va ishorat” ilmining nozik jihatlarini o‘z ichiga olgan, Ahli sunnat val jamoatning so‘zlari bilan bezalgan, bid’at va zalolat ahlining botil fikrlaridan xoli bo‘lgan, malol keladigan darajada juda uzun bo‘lmagan va xalal beradigan darajada juda qisqa bo‘lmagan, o‘rtacha bir kitobni yozdim».

 

FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YHATI

  1. Uvatov U. Yurtimiz allomalari. – Toshkent: Nihol, 2014. – B. 98.
  2. Abul Barakot an-Nasafiy. Kanz ad-daqoiq. – Madina: Dorus siroj, 2001 – B. 29.
  3. Abul Barakot an-Nasafiy. Kanz ad-daqoiq. – Madina: Dorus siroj, 2001 – B. 13.
  4. Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiyya. – Bayrut: Matba’atus sa’oda, 1998. – B. 101.
  5. Ibn Xajar Asqaloniy. Durarul kamina. – Haydarobod: Maorifil Usmoniya, 1994, – J. 1. – B. 17.
  6. Abdulhay Laknaviy. Favoidul bahiyya. – Bayrut: Matba’atus sa’oda, 1998 – B. 101-102.