Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2024   |   24 Jumadul avval, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:23
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:18
Bismillah
25 Noyabr, 2024, 24 Jumadul avval, 1446

Oilaviy ajrimlar nega ko‘paymoqda

8.05.2020   3070   11 min.
Oilaviy ajrimlar nega ko‘paymoqda
Yurtimizda azaldan oila muqaddas qo‘rg‘on sifatida e’zozlangan. Zero, inson qalbida ahillik, mehr-oqibat tuyg‘ulari, ilm-ma’rifatga oshno bo‘lish ko‘nikmasi, avvalo, shu aziz dargohda shakllana boshlaydi. Bosh qomusimizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, deb belgilanganligi zamirida ham ana shu milliy qadriyatlarimiz mazmuni mujassam. Oilani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida barqarorligini ta’minlash har bir mamlakatning doimiy e’tiborda bo‘ladigan ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi.
 
Oila tinch, mustahkam, halol-pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. Jamiyat ravnaqi oila ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Oilani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida barqarorligini ta’minlash har bir mamlakatning doimiy e’tiborda bo‘ladigan ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi.
 
Turmushimiz tobora farovonlashayotgan paytda oilalar mo‘rtlashayotgani, oilaviy ajrimlarning birmuncha ko‘payib borayotganligi tashvishlanarli holat. Buning oqibatida qanchadan qancha oilalarning obro‘si to‘kilmoqda. O‘rtadagi farzandlar tirik yetim bo‘lib, bechora farzandlar ushbu holatdan sarson va sargardon bo‘lib, nima qilishni bilmay qolmoqda. Otasiga boray desa ona norozi, onasiga boray desa ota ruxsat bermaydi. Bola ikki o‘tni orasida qolib, bir qancha mashaqqatlarga duch kelmoqda. Natijada esa bolaning tarbiyasi buzilmoqda. Ota-ona ajrimi aksar hollarda farzandni noqobil bo‘lib voyaga yetishiga sabab bo‘lmoqda. Ruhiy iztiroblar bolaning sog‘lom voyaga yetishiga salbiy ta’sir qiladi. Qalbi butun umrga kemtik bo‘lib qoladi. Afsuski, qarovsiz qolayotgan, ota-onasi bor ba’zi bolalarni mehribonlik uylariga topshirish holatlariga ham duch kelinmoqda.
 
Oilaviy ajrimlarning yuqoridagi holatlardan boshqa ham bir qancha zarar va ziyonlari mavjud. Bir oila buzilishi sababli ko‘plab musulmonlarning o‘rtalarida dushmanchilik paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham Shaytonni eng xursand qiladigan ish — oila buzilishidir. Bu haqda hadisda shunday keladi: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblis o‘z taxtini suv ustiga quradi va o‘z lashkaridan guruhlarni yuboradi. Ularning eng ko‘p fitnachisi, unga eng yaqinidir. Birisi kelib “undoq qildim, bundoq qildim” deydi. U bo‘lsa “hech narsa qilmabsan!” deydi. Keyin boshqa biri kelib “uni qo‘yarda qo‘ymay xotini bilan orasini buzdim” deydi. U esa o‘shani o‘ziga yaqinlashtirib “Ha! Balli! Qanday ham yaxshisan!” deydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
 
Oila mustahkamligi jamiyat mustahkamligining garovi ekan, bu borada oilaviy ajrimlarga yetaklovchi omillarni tahlil etishning hayotiy ahamiyati bor. Oilaviy ajrimlarning salbiy oqibatlarini ko‘pchilik, ayniqsa, katta yoshdagilar yaxshi tushunadi. Shu bois har bir insonning suyanchi sanaluvchi bu muqaddas dargohga darz yetmasin, deymiz.
Kezi kelganda oilaviy ajrimlarning yana boshqa omillari haqida ham fikr-mulohaza yuritsak. Aytaylik, oilalarning bir-biriga mos emasligi (lo‘nda qilib aytganda, teng tengini topmaganligi) ham ajrimlarni yuzaga keltiradi. Ya’ni kuyovning oilasidagi hayot tarzi kelinnikiga umuman o‘xshamaydi. Ularning hayotga munosabati, dunyoqarashi, fikrlashi, moddiy imkoniyatlari butunlay farq qiladi. Oxir-oqibat kelishmovchilik, o‘zaro janjal, dilxiraliklar ro‘y beradi va bu holat ajrim bilan yakunlanishi ham hech gap emas. Bunday vaziyatda ota-onaning bir umr yiqqan-terganlari, to‘yga qilgan xarajatlari, hattoki, shirindan-shakar farzandlar ham ko‘zga ko‘rinmay qoladi.
 
Urf-odatlar, qaynonaning kelinga soliq solishi, kuyovning esa kelin tomondan mulk ta’ma qilishi, kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”, telefon va ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning na fikrlash, na pul topish borasida mustaqil emasligi, yigitlarning o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qilishi, qizlarning esa “xo‘p”dan yiroqligi, diniy bilimdan bexabarlik, o‘zaro hurmat tushunchasining yo‘qolishi, besabrlik, aybini tan olmaslik kabilar ham ko‘p hollarda ajrimlarga sabab bo‘layotganini ham tahlillar ko‘rsatmoqda.
 
Ayrim erkaklar hech qayerda ishlamaydi. Ro‘zg‘orning butun tashvishlarini ayolining zimmasiga yuklab qo‘yadi. Farzand tarbiyasiga ham qarashmaydi. Bu ayolni ham ma’nan, ham jismonan toliqtiradi.
 
Er yoki xotinning uzoq muddat chet davlatlar­­da bo‘lishi ham oraga sovuqchilik tushishi, oilalarga darz ketishiga olib kelmoqda. Haddan tashqari rashk qilish, bir-biriga ishonchsizlik ham ajralish sabablaridan biri.
 
Yoshlar kelin-kuyovlik haq-huquqlari, burch va mas’uliyatlarini yaxshi bilmasliklari, oilaviy madaniyatni tushunmasliklari, umuman olganda yoshlarning oila munosabatlariga tayyor emasliklari oila buzilishiga asosiy sabab hisoblanadi. Oila qurish, uni yuritish qanday amalga oshirilishi, oila a’zolarining bir-birlariga munosabati qay tarzda bo‘lishi haqida muqaddas dinimiz ta’limotlaridan xabardor bo‘lish oila mustahkamligining omilidir. Albatta, har bir narsani bilib, uning mazmun-mohiyatiga tushunib yetib, bilim asosida olib borilishi ko‘p yaxshiliklarga sabab bo‘ladi. Oila munosabatlari juda nozik va murakkab bo‘lib, nihoyatda ehtiyot bo‘lish, unga jiddiy qarash lozim. Farzandlarimizning faqat moddiy jihatlari emas, balki ma’naviy dunyosiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur.
 
Allohning aroqxo‘rlikni harom qilishida juda hikmat ko‘p. Ko‘pincha, er aroqxo‘rlikni kasb qiladi, mast bo‘lib oilada janjal ko‘taradi, oxiri taloq vujudga kelib, oila parokanda bo‘ladi. Ammo bugungi kunda ayollar o‘rtasida ham ichkilikbozlik bo‘layotgani musibat ustiga musibat. Er tul, xotin beva, bolalar esa tirik yetimga aylanadi. Gunoh ustiga gunoh, oila buzilishi qarindoshlar notinchligi, jamiyat zaiflashuviga olib keladi. Keyingi paytlarda giyohvandlik balosi avj olib, hatto uni “asr vabosi” deyish darajasiga yetdi. Uning zarari, xatarli oqibatlari haqida qancha ko‘p gapirmaylik baribir, ko‘payib ko‘plab odamlar, oilalar hayotiga zomin bo‘lmoqda.
 
Oilaning buzilishiga eng ko‘p sabab bo‘ladigan illatlardan biri bu – zinokorlikdir. Aslida nikohlanish va oila qurishdan ko‘zlangan eng katta maqsad ham zinodan saqlanish. Ya’ni, jinsiy mayilni halol yo‘l bilan qondirishdir. Ammo, erlar yoki ayollarning zinoga borishlari bu achinarli holat. Chunki, zino jamiyat tanazzuliga sabab bo‘ladigan ofatdir. Bu razil illat barcha dinlar, xalqlar, tuzumlarda eng jirkanch ish, or-nomusning toptalishi va ifloslik bo‘lib hisoblanadi. Bugungi kunda ana shu illat ko‘payishi natijasida qanchadan qancha oilalar buzilib, bolalar tirik yetimga aylanmoqda. Achinarlisi shundaki, zino nasl-nasabning buzilishiga, oilalar parchalanishiga, insoniy axloq yomonlashuviga, turli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ladi. Lekin, jamiyatda ana shu illatga va unga olib boruvchi yo‘llarga qarshi birgalikda qattiq harakat qilmasak kelajak tanazzulga yuz tutishi muqarrar.
 
