Ramazonning eng qizg‘in pallasi, eng buyuk kechasiga yetib keldik. QADR kechasi aynan shu kecha ekanligini qat’iy ayta olmasak-da, hadisi shariflarga tayangan holda, LAYLATUL QADR bugun ekanligiga umid qilamiz.
Buyuk sahobiy Ubay ibn Ka’b QADR kechasi Ramazonning 27 kechasi ekanligiga qasam ichib, o‘sha tongda quyosh qizg‘ish, nuri, shulasi zaif holda chiqishining xabarini bergan hadis juda mashhur.
Qancha hayot kechirishimiz bizga noma’lum. Balki 40, balki 50, 60, 70 yoki 80 yil...
Faraz qiling, siz 80 yil umr ko‘rdingiz. Bir sutkada 24 soat deb hisoblasak, shuning qanchasini ibodatga ajratdingiz, 80 yilning qanchasini ibodat bilan o‘tkazdingiz?!
Bor-yo‘g‘i besh yil yoki undan ham kamroq ibodat qilganingiz kelib chiqadi. Buni bir kun – 24 soatga taqsimlangchi! Endi masalaning yana bir ahamiyatli jihatiga e’tibor beraylik. Xo‘sh, shu 5 yillik qilgan ibodatlarimiz to‘liq ixlos bilan ado qilinganmi?! Alloh taolo bu ibodatlarimizni qabul qilganligini ishonch bilan ayta olamizmi?!
Ana endi Alloh taoloning “Qadr kechasi 1000 oydan yaxshiroq”, deb marhamat qilgan oyatiga diqqat qiling. 1000 oy 83 yildan salgina ko‘proq degani. Bu 83 yil umr kechirmasak-da, 83 yilning 24 soatida tinmay ibodat qildik va ayni paytda ushbu ibodatlar qabul qilinib, ulkan ajru savoblarga erishdik demakdir!
Agar 83 yil ibodat qilganlik savobini hayotimizga taqqoslasak, biz yo 1500 yoki 2000 yil yashashimiz lozim bo‘ladi!
Oyati karimaga e’tibor bering-a, unda 1000 oy deyilmayapti, balki 1000 oydan yaxshiroqligi ta’kidlanmoqda. Uning miqdori sir saqlanmoqda, balki 100, 200, balki undan ham ko‘proq yil to‘liq ibodat qilganlik savobi beriladi. Alloh taolo hammma narsaga qodirdir!
Modomiki, Qadr kechasi ming oydan yaxshiroq ekan, agar yoz faslida shomdan tonggacha bo‘lgan muddat bor-yo‘g‘i 10 soatni tashkil etishini hisobga olsak, Qadr kechasidagi 1 soatlik ibodat – boshqa paytdagi 100 oylik ibodatdan yaxshiroqdir.
QADR kechasi 1 soat ibodat qilishingiz – boshqa payt to‘liq 8 yil ibodat qilishingizdan afzalroqdir.
IBODAT – zikr, namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish, Alloh taoloni yod etish, e’tikof, Umra ziyorati, Ka’bani tavof etish, qo‘yingki, Alloh roziligini istab qilingan barcha solih amallardir .
Alloh taoloning bunday g‘animat fursatlarni bizga tuhfa qilgani – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatiga ko‘rsatgan buyuk fazli, marhamati, karami, ehsonidir. Shu sabab ahli solihlar bu kechada ibodatga yeng shimarib, qattiq kirishishgan. Rasuli Akram alayhissalom ham QADR kechasi, ya’ni Ramazonning 27 kechasida boshqa kechalarga nisbatan ko‘proq ibodat qilar, bedor bo‘lardilar. QADR kechasida ibodatlarga sho‘ng‘ish – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdir.
Azizlar, kim mana shu kechani topsa, buyuk savoblarni qo‘lga kiritadi. Bu kechada Alloh taoloning rahmat eshiklari ochiladi, bandalar Robbisiga yaqin bo‘ladi, gunohlari mag‘firat qilinib, yomonliklari ariydi.
Obid bandalar bu kechani butun yil davomida intiqlik bilan kutadilar. LAYLATUL QADR itoatgo‘y bandalarning orzusi, tavba qiluvchilarning umidi ushaladigan kechadir. Zero, kim bu kechani buyukligiyu fazliga ishonib, savob umidida qoim bo‘lsa, gunohlari kechiriladi. QADR ALLOHning rahmati, mag‘firati yog‘iladigan kechadir!
Shunday ekan, shomdan boshlab to tonggacha har bir lahzani g‘animat bilaylik! Bekorchi, oxiratimizga foydasiz narsalar vaqtimizni o‘g‘irlab qo‘ymasin! Ahlimizga, oila a’zolarimizga ham imkoniyat yaratishga harakat qilaylik, axir ular bilan JANNATda jam bo‘lishni istaymiz-ku!
QADR kechasining QADRINI topish barchamizga nasib etsin!
Ulamolar ma’ruzalaridan
G‘IYOSIDDIN HABIBULLOH
erkin tarjimasi
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV