Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazonda ummatimga boshqa ummatlarga berilmagan beshta xislat berildi: Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan noxush hid Alloh taolo nazdida mushk-anbardan ham xushbo‘yroqdir. Ularga farishtalar to og‘izlarini ochgunlaricha istig‘for aytadi. Alloh azza va jalla jannatiga: “Bandalarim uchun tayyorlangin va bezangin. Ulardan tezda dunyo qiyinchiliklari, tashvishlari ketib, Mening jannatim va ziyofatimga keladilar”, deydi. Ramazonda shaytonlarning eng qaysarlari kishanlanadi va odatda qiladigan ishlarini qila olmaydi va Alloh taolo bandalarini Ramazonning so‘ngi kechasida mag‘firat qiladi”, degan edilar (atrofdagilar): “Yo Rasullloh, u Laylatul qadrmi?” deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q, amal qilgan agar ishini to‘liq qiladigan bo‘lsa, ajr-savob unga to‘liq qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh taolo bu xislatlarni faqatgina “Ummati Muhammadiya” ga berdi va bu bilan ularni boshqa ummatlardan ajratib oldi.
Birinchisi: Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan noxush hid Alloh taoloning nazdida eng shirin hushbo‘ylikdan ham afzaldir. Ro‘zador kishi kun bo‘yi hech nima yemay yurgan paytda og‘zidan insonlar nazdida yoqimsiz bo‘lgan noxush hid paydo bo‘ladi. Lekin bu hid Alloh taolo nazdida eng hushbo‘y hiddan afzaldir. Nima uchun? Chunki u bandadagi holat Alloh taologa ibodat qilish natijasida paydo bo‘lgan.
Ikkinchisi: Ro‘zador to og‘zini ochguniga qadar farishtalar uning haqqiga istig‘for aytadilar. Farishtalar kim? Ular Alloh taoloning eng aziz maxluqotlari. Alloh taolo aytadi: “Ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat).
Shunday ulug‘ va duosi ijobat farishtalar ro‘zadorni mag‘firat etilishini Alloh taolodan iltijo qilib so‘raydilar.
Uchinchisi: Alloh taolo har kuni ular uchun tayyorlangan jannatni ziynatlanishga buyuradi va unga qarata: “Bandalarimdan aziyat va qiyinchiliklar ketib, huzuringga kelishlariga oz qoldi” - deydi. Shu sababdan, uni solih bandalariga tayyorlash va unga rag‘abtlarini oshirish uchun ziynatlaydi.
To‘rtinchisi: Iblis-shaytonlar kishanband qilinadi va natijada ro‘zador bandani yaxshiliklardan to‘sib, gunoh ma’siyatga undash kabi yomonliklarini qila olmaydi. Bu esa ro‘zador bandalariga berilgan Alloh taoloning yordamidir.
Beshinchi: Agar banda Alloh taolo bu oyda farz qilgan amallarni ixlos bilan qilsa, Alloh taolo ”Ummati Muhammadiya”ni bu fazilatli oyning so‘nggi kechasida mag‘firat qiladi. Banda uchun bundan katta yutuq bormi?!!
Alloh taolo barchamizni shunday xislatlarga ega bo‘lishimizni va bu oydan barcha gunohlardan poklangan holda chiqishimizni nasib qilsin.
Muhammad Ali MUHYIDDIN,
Toshkent Islom instituti 3-bosqich talabasi.
-66 لَعَلَّ اللهَ يَعْفُوهُ بِفَضْلٍ وَيُعْطِيهِ السَّعَادَةَ فِي الْمَآلِ
Ma’nolar tarjimasi: Shoyad, Alloh uni fazli bilan afv etar va unga oxiratda saodatni ato etar.
Nazmiy bayoni:
Shoyad, Alloh afv-la aylab inoyat,
Ato etsa oxiratda unga saodat.
Lug‘atlar izohi:
لَعَلَّ – oltita nasb qiluvchi harflardan biri bo‘lib, “tarajjiy” (umidvor bo‘lishni bildirish) va “ishfoq” (qo‘rquvdan ogohlantirish) ma’nolarida keladi. Bu yerda “tarajjiy” ma’nosida kelgan.
اللهَ – bu lafz لَعَلَّ ning ismi bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi.
يَعْفُوهُ – jumla لَعَلَّ ning xabari bo‘lgani uchun raf o‘rnida turibdi. Afv lug‘atda “uzrini qabul qilish”, “jazolamaslik” kabi ma’nolarni anglatadi.
بِفَضْلٍ – jor va majrur يَعْفُوهُ ga mutaalliqdir. Fazl qilish deganda biror sababga bog‘lamasdan yaxshilik qilish tushuniladi.
يُعْطِيهِ – bu fe’l ikki maf’ulli bo‘lib, هِ birinchi maf’ulidir.
السَّعَادَةَ – ikkinchi maf’ul. Saodat lug‘atda “baxt” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Bu kalima ko‘pincha ulug‘lash ma’nosida ishlatiladi.
فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.
الْمَآلِ – jor va majrur يُعْطِيهِ fe’liga mutaalliqdir. Bu kalima lug‘atda “qaytiladigan joy” ma’nosini anglatadi. Bu yerda barcha bandalarning qaytadigan joylari bo‘lgan oxirat iroda qilingan.
Matn sharhi:
Muallif “shoyad, sizlarning ixlos bilan yolvorib qilgan duolaringiz barakotidan ushbu baytlar muallifini Alloh taolo rahmatiga olib, oxiratini obod qilsa”, deya o‘quvchilardan duo qilishlarini so‘ragan. Ushbu so‘zlarida xayrli amallarni vasila qilish mumkin ekaniga ham ishora bor. Shu o‘rinda duoda vasila qilish haqidagi bahslar bilan yaqindan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Vasila lug‘atda “u bilan o‘zgaga yaqin bo‘linadigan narsa” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish, vasila deb ataladi”.
Vasila duoning maqbul bo‘lish darajasini ko‘tarish maqsadida qilinadi.
Vasila qilish bandadagi muhabbatning, Alloh taologa dalolat qiladigan narsalarni ulug‘lashining alomati hisoblanadi. Zero, bunday ish Qur’oni karimda qalblarning taqvosidan ekani aytilgan:
“Kim Allohning nishonlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu, qalblarning taqvosidandir”[1].
Chunki qilingan amallar qalbdagi taqvoga dalolat qiladi.
Vasila qilish joizligi haqida gapirilganda, uning vosita qilish emasligini, undan tubdan farq qilishini bilib qo‘yish lozim. Chunki banda o‘zining qalbidan o‘tkazayotgan narsalarini ham bilib turuvchi Zotga vosita orqali munojot qilmaydi, balki vasila qiladi. Shu ma’noda vasila vosita qilishdan quyidagi jihatlardan farq qiladi:
1. Vosita qilish haqqi poymol bo‘lgan kishining biror kishini yoki biror narsani o‘rtaga solib zolimdan adolat so‘rashi ma’nosida ishlatiladi. Vasila qilishda esa o‘rtaga biror narsani vosita qilib Alloh taolodan adolat so‘rash ma’nosi yo‘qdir. Balki duoning maqbul bo‘lish darajasini oshirish uchun Alloh taolo huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilishdir.
2. Vosita qilish ikki taraf ham manfaatdor bo‘ladigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Masalan, bir shaxs ikkinchi shaxs orqali ishini bitkazib olsa, ishi bitganidan keyin unga minnat qilishi ham mumkin bo‘lib qoladi. Chunki u ham bu ishdan ozmi-ko‘pmi manfaat ko‘rgan bo‘ladi. Vasila qilishda esa faqatgina bir taraf, ya’ni banda manfaatdor bo‘ladi. Zero, Alloh taolo bandalaridan manfaat ko‘rishdan oliy bo‘lgan Zotdir.
3. Vosita qilishda bir taraf ikkinchi tarafga u bilmagan narsani kimdir yo nimadir yordamida bildirishga harakat qiladi. Vasila qilishda esa oshkora va maxfiy barcha narsalarni bilguvchi Zotga Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilinadi.
Shuning uchun vasila qiluvchida ushbu tushunchalar haqida to‘g‘ri tasavvur bo‘lishi lozimdir.
Qur’oni karimda vasila axtarishga buyruq kelgan:
“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringlar”[2].
Ushbu oyatning tafsirida Imom Moturidiy rahmatullohi alayh: “Bu oyat Allohga isyon qilishdan saqlanish bilan Unga muqarrab bo‘lishga urininglar” ma’nosini anglatadi”, – degan.
Vasilaning beshta turi bo‘lib, ulardan to‘rttasining joiz ekanida biror ixtilof yo‘qdir:
1. Zamon. Arafa kuni, Ramazon oyi, Zul hijjaning o‘n kuni, har kechaning oxirgi qismi kabi ulug‘ sanalgan vaqtlarni vasila qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ramazon oyini vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.
2. Makon. Ka’ba, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzalari, Masjidul aqso va hakozo ulug‘ sanalgan makonlarni vasila qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Allohim, Ka’bani vasila qilib so‘rayman”, deyish mumkin.
3. Holat. Vasila qilinadigan ma’lum bir holatlar bor. Masalan, suyanadigan hamma narsasidan umidi uzilib, hech iloj topa olmay, chorasiz qolgan kishi o‘zining nochor holatini vasila qilib so‘rashi mumkin hisoblanadi. Bunday holatga tushgan kishining duolari qabul bo‘lishi Qur’onda bayon qilingan:
“Yoki muztar (nochor) odam duo qilganda ijobat etadigan”[3].
Shuning uchun ham suyaniladigan hamma narsadan umid uzilib, chorasiz qolgan paytda beixtiyor Alloh taologa yolvorishga, Unga iltijo qilishga o‘tish barcha insonlarning tabiatida bor bo‘lgan xususiyatdir.
