Bandalarining ikki dunyo saodatini ko‘zlab, ro‘zani Islomning farz ibodatlari qatoriga qo‘shgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ummatlariga ro‘za tutmoqni barcha sir-asrorlari ila o‘rgatgan habib Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga abadul abad salavotu salomlar bo‘lsin!
Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Istilohda esa, «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqlikdir».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim beraman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay», dedilar» (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Ro‘zaning fazilatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo‘ygan. Mazkur fazilatlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.
Ma’lumki, havoyi nafsning aytganini qilaverish insonni unga qul qilib qo‘yadi. Natijada, inson havoyi nafsi nima desa, shuni qiladigan bo‘ladi. Havoyi nafs insonni hech qachon yaxshi narsaga buyurmaydi. Ro‘za tutgan kishi esa, ishtahasi kelib turgan holda turli taom, ichimliklar, shahvoniy va boshqa nafsi tilab turgan narsalardan o‘zini tiyishi bilan havoyi nafsining xohishini sindiradi. Shu bilan ro‘zadorning irodasi kuchayib, havoyi nafsini jilovlab olishga erishadi.
La’nati shayton inson bolasini yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka boshlab turadi. Inson yomonlikka yursa, shayton alayhila’na xursand bo‘ladi. Yaxshilikka yurib, Allohning amrini bajo keltirsa, u la’in xafa bo‘ladi. Ro‘zador yomonliklardan qaytishi va Allohga taqvo qilishi bilan shaytonga qahr ko‘rsatgan bo‘ladi.
Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taoloning kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish esa, kishi qalbini musaffo qiladi. Uning qalbiga Alloh muhabbatidan boshqa narsa sig‘may qoladi. Ro‘zador kishi o‘z-o‘zidan yomonlik qila olmay qolishi ham shundan.
Ma’lumki, yemaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xos sifatdir. Ro‘za tutgan inson o‘zining ro‘zadorligi ila aynan o‘sha sifatlarga sohib bo‘ladi.
Bu esa har bir inson uchun juda ham zarur sifatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun o‘zini turli shahvatlardan tiygan kishi esa, keragicha sabr-bardoshga ega bo‘ladi.
Ro‘za tutgan kishi o‘z ixtiyori ila och qolib, chanqab, turli ko‘ngil xohlaydigan narsalardan vaqtincha mahrum bo‘lish bilan o‘z ixtiyoridan tashqari och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra bo‘lib yurgan beva-bechora, kambag‘allarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lib qoladi. Doimo ularga yaxshilik qilib turish kerakligini tushunib yetadi.
Demak, kim o‘zida rahm-shafqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni istasa, ro‘za tutsin. Yuqorida zikr qilingan foydalar ro‘zaning bu dunyodagi ba’zi fazilatlari, xolos.
Ro‘za turli kasalliklardan xalos etish bilan birga, kishi badanida to‘planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada insonning jismi ham, ruhi ham yengillashadi, zehni o‘tkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam bo‘ladi.
Eng muhimi ro‘zani kasalliklarga davo bo‘lgani uchun emas, balki Alloh taolo buyurgani, Uning roziligi uchun tutamiz! Haqiqiy mo‘min-musulmon bo‘lishni, oliy maqomlarga erishishni xohlasak, ro‘za tutib uning bu dunyoda hamda oxiratdagi manfaatlaridan bahramand bo‘laylik.
Jahongirxon ABROROV,
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi.
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi