Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Makkaning qon to‘kmay fath etilayotganidan shod edilar, ammo shaharning pastki qismida, Xolid guruhi tomonida qilichlarning havoda yaltiraganini ko‘rib, ancha xafa bo‘ldilar. Chunki qon to‘kmaslikka, urush qilmaslikka buyurgan edilar.
“Ey Xolid! Men seni jang qilishdan man etmadimmi?” deb so‘radilar. “Yo Rasululloh! Birinchi bo‘lib mushriklar hujum qildi!” dedi Xolid ibn Valid. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu hodisa ilohiy taqdir ekan!” deya sukutga cho‘mdilar.
Fathdan bir kun oldin Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh Makka fathini nasib etsa, ertaga Bani Kinona yurtiga boramiz. Bani Kinona bir paytlar bu yerda Quraysh mushriklari bilan kufr soyasi ostida birlashgan edi!” deya marhamat qilgandilar. Bir kundan keyin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning bayroqlari Bani Kinona yurtida tikildi, chodirlari ham o‘sha yerga qurildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) chodirlarida biroz dam oldilar, g‘usl qildilar, yangi kiyim kiyib, sakkiz rakat Zuho namozi o‘qidilar. Yana tuyalariga minib, qo‘shin yoniga keldilar.
Hijratning sakkizinchi yili, Ramazon oyining yigirmanchi (juma) kuni edi.
Insoniyat tarixida buyuk inqilob ro‘y berdi. Insonlarni insoniylikdan mahrum qilayozgan butparastlik markazi Makkaga bu sharafni qaytadan yuksaltirgan, “Yagona iloh” e’tiqodining vakili bo‘lmish Islom lashkari yorqin va adolatli bir zafar ila kirib kelgan edi.
Allohning eng suyukli quli va elchisi Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) boshlarida dubulg‘a, ostilarida Qosvo laqabli tuyalari, Fath surasini o‘qigan holda, sahobalar davrasida Ka’ba Masjidiga keldilar. Ro‘paralarida buyuk Ka’ba butun azamati bilan namoyon bo‘ldi. Gulduros takbir sadolaridan yaqin-atrofdagi tog‘lar titrab ketgandek bo‘ldi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ehromsiz holda Harami sharifga kirdilar, Ka’bani tuyaning ustida yetti marta tavof qildilar. Qo‘llaridagi uchi egri tayoq bilan Hajarul Asvadni o‘pib, tavof qildilar.
Ka’ba atrofida mushriklar sig‘inib kelgan uch yuz oltmishta but hali turardi. Holbuki, Ka’ba tavhid e’tiqodining ilk obidasi sifatida qurilgan edi.
Butlarning eng kattasi inson shaklida yasalgan, “quyosh tangrisi” hisoblangan Hubal edi. Qizil yoqutdan qilinib, Ka’ba ustiga qo‘yilgan bu katta butning oldida yetti dona o‘q turardi. O‘qlarga “Ha” va “Yo‘q” yozuvlari yozilgan bo‘lib, butga sig‘inuvchi arablar biror ish boshlashdan oldin bu o‘qlar yordamida fol ochar edi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llaridagi tayoq bilan turtib, butlarni shaxsan o‘zlari yiqita boshladilar. Har bir but ag‘darilib tushayotganida ushbu oyatni o‘qirdilar:
﴿وَقُلۡ جَآءَ ٱلۡحَقُّ وَزَهَقَ ٱلۡبَٰطِلُۚ إِنَّ ٱلۡبَٰطِلَ كَانَ زَهُوقٗا٨١﴾
«Yana ayting: “Haqiqat (ya’ni Islom) keldi va botil (kufr) yo‘qoldi. Chunki botil narsa yo‘qoluvchidir”» (Isro, 81).
Ka’baning ichkarisi ham Quraysh butlariga, devorlari esa, but rasmlariga to‘la edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ka’baning eshikboni Talha o‘g‘li Usmondan Ka’baning kalitini so‘radilar. Ka’ba eshigi ochilib, ko‘zlari devorlardagi suratlarga, Ibrohim va Ismoil payg‘ambarlarning timsoli deb mushriklar e’tiqod qilgan haykallarga tushdi. Rivoyatlarga ko‘ra, bular bir but edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ularni olib tashlashni buyurdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Umar darhol butlarni tashqariga olib chiqdi. Ka’ba suratlardan va butlardan tozalanganidan so‘ng, kaliti Talha o‘g‘li Usmonga berildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida Zayd o‘g‘li Usoma, Bilol, Talha o‘g‘li Usmonlar bilan Ka’baga kirdilar. Ikki rakat namoz o‘qib, Bayti sharifni aylanib chiqishdi.
Hamma tomondan musulmonlarning takbir ovozlari kelar, Allohga hamdlar aytilar edi.
Bu asnoda butun Quraysh Masjidi Haromga yig‘ildi, o‘zi haqida beriladigan hukmni sabrsizlik bilan kuta boshladi. Allohning oxirgi elchisi Ka’ba eshigi ostonasida turib, ushbu mashhur xutbalarini aytdilar. Bu nutq ila Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nafaqat makkaliklarga, balki butun insoniyatga xitob qilar edilar:
“Allohdan boshqa iloh yo‘q, yolg‘iz Alloh bor. Uning hech qanday sherigi va yordamchisi yo‘q. Alloh va’dasining ustidan chiqdi. Bandasiga yordam berdi. Barcha dushmanlarimizni tarqatib yubordi. Shuni yaxshi bilinglar, barcha eski udumlar, barcha mol va qon da’volari bugun shu ikki oyog‘im ostidadir (ya’ni bekor bo‘ldi). Faqat Ka’ba hamda hojilarga suv ulashish ishi eski holicha qoldirildi.
Ey Quraysh jamoasi! Alloh sizlardan johiliyat davridan qolgan g‘ururni, ota-bobolar va nasl-nasab bilan kibrlanishni ketkazdi. Barcha insonlar Odamdan, Odam (alayhissalom) esa tuproqdan yaratilgandir!” dedilar va shu yerda Qur’ondan ushbu oyatlarni o‘qidilar:
﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنَّا خَلَقۡنَٰكُم مِّن ذَكَرٖ وَأُنثَىٰ وَجَعَلۡنَٰكُمۡ شُعُوبٗا وَقَبَآئِلَ لِتَعَارَفُوٓاْۚ إِنَّ أَكۡرَمَكُمۡ عِندَ ٱللَّهِ أَتۡقَىٰكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٞ١٣﴾
«Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz (do‘st-birodar bo‘lishingiz) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh bilguvchi va ogohdir» (Hujurot, 13).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nutqlarida halol va haromga doir ba’zi hukmlarni ham bildirganlaridan so‘ng: “Ey Quraysh jamoasi! Sizlarga hozir qanday muomalada bo‘lishimni o‘ylayapsiz?” deya so‘radilar.
Mushriklar baravariga: “Yaxshilik umid qilamiz. Siz saxovatli va olijanob qardoshimizning o‘g‘lisiz!” deya javob qildi.
“Bugun sizlar o‘tgan ishlaringizga javobgar emassizlar! Qani endi tarqalinglar!” deya marhamat qildilar.
Qurayshliklar va makkaliklar bu so‘zlar bilan afvga muyassar bo‘ldi. Ularning fikricha, “Urush Payg‘ambari” deb hisoblangan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Rahmat Payg‘ambari” ekanlarini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydilar. Makkalik muhojirlar bilan qurayshliklar quchoqlashishdi.
Bu “Fath nutqi” bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
Bu xutbadan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Masjidi Haromga kirdilar. Zamzam suvi tarqatish ishini yana avvalgiday Abbosda, Ka’ba xizmatini Talha o‘g‘li Usmonda qoldirdilar.
