Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Ramazon oyida jannatga 111 eshik (Tanlovga)

9.05.2020   2507   5 min.
Ramazon oyida jannatga 111 eshik (Tanlovga)
  1. Har bir amalni faqat Alloh taoloning roziligini ko‘zlab bajarish. (ixlosli bo‘lish).
  2. Alloh taologa tavba qilish.
  3. Yangi chiqqan oyni ko‘rganda duo qilish.
  4. Iymon va savob umidida ro‘za tutish.
  5. Iymon va savob umidida kechalarini bedor o‘tkazish.
  6. Iymon va savob umidida qadr kechasida bedor bo‘lish.
  7. Oxirgi o‘n kunida yanada jiddu jahd qilish.
  8. Umra qilish.
  9. E’tikofda o‘tirish.
  10. Ro‘zadorga iftorlik qilib berish.
  11. Qur’oni karimni tilovat qilish.
  12. Qur’oni karimni o‘rganish va o‘rgatish.
  13. Alloh taoloni zikr qilish.
  14. Istig‘for aytish.
  15. Tahoratni mukammal ado etish.
  16. Tahorat olgandan keyin shahodat kalimasini aytish.
  17. Doimo tahoratli bo‘lib yurish.
  18. Misvok ishlatish.
  19. Tahorat olgandan keyin ikki rakat namoz o‘qish.
  20. Azon eshitandan keyin uning duosini o‘qish.
  21. Azon va iqomat orasida duo qilish.
  22. Doimo besh vaqt namozni ado etish.
  23. Namozlarni o‘z vaqtida ado etish.
  24. Xususan bomdod va asr namozlarining vaqtiga yanada rioya qilish.
  25. Juma kuni duolar ijobat bo‘ladigan lahzalarni o‘rganib, shu vaqtlarda duo qilish.
  26. Juma kuni “Kahf” surasini o‘qish.
  27. Doimo “Zuho” namozini ado etish.
  28. Kundalik o‘qilib boriladigan sunnat namozlarini qoldirmaslik.
  29. Nafl namozlarni uyda ado etish.
  30. Ko‘p sajda qilish.
  31. Yosh farzandlarni namoz o‘qishga o‘rgatish.
  32. Yoshlarni ro‘za tutishga o‘rgatish.
  33. Har bir farz namozidan keyin Alloh taoloni zikr qilish.
  34. Ro‘zador og‘iz ochishini kechiktirmasligi.
  35. Og‘iz ochish amalini shom namozidan avval bajarish.
  36. Agar topilsa, xurmo bilan og‘iz ochish.
  37. Doimo iftorlik duosini o‘qishga rioya qilish.
  38. Iftorlik paytida duo qilish.
  39. Boshqa paytlarda ham ko‘proq duo qilish.
  40. Saharlik qilish.
  41. Ovqat yeb, ichimlik ichib bo‘lgandan keyin Alloh taologa hamd aytish.
  42. Zakotni ado etish.
  43. Alloh yo‘lida infoq-ehson qilish.
  44. Sadaqa berish.
  45. Birovlarga oshkora qilmay sadaqa berish.
  46. Masjidlar qurilishiga moddiy yoki ma’naviy ko‘mak berish.
  47. Salomni keng yoyish va miskinu faqirlarga taom yedirish.
  48. Yo‘ldan odamlarga aziyat beradigan narsalarni olib tashlash.
  49. Ota-onaga yaxshilik qilish va ularga itoat etish.
  50. Ayol kishi eriga itoat etishi.
  51. Haloldan kasb qilish.
  52. Doimo ahli-oila nafaqasidan xabardor bo‘lish.
  53. Yetimlar va miskinu bechoralar nafaqasidan xabardor bo‘lish.
  54. Yetimni o‘z kafilligiga olib, uning nafaqasiga qarash.
  55. Yetimning boshidan silab, unga mehr-shafqat ko‘rsatish.
  56. Do‘stu birodarlarning ehtiyojlarini ravo qilish.
  57. Alloh yo‘lidagi do‘stlardan hol-ahvol so‘rab turish.
  58. Kasallarni holidan xabar olish.
  59. Qarindosh-urug‘lar garchi, aloqalarni uzgan bo‘lsalar-da, ular bilan yaxshi munosabatda bo‘lish.
  60. Musulmon ko‘nglini ko‘tarib, xursand qiladigan ishlarni amalga oshirish.
  61. Qiynalib qolgan kishining ishini yengillatish.
  62. Zaifhol kishilarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lish.
  63. O‘zaro nizo chiqqan, bir-biri bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketgan insonlarning orasini isloh qilish.
  64. Go‘zal xulqli bo‘lish.
  65. Hayoli bo‘lish.
  66. Rostgo‘y bo‘lish.
  67. Bosiq, kechirimli, muloyim bo‘lish.
  68. Ko‘rishganda qo‘l berib salomlashish.
  69. Ochiq yuzli bo‘lish.
  70. Savdoda bag‘rikeng bo‘lish.
  71. Alloh taolo harom qilgan narsalardan ko‘zni tiyish.
