Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazonda ummatimga boshqa ummatlarga berilmagan beshta xislat berildi: Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan noxush hid Alloh taolo nazdida mushk-anbardan ham xushbo‘yroqdir. Ularga farishtalar to og‘izlarini ochgunlaricha istig‘for aytadi. Alloh azza va jalla jannatiga: “Bandalarim uchun tayyorlangin va bezangin. Ulardan tezda dunyo qiyinchiliklari, tashvishlari ketib, Mening jannatim va ziyofatimga keladilar”, deydi. Ramazonda shaytonlarning eng qaysarlari kishanlanadi va odatda qiladigan ishlarini qila olmaydi va Alloh taolo bandalarini Ramazonning so‘ngi kechasida mag‘firat qiladi”, degan edilar (atrofdagilar): “Yo Rasullloh, u Laylatul qadrmi?” deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q, amal qilgan agar ishini to‘liq qiladigan bo‘lsa, ajr-savob unga to‘liq qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh taolo bu xislatlarni faqatgina “Ummati Muhammadiya” ga berdi va bu bilan ularni boshqa ummatlardan ajratib oldi.
Birinchisi: Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan noxush hid Alloh taoloning nazdida eng shirin hushbo‘ylikdan ham afzaldir. Ro‘zador kishi kun bo‘yi hech nima yemay yurgan paytda og‘zidan insonlar nazdida yoqimsiz bo‘lgan noxush hid paydo bo‘ladi. Lekin bu hid Alloh taolo nazdida eng hushbo‘y hiddan afzaldir. Nima uchun? Chunki u bandadagi holat Alloh taologa ibodat qilish natijasida paydo bo‘lgan.
Ikkinchisi: Ro‘zador to og‘zini ochguniga qadar farishtalar uning haqqiga istig‘for aytadilar. Farishtalar kim? Ular Alloh taoloning eng aziz maxluqotlari. Alloh taolo aytadi: “Ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat).
Shunday ulug‘ va duosi ijobat farishtalar ro‘zadorni mag‘firat etilishini Alloh taolodan iltijo qilib so‘raydilar.
Uchinchisi: Alloh taolo har kuni ular uchun tayyorlangan jannatni ziynatlanishga buyuradi va unga qarata: “Bandalarimdan aziyat va qiyinchiliklar ketib, huzuringga kelishlariga oz qoldi” - deydi. Shu sababdan, uni solih bandalariga tayyorlash va unga rag‘abtlarini oshirish uchun ziynatlaydi.
To‘rtinchisi: Iblis-shaytonlar kishanband qilinadi va natijada ro‘zador bandani yaxshiliklardan to‘sib, gunoh ma’siyatga undash kabi yomonliklarini qila olmaydi. Bu esa ro‘zador bandalariga berilgan Alloh taoloning yordamidir.
Beshinchi: Agar banda Alloh taolo bu oyda farz qilgan amallarni ixlos bilan qilsa, Alloh taolo ”Ummati Muhammadiya”ni bu fazilatli oyning so‘nggi kechasida mag‘firat qiladi. Banda uchun bundan katta yutuq bormi?!!
Alloh taolo barchamizni shunday xislatlarga ega bo‘lishimizni va bu oydan barcha gunohlardan poklangan holda chiqishimizni nasib qilsin.
Muhammad Ali MUHYIDDIN,
Toshkent Islom instituti 3-bosqich talabasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.