Eru-xotinlarning o‘zaro munosabatlarida sabr va bag‘rikenglikning yetishmasligi oila buzilishiga sabablardan biridir. Hayot juda murakkab jarayon bo‘lib, unda turli holatlar uchrab turadi. Gohi shodlik, gohi g‘am deganlariday oilada er va xotin o‘rtasida ham turli sabablar ila kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirmoqlik oilaviy munosabatlarga putur yetkazadi. Shuni aytib o‘tish joizki, er xotinining bir yomon xulqidan norozi bo‘lsa, uning boshqa yaxshi tomonlari ham bor ekanligini unutmasin. Ayol ham o‘rni kelganda g‘azabini yutishi, garchi yoqmasada, oilaviy hurmat yuzasidan ba’zi narsalarga chidashga odatlanishi lozim.
 
Ma’naviy jihatdan bir-biriga sabr qilish lozim bo‘lganiday, moddiy jihatdan ham qanoatli va sabrli bo‘lish juda muhimdir. Chunki, oilada ko‘pgina kelishmovchiliklar yetishmovchilikdan kelib chiqadi. Oila a’zolariga hurmat, qaynota-qaynonaning duolari degan narsalarga e’tibor kamayib ketayotganday go‘yo. Har qanday vaziyatda ham oila muqaddas ekanligi, uning shu darajaga yetishida ota-onalarning mashaqqatli mehnatlari, harakatu xarajatlari va eng asosiysi vaqt sarf bo‘lganini unutmaslik kerak.
 
Yosh oilalarning buzilishiga jiddiy sabablardan yana biri unga ota-onalarning noo‘rin aralashuvidir. Bizga yaxshi ma’lumki, qadimdan turkiy xalqlarda ota-onalar yoshlar tarbiyasiga va oilalar mustahkamligiga garov bo‘lib kelishgan. Agar oilada biroz kelishmovchilik bo‘lsa, nasihat qilib, darrov yo‘lga solishgan. Sabrga va bag‘rikenglikka o‘rgatishgan. Nimagadir bugungi kunga kelib, ota-onalar, qaynota-qaynonalarning yosh oilalarga noo‘rin aralashuvi yoki haddan ziyod aql bovar qilmaydigan ishlarni sodir qilishi ko‘payib bormoqda.
 
Dinimiz ta’limotida ota-onaga bo‘lgan munosabat qay darajada yuqori ekani hammamizga yaxshi ma’lum. Ammo, har bir narsada chegara bo‘lgani kabi ota-onaga bo‘lgan munosabatda ham o‘ziga yarasha chegara bor. Islomda iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qilingan. Birovning agar o‘sha birov ota-ona bo‘lsa ham, xohishiga binoan oila buzishga ruxsat yo‘q. Xotinni taloq qilish ota-onaga yaxshilik qilish emas.
 
To‘g‘ri, oilaviy ajrimlarning yana bir asosiy omili bor, bu – farzandsizlikdir. Bunda ko‘pincha tomonlar o‘zaro kelishib, bir-birlarini tushunib ajrashishadi. O‘rtada gina-kudurat yoki ortiqcha mish-mish va g‘iybatlarga o‘rin qolmaydi.
 
Oilalar parokanda bo‘lishiga jiddiy sabablardan yana biri bu – molparastlikdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Har bir ummatning fitnasi (sinovi) bor. Ummatimning fitnasi moldir”. Hadisga e’tibor bering. Molu dunyo bizga berilgan sinov ekan. Mana shu sinovda kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning hayotini barbod qilish, ularni bebaxt qilish yaxshimikan? Arzimagan matolarni deb farzandlarini baxtsiz qilib qo‘yayotgan ota-onalar afsuski, kun sayin ko‘payib bormoqda. Axir baxtu saodat, oilaviy farog‘at degani faqat molu dunyo bilan o‘lchanmaydiku. Iqtisodiy imkoniyat keng bo‘lgani bilan ma’naviy jihatdan inson qashshoq bo‘lsa naqadar xunuk.
 