  72. Yaxshilikka chaqirib, yomonlikning oldini olish.
  73. Solihlar, yaxshi insonlar bilan birga bo‘lish.
  74. Til va boshqa a’zolarni nomaqbul ishlardan saqlash.
  75. Payg‘ambar alayhissalom ko‘p salavot aytish.
  76. Yaxshilik qilish va ezgu ishlarga dalolat qilish.
  77. Insonlar Alloh taoloni tanishiga sababchi bo‘lish.
  78. Insonlarning ayblarini berkitish.
  79. Sabrli bo‘lish.
  80. Biror bir gunoh ish sodir etganda, ikki rakat namoz o‘qib, tavba qilish.
  81. Hayvonu jonzotlarga ham shafqatli bo‘lish.
  82. Insonlardan ta’ma qilmaslik.
  83. Ko‘p tahlil (ya’ni, “Laa ilaaha illalloh”) va tasbeh (Subhanalloh) aytish.
  84. Sadaqayi joriya qilish.
  85. Savdo-sotiqda rostgo‘y bo‘lish.
  86. Musulmonlar g‘am-tashvishini aritish.
  87. Musulmon va boshqalarga ziyon bermaslik.
  88. O‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘zish.
  89. Ota-onaning do‘stlari bilan ham bordi-keldi qilib aloqani uzmaslik.
  90. Shirin so‘zli bo‘lish.
  91. Qo‘l ostidagi ishchi-xodimlarga shafqatli bo‘lish.
  92. Bir solih amalni oz-oz bo‘lsa-da, bardavomlik ila bajarish.
  93. Qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshi munosabatda bo‘lish.
  94. Ota-onaning haqqiga duo qilish.
  95. Do‘stu birodarining haqqiga g‘oyibona duo qilish.
  96. Musulmonlarning haqqiga duo qilish va Alloh taolodan ularning gunohlarini kechirishini so‘rash.
  97. Turmush o‘rtog‘i bilan yaxshi munosabatda bo‘lish.
  98. O‘z ahli-oilasiga ta’lim-tarbiya berish.
  99. Biror kishiga jabr qilgan bo‘lsa, undan rozilik olish va zimmasidagi o‘zgalarning moddiy va ma’naviy haqlarini ado etish.
  100. Yomonlik ketidan uni yuvib yuboradigan yaxshilik qilish.
  101. Omonatga xiyonat qilmaslik va ahdga vafo qilish.
  102. Kattani hurmat, kichikni izzat qilish.
  103. O‘zgalarning g‘am-qayg‘usi va dardiga sherik bo‘lish.
  104. Tilni yomon so‘zlardan saqlab faqat yaxshi so‘zlarni aytish.
  105. Musulmonlar obro‘sini saqlash.
  106. Qalbni baxillik va hasaddan pok tutish.
  107. Insonlar orasida adolat bilan hukm qilish.
  108. Boshiga kulfat yog‘ilgan kishiga yordam berish.
  109. Yaxshilikka chaqirayotgan kishining chaqirig‘iga labbay deyish.
  110. Yaxshi ish qilgan kishiga minnatdorchilik bildirish va munosib mukofotlash.
  111. Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutish.

 

G‘iyosiddin HABIBULLOH ,

Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus

islom bilim yurti mudarrisi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Vaqt va yoshlik qadri (2 qism)

7.01.2025   3050   6 min.
Vaqt va yoshlik qadri (2 qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.

Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.

So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).

Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.

“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.

Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:

«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».

Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.

Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.

«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».

Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.

Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.

Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.

Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.

Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.

Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.

Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt  gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.

Davomi bor...

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.