Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Ramazon - Qur’oni karim xatm qilish oyidir! (Tanlovga)

09.05.2020   2795   3 min.
Ramazon - Qur’oni karim xatm qilish oyidir! (Tanlovga)

Azizlar, o‘tayotgan Ramazon oyini g‘animat bilaylik! Bu oydan ulkan ajrlar bilan chiqishga harakat qilaylik! Keling, men sizga Qur’oni karim borasida ayrim tavsiyalarimni aytay!

  1. Qur’oni karimni o‘qishni bilmaydiganlar diqqatiga! Qur’oni karimni bilmaysizmi? Unda o‘rganishga kirishing. Bu karantinni g‘animat biling! Hozirda alhamdulillah, telegramda "Shayx Alijon Qori hafizahullohning Qur’on ahliga tuhfa" degan, Ustoz Hasanxon Qori akamizning "QURAN.UZ" sahifalari bor. Toshkent Islom Instituti katta o‘qituvchisi Ustoz Jahongir Ne’matov domlamizning "Muallim Soniy" kitobini MP3da o‘qib berganlari bor. Diski bilan kitob shaklida ham chiqqan. Diqqat bilan eshitib o‘rganib chiqing. Ikki-uch marta eshiting. O‘zlashtirib olsangiz biror qori yoki imom domladan tekshirib olsangiz ham bo‘ladi. Imkonsizman demang, intilganga Alloh yor bo‘ladi.
  2. Qur’oni karimni endi o‘qishga tushganlar diqqatiga! Ramazon oyida Qur’oni karimni xatm qilib chiqishni maqsad qiling! Qanday qilaman desangiz. Internetda juda ko‘p qorilarning MP3 audiolari mavjud. Buni deyarli bilmaydigan odam bo‘lmasa, kerak. Shuni yuklab oling-da, bir boshidan eshitishga kirishing! Qori o‘qib ketadi, siz esa, orqasidan qaytarib kuzatib borasiz. Astoydil bo‘lsangiz, kuniga bir poradan, ya’ni 20 sahifadan eshitib borsangiz, bir oyda eng kamida Robbingiz Kalomini bir marotaba xatm qilish baxtiga muyassar bo‘lasiz. Agar g‘ayrat qilib, kuniga 2 pora, ya’ni 40 sahifa o‘qisangiz, bir oyda 2 marotaba xatm qilar ekansiz. Agar vaqtingiz ko‘p bo‘lib, savobi naqadar ko‘pligini anglagan holda, vaqtlardan unumli foydalansangiz va kuniga 3 pora, ya’ni 60 sahifadan o‘qisangiz, bir oyda Qur’oni Karimni 3 marotaba tugatishga muvaffaq bo‘lar ekansiz. Har 10 kunda 1 marotaba Qur’on karim xatm qilingan bo‘ladi. MashaAlloh! Bu naqadar baxt! Albatta boshlanishida bunday baxtga qorilarning MP3 audiolaridan eshitish bilan erishasiz. 2-3 marta eshitib tugatsangiz, inshaAlloh, 4-5 martalarida o‘zingiz xatm qilasiz!

Muhim eslatma! Men o‘qishga qiynalaman, xatoga yo‘l qo‘yaman-ku, Alloh taoloning Kalomiga nisbatan odobsizlik bo‘ladi-ku, deb qayg‘urmang! Sizning o‘qishdan maqsadingiz nima? Uni buzib o‘qishmi? Yo‘q, albatta. Shunday ekan, xato qilishdan qo‘rqmang!

To‘g‘ri o‘qish uchun xatolardan yiroq bo‘lishingiz kerak. Xatolardan xoli bo‘lish uchun esa Qur’oni karimni ko‘p o‘qishingiz lozim!

Qur’oni karim bardavomlik bilan o‘qib, MP3 audiolardan foydalanib, diqqatlik bilan kuzatib, eshitib borilishi natijasida ilk o‘qilishida yo‘lga qo‘yilgan xatolar, kamayib boradi. Qur’oni karimni qancha ko‘p o‘qib, xatm qilib boraverganingiz sari Qur’oni karim mohiriga aylanib borasiz. Biroq, xato qilaman, o‘qiy olarmikinman, deb o‘tirsangiz, yillar o‘tadi-ki, biroq siz hali ham Robbingiz Kalomini biror marta xatm qilmagan bo‘laverasiz. Shunday ekan, o‘qishga kirishing!

Tavsiya! Ustozlarimiz Qur’oni karimni eshitib, kuzatib borishda Shayx Muhammad Siddiq Minshaviy, Shayx Abdulbosit Abdussomad, Shayx Xalil Xusoriy rahimahumulloh kabi zotlarning MP3 audiolaridan foydalanishni tavsiya qiladilar!

 

G‘iyosiddin HABIBULLOH ,

Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   8146   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari