Barchamiz hayotimiz davomida nimadir kasallik bilan og‘riganmiz, bemorlik haqida xabarimiz bor. Shuning uchun ham badanimiz salomatligiga doimiy tarzda e’tibor qaratamiz. Butun e’tiborimiz, harakatlarimiz, ovqatlanishimiz, hatto ko‘radigan ko‘rsatuvlarimiz ham jismoniy salomatligimizga qaratilgan. Kasalliklarning turiga qarab ulardan qay darajada ehtiyot bo‘lish haqida o‘ylaymiz, og‘irroq kasallarni imkon qadar oldini olishga intilamiz, ammo doimiy bir xatoga yo‘l qo‘yamiz.
Xatoyimiz shuki, eng katta e’tibor talab qiladigan, doimiy nazoratga muhtoj va turli xil kasalliklarga chalingan bir a’zoyimiz - qalbimizga umuman e’tibor qaratmaymiz. Qalbimizda o‘rnashgan saratondanda xavfli bo‘lgan kasalliklarga umuman bee’tibormiz. Uning kasalliklari oddiy shamollash kabi emas, uning kasalliklari xavfli o‘simta kabi qalbimizni egallagan, kundan-kunga kattalashib, borgan sari avj olib bizni jahannam sari yetaklamoqda.
Ularning nomi saraton emas, ularni tabiblar tekshira olmaydi. Ularning nomi kibr, riyo, sum’a, g‘iybat... Ularning tashxis qo‘yuvchi tabibi esa o‘zimiz... Nega bunchalar bee’tibormiz?
Badanimiz salomatligi uchun tez-tez dam olish maskanlariga boramiz, bog‘u rog‘lar va tog‘larni aylanamiz. Salomatlik uchun o‘n kun, yigirma kunlab alohida vaqt ajratamiz, ammo qalbimizni davolashga kunda bir soat ham ko‘pdek tuyiladi. Ruhimizni tarbiya qiladigan namozga o‘n daqiqani ham ko‘p ko‘ramiz. Bir soat Qur’onga vaqt ajratishga vaqtimiz yo‘q. Jahannamdan shunchalik qo‘rqmaymizmi? Yoki badanimiz kuymaydigan jismmi?!
Aziz birodarim, Ramazon ham bizni tarbiya qiladigan, qalbimizdagi o‘simtalarni yo‘qotadigan tabib, dori va shifodir. Tabibning buyruqlarini to‘liq bajarmasak, dorini vaqtida qabul qilmasak tuzalmaganimiz kabi Ramazonning haqlariga to‘liq rioya qilmas ekanmiz qalbimizni davolay olmaymiz.
O‘n kun. Bu juda oz muddat. Tabibimiz juda kuchli va o‘ta qimmatbaho tabib. O‘n kun undan foydalanmasak, u bizni tark etadi va biz kasallikdan falajlanib qolamiz. Fursatni g‘animat bilib kasalimizni aniqlaylik va uni davolaylik. Zero, Rasululloh (s.a.v) aytganlaridek, jasadimizda bir go‘sht bor, agar u to‘g‘ri bo‘lsa butun jasadimiz to‘g‘ri bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa butun badanimiz fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘laylik, u bizning qalbimizdir!
G‘iyosiddin Habibulloh
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).