Xalqimizda “Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi”, degan maqol bor. Barakasi, xotirjamligi arigan oilada esa tinchlik, farovonlik bo‘lmaydi. Bir oilaning ravnaqi mamlakat taraqqiyotiga daxldor ekani ham shundan.
 
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jamiyatimizning kelajagi oilalarning mustahkamligiga bog‘liq. Oila nikoh asosida vujudga keladigan farog‘at maskani bo‘lmog‘i darkor. Uni yuritishda ilohiy ta’limotlarga amal qilinadigan bo‘lsa, u haqiqatda mustahkam va bardavom bo‘ladi. Bu borada har birimiz bir yoqadan bosh chiqarib, oilalarning mustahkamligi, jamiyatimizning sog‘lomligi hamda farzandlarimizning porloq kelajagi yo‘lida o‘stirayotgan o‘g‘il-qizlarimizga to‘g‘ri tarbiya berib bormog‘imiz lozim.
 
Raxmatulloh domla Usmonov,
O‘zbekiston musulmonlar idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imom xatibi
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohim ojizligimizga nazar sol

22.11.2024   5087   2 min.
Allohim ojizligimizga nazar sol

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh bir kuni ilmiy majlislarida shunday dedilar: «Insonga hayotda g‘am, musibat va mashaqqatlar yetadi. Agar banda chuqurroq o‘ylab ko‘rsa, bu mashaqqat va qiyinchiliklar Alloh taoloning ne’matlari ekanini anglaydi. Masalan, bemorlik ham bir ne’mat. Faqirlik va muhtojlik ham ne’mat. Qalb ko‘zi ochiq inson bu narsalar Alloh taoloning ne’matlari ekanini ko‘radi. Haqiqatda, mashaqqat va qiyinchiliklar ne’matdir. Ammo bizning qosir aqlimiz ularning ne’mat ekanini sig‘dira olmaydi».

Shu o‘rinda musibat va qiyinchiliklar qanday qilib ne’mat bo‘ladi? degan savol tug‘iladi. Bu savolning javobi hadisi sharifda keladi. Unda aytilishicha, Alloh taolo oxiratda mashaqqat va musibatlarga sabr qilgan bandalariga behisob ajr-mukofotlar beradi, o‘shanda dunyoda u qadar musibatga uchramagan odamlar u bandalarni ko‘rib, koshki, hayoti dunyoda bizga ham musibat va mashaqqatlar yetganda edi, biz ham sabr qilgan va sabrimizga mana shunday ajr-savoblar olgan bo‘lar, bu kunda sabr qiluvchilar bilan birga turar edik, deb orzu qiladilar.

Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh shunday deb turganlarida, majlisga bir odam kirib keldi. U nogiron bo‘lib, turli xil dardlarga mubtalo edi. U kelib, Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayhga: «Mening haqqimga duo qiling, Alloh taolo menga bu mashaqqatlardan najot bersin», dedi.

Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Biz o‘sha majlisda hozir edik. O‘shanda hayron bo‘ldik, Hoji Imdodulloh Makkiy rahmatullohi alayh butun musibatlar va qiyinchiliklarning ne’mat ekanini aytib turibdilar. Bu yoqda esa bu odam o‘zidan mashaqqat va qiyinchiliklarning ketishini istab duo so‘rayapti. Agar bu nogiron odamdan mashaqqatlar ketishini so‘rab duo qilsalar, u holda ne’matning zoye bo‘lishini so‘ragan bo‘ladilar-ku? Hoji Imdodullox Makkiy rahmatullohi alayh shu payt qo‘llarini duoga ko‘tardilar va: «Allohim! Haqiqatda, barcha musibat va mashaqqatlar ne’matdir. Lekin, Allohim, biz ojizmiz. Sen bizning ojizligimizga nazar sol va bu mashaqqat ne’matini salomatlik ne’matiga almashtirib ber!» deb duo qildilar».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan

Maqolalar