4. Amallar. Namoz o‘qib, ro‘za tutib, sadaqa berib, haj qilib, umra qilib, Qur’on tilovat qilib, zikr va tasbeh aytib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib, istig‘for aytib, duo qilib, mo‘minlarning duolarini olib, Alloh taoloning go‘zal ismlarini aytib, savob ishlar qilib va harom ishlardan voz kechib vasila qilish mumkin.
Vasilaning ushbu to‘rtta turining joizligida ixtilof yo‘q. Ammo quyidagi beshinchi turi haqida ixtilof qilingan.
5. Ma’lum shaxslarni vasila qilish. Shaxslarni vasila qilish mumkin emas, deganlar ham bor. Vasilaning ushbu turi haqidagi ixtiloflarni umumiy uch qismga ajratish mumkin:
a) mo‘tazila va xavorij firqalari biror shaxsni vasila qilishni mutlaq inkor qilishgan. O‘zlarining bu da’volariga Qur’on va sunnatda kelgan umumiy xabarlarni dalil qilib keltirishgan. Masalan, Qur’oni karimda faqatgina Allohdan yordam so‘rash bayon qilingan:
“Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz”[4].
Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:
إِذَا سَأَلْتَ فَاسْأَلِ اللَّهَ وَإِذَا اسْتَعَنْتَ فَاسْتَعِنْ بِاللَّهِ.
“Agar so‘rasang, Allohdan so‘ra, agar yordam tilasang Allohdan tilagin”. Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbularga o‘xshash oyat va hadislarning zohirlarini dalil qilishib, biror shaxsni vasila qilish mumkin emas, – deganlar;
b) ba’zi ulamolar biror ulug‘ shaxsni vasila qilish joiz, faqat u tirik bo‘lishi shart, – deyishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagi hadisni dalil qilib keltiradilar:
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ كَانَ إِذَا قَحَطُوا اسْتَسْقَى بِالْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ فَقَالَ اللَّهُمَّ إِنَّا كُنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّنَا صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَتَسْقِينَا وَإِنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِعَمِّ نَبِيِّنَا فَاسْقِنَا قَالَ فَيُسْقَوْنَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob agar qurg‘oqchilikka duch kelsalar, Abbos ibn Abdulmuttalib bilan (vasila qilib) yomg‘ir so‘rab shunday derdi: “Allohim, biz senga Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rar edik, Sen bizga suv berar eding. Biz endi Sendan Nabiyyimizning amakilarini vasila qilib so‘raymiz, bizlarga suv bergin”. So‘ngra ularga suv berilar edi”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni ushbu rivoyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafot etganlaridan so‘ng vasila qilib bo‘lmasligiga dalolat qiladi, – deydilar;
v) Ahli sunna val-jamoaning jumhuri biror ulug‘ shaxsni vasila qilish uchun uning tirik bo‘lishi shart emas, – deganlar. Yuqoridagi hadisni dalil qilib keltirganlarga bir qancha raddiyalar qilganlar:
– Mazkur rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vafot etganlaridan so‘ng vasila qilib bo‘lmasligiga dalolat qiladigan birorta ham ochiq-oydin lafz yo‘q;
– Ushbu rivoyatning, o‘zini, aslida Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vasila qilish joizligiga dalil deyish ham mumkin. Chunki Umar roziyallohu anhu: “Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib so‘rar edik”, degan. Ma’lumki, ushbu qurg‘oqchilik yili Misr fath etilgandan so‘ng hijriy o‘n sakkizinchi yildan keyin bo‘lgan. Shunga ko‘ra, bu rivoyat o‘tgan yillar mobaynida hayotda bo‘lmaganlari uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni biror marta ham vasila qilishmagan, degan ma’noga dalolat qilmaydi.
– Abbos roziyallohu anhuni vasila qilish aslida musulmonlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa zotlarni ham vasila qilish mumkin ekanini bildirib qo‘yish uchun bo‘lgan. Sahobalar ichidan aynan Abbos roziyallohu anhuni xoslash esa nubuvvat xonadoni hurmati e’tiboridan bo‘lgan.
Shuningdek Umar roziyallohu anhuning mazkur ishlarida yuqoridagilardan tashqari boshqa bir nozik jihati ham bor. Umar roziyallohu anhu zaif mo‘minlarning rioyasini qilib Abbos roziyallohu anhuni vasila qilgan deyish ham mumkin. Chunki duo ijobati Allohning irodasiga bog‘liq ish. Agar u zot farazan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vasila qilganida va duo ijobati kechikkanida ba’zi insonlarning ko‘ngillariga vasvasaga o‘xshagan narsa kelishi mumkin edi. U zot alayhissalomdan boshqani vasila qilganda esa ijobat kechiksa ham mazkur noqulaylik yuzaga kelmaydi. Ana shu e’tibordan Umar roziyallohu anhuning mazkur ishi rahimdillik bilan qilingan hikmatli ish bo‘lgan.
Keyingi mavzu:
Xotima.