Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2025   |   3 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:52
Peshin
12:26
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2025, 3 Muharram, 1447

Qachon qarz olish mumkin? (1 qism)

20.09.2023   1110   6 min.
Qachon qarz olish mumkin? (1 qism)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar omonlikda bo'lsangiz o'zingizni xavfga tashlamang” degan ma'nodagi hadisni aytgandilar, sahobalar roziyallohu anhum: “Qanday qilib, yo Rasululloh?” deyishdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Qarz(olib)”, deb javob berdilar.

 Qarz

Qarz inson halovatini va tinchini buzadi. Kechalari tashvishga, kunduzlari esa, xorlikka sabab bo'ladi. Shuning uchun musulmon banda imkon qadar qarz olishdan saqlanmog'i lozim. Qarzdorlik og'ir mas'uliyat va javobgarlikdir. Jobir roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo'la turib vafot etgan odamga janoza namozi o'qimas edilar. Bir mayyit olib kelindi. Shunda u zot alayhissalom:

Uning zimmasida qarz bormi? dedilar.

Ha, ikki dinor, deyishdi.

Sohibingizga o'zingiz janoza o'qing. Zimmasida qarzi bor odamga janoza o'qimayman”, dedilar.

Bu ishdan sahobalar qattiq hayratlandilar. Shu payt sahobalardan biri: “O'sha ikki dinor mening zimmamga, yo Allohning Rasuli”. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o'qidilar.

Alloh taolo fathlar ato etganidan keyin, musulmonlar boyliklarga ega bo'lishgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Men har bir mo'min uchun uning o'zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda”, deganlar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarining qarzlarini to'lashda ham otamizdan ko'ra mehribonroq edilar.

 Nabaviy ogohlantirish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir narsani o'z nomidan boshqa nom bilan atashdan qaytarganlar. Bugungi kunda ribo boshqa nom bilan, qarz esa bo'lib to'lash, yana qayndayir xayriya tashkilotlari kabi nomlar bilan atalmoqda. Lekin qanday atalmasin qarz bu – majburiyat, insonning zimmasidagi og'ir mas'uliyatdir.

 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdorlikdan panoh so'rardilar

Aqlli inson imkon qadar agar o'ta muhtoj yoki zarur bo'lmasa qarz olmaydi. Afsuski bugungi kunda esa qarz olish odatiy holatga aylandi. Qarz berish osonlashdi, uning turlari ko'paydi. Har qadamda, ko'chalarda, OAV, hatto qo'l telefoningizda ham “Hashamatli uyga, yangi mashinaga ega bo'ling degan” qarz olishga targ'ib qiluvchi reklamalar to'lib-toshdi. Ammo unutmangki, qarz faqatgina muhtoj bo'lingan holatda olinadi. Lekin ba'zi odamlar ortiqcha narsalar, hattoki dam olish, sayyohatlar uchun ham qarz olishmoqda. Inson bularning barchasidan ehtiyot bo'lishi lozim.

Inson imkon qadar boriga qanoat qilmog'i lozim. Masalan, ehtiyojini qondiradigan mashinani haydasin. Qimmatbaho mashinani qarzga olish shart emas. Keyin zimmasidagi qarzlarni uzolmay qiynalib yuradi.

  
 Agar qarzdor bo'lsangiz, uni uzishga shoshiling!

Agar bir inson qarz olishga o'ta majbur bo'lib qolsa, qarz olayotganida uzish niyatida bo'lishi shart. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki birovdan qaytarib berish niyatida qarz olsa, Alloh unga qarzini uzishga yordam beradi. Kimki moliga talofat etkazish maqsadida olsa, Alloh uning o'ziga talofat etkazadi”, deganlarShuning uchun, qarzdor qarzni yaxshi niyatda olishi lozim. Zimmasida qarzi bor odam Islomning rukni bo'lgan – haj amalini ado etishga qarz olib, e'tibor bering, hatto farz ibodatni bajarishga dinimiz buyurmagan. Balki qarzni uzish yoki qarz olgan odamdan ruxsat so'rash talab etiladi.


Boy odamning qarzni uzmasligi zulmdir

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Boy (qodir) bo'laturib qarzni kechiktirish zulmdir”, deganlar.

Kim qarzni qaytarishga imkoni bo'la turib, qarzini uzmasdan, qarz bergan odamni “Huda xohlasa beraman” deb sarson qilsa, unga zulm qilgan bo'ladi. Bunday holatlar bugungi kunda nafaqat insonlar, balki yirik tashkilot va muassasalar o'rtasida ham ko'p kuzatilmoqda.

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

27.06.2025   3931   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?

Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


 Ashuro qanday kun?

Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


 Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


 Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.


 Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari