Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayot. Shu bois yurtimizda o‘tganlar xotirasini e’zozlash, bugungi tinch, osoyishta, dorilomon kunlarga yetishimizda fidoyilik ko‘rsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar, nuroniy otaxonu onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish ezgu an’anaga aylangan.
Har yili 9 may – Xotira va qadrlash kunigan bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda o‘tkazib kelinayotir. Bu yil ham Prezidentimizning 2020 yil 30 martdagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu shodiyonani uyushqoqlik bilan nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Xotira va qadrlash tushunchalari zamirida insonga, uning hayoti, sha’ni va qadr-qimmatiga cheksiz ehtirom tuyg‘usi mujassam. Xotira va qadrlash kunlari arafasida bugungi tinch-osoyishta hayot, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o‘tadi. Shu yo‘lda qurbon bo‘lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qilamiz. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini yanada teranroq anglaymiz.
Bu yil fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu buyuk g‘alabani qo‘lga kiritishda mardlik va jasorat ko‘rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklab, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash barchamiz uchun katta sharafdir. Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz.
Urush boshlanganda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo‘lgan. Shundan 1,5 million kishi, ya’ni qurol ko‘tarishga qurbi yetgan (!) odamlar olovli janggohlarda jon olib-jon berishgan. Ulardan 500 mingdan ko‘prog‘i jang maydonlarida shahid bo‘lgan, ko‘plari mayib-majruh bo‘lib qaytgan, bedarak yo‘qolganlari qancha.
Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida fidoyilik, hurlik, istiqlol, erkinlik orzulari mujassam bo‘lgan. Shularni o‘ylasak, o‘z-o‘zidan bugungi saodatli kunlarga osonlikcha erishilmaganini anglaymiz. Demak, barchamiz shu aziz Vatanni ko‘z qorachig‘imizdek asrashga burchlimiz.
Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimiz safi tobora torayib boryapti. Shu bois ularning qadriga yetib, duolarini olib qolishga harakat qilishimiz kerak. Keksalarni e’zozlashni o‘zini musulmon sanagan kishi borki, shafar bilan ado etadi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug‘ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo‘yadi”, (Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda bo‘lmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Front ortida mehnat qilganlar ham urushda qatnashganlarchalik mashaqqatlarga duchor bo‘lishgani tarixiy haqiqatdir. Yurtdoshlarimiz front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan bir millionga yaqin bolalar, ayollar va qariyalarni qabul qilgani, ularga boshpana bergani, hatto oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rgani, “Sen yetim emassan” deb, ularni o‘z bag‘riga olib, mehr-muruvvat ko‘rsatgani xalqimizning odamiylik fazilatlari, olijanobligining amaldagi yorqin ifodasidir. Zero, hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Men va yetimni kafillikka olgan kishi jannatda mana shunday bo‘ladi (deb shahodat va o‘rta barmoqlarini bir-biriga yaqinlashtirib ko‘rsatganlar)” (Imom Buxoriy rivoyati).
Insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasligini, ostonamizga yaqin yo‘lamasligini so‘raydi. Shu bois doimo duoga qo‘l ochganimizda, avvalo, tinchlik-xotirjamlikni, salomatlikni Yaratgandan so‘raymiz. Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Tolibjon Nizomov
#Sayyor_yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida xurmatli Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.
Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.
Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.
Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.
Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.
Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
* * *
Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.
* * *
Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.
Ulashing | @MuslimShosh