Peshin payti habashlik muazzin hazrat Bilol Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) amrlari bilan Ka’baning ustiga chiqdi va azon aytdi. Bu qanday muazzam bir inqilob edi, bir kunning o‘zida Ka’bada bir qancha butlarga sig‘inilgan bo‘lsa, peshin vaqti Bilolning baland va yoqimli ovozi (“La ilaha illalloh” kalimasi orqali) Allohning yagonaligini barcha mushriklarga e’lon qilar, islomiy o‘zgarishning dovrug‘ini butun Makka ufqlariga yoyar edi.
Namozdan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Safo tepaligiga chiqdilar. Eng baland joyiga o‘tirdilar. Bu yerda qurayshliklardan bay’at qabul qildilar. Bir paytlar (Madina davrida, Aqoba tepaligida) madinaliklardan xuddi shunday bay’at olgan edilar. Endi navbat makkaliklarga keldi. Oldin erkaklardan, so‘ngra ayollardan bay’at qabul qilindi.
Oysha (roziyallohu anho) qilgan rivoyatga ko‘ra, birorta ayolning bay’ati musofaha (qo‘l siqish) shaklida bo‘lmadi. Bulardan ba’zilarining bay’ati og‘zaki, ba’zilariniki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llarini botirgan suv idishiga qo‘llarini botirish bilan amalga oshirildi.
Abu Sufyonning xotini va Muoviyaning volidasi Hind kimligini bildirmaslik maqsadida yuzini yopib, bay’at uchun xotinlar orasiga qo‘shildi va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelganida, bunday dedi: «“Allohga shirk keltirmaymiz!” deya qasam ichishimizni istayapsiz! Biz buni qabul qilamiz. O‘g‘rilik qilmaysiz, deb aytyapsiz. Men ba’zan erimning hamyonidan bir necha dirham olib turaman. Bunga ham ruxsat yo‘qmi? Bolalarni o‘ldirmanglar, dedingiz. Bolalarimizni yoshligidan o‘stirib voyaga yetkazdik. Katta bo‘lishgach, ularni sizlar o‘ldirdilaringiz!»
Ammo mushriklar ichida shunday qotillar bor edi, ular umumiy afvdan mustasno tutilib, qonlari halol qilindi.
Qonlari muboh bo‘lganlardan bir qismi fath vaqtida Makkadan qochganlarida, ushlangan joylarida o‘ldirildi. Ko‘plari yana kechirildi. O‘ldirilganlar bor-yo‘g‘i to‘rt kishi bo‘lgani rivoyat qilingan. Biroq Imom Buxoriyga ko‘ra, Makka fathidan keyin bittagina odam qatl qilingan, u ham bo‘lsa Ibn Hata edi. Ibn Hata musulmon bo‘lganidan so‘ng ozod qilgan bir qulini o‘ldirib, musulmonlikdan chiqqan (murtad bo‘lgan), keyin joriyasi bilan uning o‘rtog‘ini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga qarshi hajviya aytishga tashviq qilgan edi.
Qonlari halol qilinganidan keyin afv bo‘lganlar orasida Abu Jahlning o‘g‘li Ikrima, Sa’d o‘g‘li Abdulloh, Safvon, Hamzaning qotili Vahshiy, Hamzaning jigarini tishlagan Hind, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Zaynabni yaralagan va oxirida o‘limiga sababchi bo‘lgan Habbor, mashhur shoir Zuhayr o‘g‘li Ka’blar bor edi. Insofsiz dushmanlarga nisbatan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatgan bunday yuksak shafqat namunasi insoniyat tarixida boshqa takrorlanmagan!
Habashlik Bilolning azon tovushini eshitganlardan Usayyid o‘g‘li Attob bunday deb baqirgan: “Ming shukr, otam o‘lib, muqaddas Ka’ba tomida shu qora odamning ovozini eshitmadi. Tirik bo‘lsaydi, bunga chiday olmasdi!”
