Avvalo, barchani katta bayram – fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklab, mamlakatlarimizning jasoratli faxriylariga, do‘st xalqlarimizga sog‘lik-omonlik va farovonlik tilaymiz.
Urushda yelkama-yelka kurashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ota-bobolarimizning mardligi va qahramonligi avlodlarning minnatdor xotirasida abadiy qoladi.
Ikkinchi jahon urushida sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari fuqarolari qahramonlik, jasorat, sadoqat namoyish etdilar. Urushning eng og‘ir yillarida insonparvarlik ko‘rsatdilar. Buning eng yorqin dalili sifatida bosib olingan hududlardan tinch aholini O‘rta Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekistonga evakuatsiya qilinishini ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda 1999 yildan buyon har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanayotgani g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ota-bobolarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, urushda tinchlik uchun jon fido etganlar xotirasini mangu bilishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu kun o‘tganlar xotirlanadigan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yodga olinadigan, dorilamon kunlarga yetib, qarilik gashtini surayotgan qariyalar qadrlanadigan kunga aylandi.
Joriy yilning 30 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, shu yil fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi nishonlanmoqda. Jumladan, o‘tganlarimiz ruhi-poklariga Qur’on tilovatlari va xayrli duolar qilinadi. Barhayot bo‘lganlarini esa hollaridan xabar olinadi, moddiy va ma’naviy ko‘mak beriladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining muborak hadisi shariflarida marhamat qilib aytdilar: “Sizlardan vafot topib ketganlarni tiriklikda qilgan yaxshi amallarini yodga olib turinglar”.
Haqiqatan ham, o‘tganlarni xotirlash savobli va xayrli amallardandir. 1941-1945 yillarda fashizmga qaratilgan shiddatli janglarda qanchadan-qancha ota-bobolarimiz o‘z yurtining tinchligi uchun mardlarcha kurashib, jon fido qildilar. Bu yorug‘ kunlarni ko‘rish esa ularning aksariyatiga nasib etmadi.
Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘inbarot urushda 1,5 million nafar o‘zbekistonlik fuqaro front¬ga ketib, janglarda bevosita ishtirok etgani, ularning yarim millioni janggohlardan qaytmagani, yana qanchalab insonlar mayib-majruh, nogiron bo‘lib kelgani, minglab ayollar beva, bolalar yetimga aylanganini eslasak hali ham dahshatga tushamiz.
Front ortida qolgan yurt¬doshlarimiz esa, tunlarni kunlarga ulab, och-nahor bo‘lsa-da, o‘ta og‘ir, zahmatli mehnati bilan g‘alabaga, tinchlikka salmoqli ulush qo‘shdi. Xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat, saxovat, ezgulik singari yuksak insoniy xislatlar urush yillarida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.
Darhaqiqat, bugun ota-bobolarimizni e’zozlash, Vatan uchun jonini fido qilgan aziz insonlarning ruhi poklarini shod etish ezgu amallardan. Zero, ular orzu qilgan hur zamonlar biz avlodlarga nasib etdi.
Bugun har birimiz tinchligimizni saqlash, ona-Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda jonini tikkan aziz insonlar oldida qarzdormiz. Har doim ularga ehtirom ko‘rsatish dinimiz amridir.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi