Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Xotira – abadiy, qadr – muqaddas

09.05.2020   4520   4 min.
Xotira – abadiy, qadr – muqaddas

Inson xotira bilan tirik, qadr bilan barhayot. Shu bois yurtimizda o‘tganlar xotirasini e’zozlash, bugungi tinch, osoyishta, dorilomon  kunlarga yetishimizda fidoyilik ko‘rsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar, nuroniy otaxonu onaxonlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish ezgu an’anaga aylangan.

Har yili 9 may – Xotira va qadrlash kunigan bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda o‘tkazib kelinayotir. Bu yil ham Prezidentimizning 2020 yil 30 martdagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu shodiyonani uyushqoqlik bilan nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Xotira va qadrlash tushunchalari zamirida insonga, uning hayoti,  sha’ni va qadr-qimmatiga cheksiz ehtirom tuyg‘usi mujassam. Xotira va qadrlash kunlari arafasida bugungi tinch-osoyishta hayot, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o‘tadi. Shu yo‘lda qurbon bo‘lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qilamiz. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini yanada teranroq anglaymiz. 

Bu yil fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini keng nishonlaymiz. Ana shu buyuk g‘alabani qo‘lga kiritishda mardlik va jasorat ko‘rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklab, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash barchamiz uchun katta sharafdir. Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egamiz.

Urush boshlanganda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo‘lgan. Shundan 1,5 million kishi, ya’ni qurol ko‘tarishga qurbi yetgan (!) odamlar olovli janggohlarda jon olib-jon berishgan. Ulardan 500 mingdan ko‘prog‘i jang maydonlarida shahid bo‘lgan, ko‘plari mayib-majruh bo‘lib qaytgan, bedarak yo‘qolganlari qancha.

Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida fidoyilik, hurlik, istiqlol, erkinlik orzulari mujassam bo‘lgan. Shularni o‘ylasak, o‘z-o‘zidan bugungi saodatli kunlarga osonlikcha erishilmaganini anglaymiz. Demak, barchamiz shu aziz Vatanni ko‘z qorachig‘imizdek asrashga burchlimiz.

Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimiz safi tobora torayib boryapti. Shu bois ularning qadriga yetib, duolarini olib qolishga harakat qilishimiz kerak. Keksalarni e’zozlashni o‘zini musulmon sanagan kishi borki, shafar bilan ado etadi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug‘ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo‘yadi”, (Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda bo‘lmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Front ortida mehnat qilganlar ham urushda qatnashganlarchalik mashaqqatlarga duchor bo‘lishgani tarixiy haqiqatdir. Yurtdoshlarimiz front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan bir millionga yaqin bolalar, ayollar va qariyalarni qabul qilgani, ularga boshpana bergani, hatto oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rgani, “Sen yetim emassan” deb, ularni o‘z bag‘riga olib, mehr-muruvvat ko‘rsatgani xalqimizning odamiylik fazilatlari, olijanobligining amaldagi yorqin ifodasidir. Zero, hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: “Men va yetimni kafillikka olgan kishi jannatda mana shunday bo‘ladi (deb shahodat va o‘rta barmoqlarini bir-biriga yaqinlashtirib ko‘rsatganlar)(Imom Buxoriy rivoyati).

Insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bunday yovuz ofat hech qachon qaytmasligini, ostonamizga yaqin yo‘lamasligini so‘raydi. Shu bois doimo duoga qo‘l ochganimizda, avvalo, tinchlik-xotirjamlikni, salomatlikni Yaratgandan so‘raymiz. Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

 

Tolibjon Nizomov

 

Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   2670   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.