Azizlar, o‘tayotgan Ramazon oyini g‘animat bilaylik! Bu oydan ulkan ajrlar bilan chiqishga harakat qilaylik! Keling, men sizga Qur’oni karim borasida ayrim tavsiyalarimni aytay!
Muhim eslatma! Men o‘qishga qiynalaman, xatoga yo‘l qo‘yaman-ku, Alloh taoloning Kalomiga nisbatan odobsizlik bo‘ladi-ku, deb qayg‘urmang! Sizning o‘qishdan maqsadingiz nima? Uni buzib o‘qishmi? Yo‘q, albatta. Shunday ekan, xato qilishdan qo‘rqmang!
To‘g‘ri o‘qish uchun xatolardan yiroq bo‘lishingiz kerak. Xatolardan xoli bo‘lish uchun esa Qur’oni karimni ko‘p o‘qishingiz lozim!
Qur’oni karim bardavomlik bilan o‘qib, MP3 audiolardan foydalanib, diqqatlik bilan kuzatib, eshitib borilishi natijasida ilk o‘qilishida yo‘lga qo‘yilgan xatolar, kamayib boradi. Qur’oni karimni qancha ko‘p o‘qib, xatm qilib boraverganingiz sari Qur’oni karim mohiriga aylanib borasiz. Biroq, xato qilaman, o‘qiy olarmikinman, deb o‘tirsangiz, yillar o‘tadi-ki, biroq siz hali ham Robbingiz Kalomini biror marta xatm qilmagan bo‘laverasiz. Shunday ekan, o‘qishga kirishing!
Tavsiya! Ustozlarimiz Qur’oni karimni eshitib, kuzatib borishda Shayx Muhammad Siddiq Minshaviy, Shayx Abdulbosit Abdussomad, Shayx Xalil Xusoriy rahimahumulloh kabi zotlarning MP3 audiolaridan foydalanishni tavsiya qiladilar!
G‘iyosiddin HABIBULLOH ,
“Muhammad al-Beruniy” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi.
Cavol: Dallollik kasbi joizmi? Agar joiz bo‘lsa, dallol ikki tomondan haq olsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi. Agar dallol yolg‘on, firib, aldov qilmasdan faoliyat yuritsa, bu uchun haq olishi joiz hisoblanadi.
Dallolning haq olishi va uning qaysi tomondan bo‘lishi urf-odatga ko‘ra bo‘ladi. Urfda sotuvchi, yoki xaridor, yo har ikki tomon dallol haqqini beradigan bo‘lsa, shundan kelib chiqib ish faoliyatini yuritishi joiz hisoblanadi ("Durarul hukkam" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.