Lekin sal fursatdan keyin, umumiy afv e’lon etilganini eshitib, Attob hayajon bilan oldinga otilib chiqdi va: “Men Usayyidning o‘g‘liman. Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va siz Allohning elchisi ekaningizga ishondim. Buni tasdiqlayman!” deb Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida musulmonligini bildirdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Juda yaxshi! Men ham seni Makkaga voliy etib tayinladim!” deya yangi musulmon bo‘lgan yosh qurayshlikka Makkani boshqarish vazifasini topshirdilar.
Makka fathining ikkinchi kuni edi. Xuzoaliklar bir mushrikni o‘ldirib qo‘yishdi. Bu hodisadan xafa bo‘lgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo osmonlar va Yerni yaratayotganida Makka muhitini ham hurmatga loyiq qilib yaratdi. Makkada qon to‘kishni harom qilgan Allohdir. Buni insonlar harom qilishgani yo‘q. Alloh to qiyomatgacha Makkani harom qildi. Allohga va oxirat kuniga ishongan kishiga Makka ichida qon to‘kish halol emas. Bu yerda hatto daraxt ham kesilmaydi. Agar birov sizga: “Rasululloh bu yerda jang qildi!” desa, “Alloh taolo faqat payg‘ambargagina ruxsat bergan, sizlarga emas”, deb ayting. Menga ham Rabbim faqat bir kunning ma’lum saotidagina izn berdi. Keyin yana kechagi haromligi bugun qaytdi. Ushbu so‘zimni bu yerda bo‘lganlar bo‘lmaganlarga yetkazsin!” deb marhamat qildilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) umumiy afv e’lon qilish bilan makkaliklarning qalblarini ishg‘ol etdilar, xalqni tamoman o‘zlariga bog‘lab oldilar.
Makka fathi musulmonlik hech qachon qilich kuchi bilan yoyilmaganini ko‘rsatuvchi eng ishonarli va kuchli dalil bo‘ldi. Holbuki, agar majburan Islom dinini har kimga qabul qildirish mumkin bo‘lganida, buning uchun Makka fathi munosib bir fursat edi. Biroq bunday yo‘l tutilmadi, fath asnosida hech bir odamga musulmonlik majburan qabul qildirilmadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Makkada o‘n besh kun turdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yana Madinaga qaytarmikanlar yoki tug‘ilib o‘sgan Makka shahrida o‘rnashib qolarmikanlar, deya madinalik ansorlar xavotirda edi. Allohning elchisi bu holni eshitib: “Ey ansorlar! Men Allohning quli va rasuliman. Yurtingizga hijrat qildim. Hayotim hayotingizdir, o‘limim ham sizning yoningizdadir!” deya marhamat qildilar va ansorlarning xavotirlarini ketkazdilar.
Makka fathi tufayli yigirma yildan beri davom etib kelgan “Islom va shirk” munosabatlari yakun topdi. Islom dinining mushriklar ustidan g‘alabasi haqning botildan ustun kelishi bilan tugadi.
Mo‘min kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning har bir vasiyatlariga amal qilsa, xotirjam yashaydi. Vasiyatda aytilgani kabi: “Yemaydigan narsalaringizni yig‘ib tashlamang”, so‘ziga to‘liq amal qilish lozim. Bu vasiyatda mol dunyoga boshi bilan sho‘ng‘ib ketib, ibodatlarni unutib qo‘ygan kishilar uchun ajoyib bir eslatma bor. Sababi, kishi qanchalik yelib-yugursa ham peshonasida borini oladi, undan ortig‘iga erisha olmaydi. Musulmon kishi dunyo farzandi emas, balki oxirat farzandi bo‘lishi kerak. Har bir bola o‘z onasiga ergashgani kabi mo‘min banda ham haqiqiy rohat-farog‘at hayoti bo‘lgan oxiratga talpinishi kerak.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularning gaplariga qo‘shimcha qilgan yana bir vasiyatlari “O‘zingiz yashamaydigan imoratlarni qurib tashlamang” so‘zi bo‘lib, bu bilan dunyoning zebu ziynatlariga haddan ortiq berilib ketmaslikni tavsiya qilmoqdalar. Mo‘min – bu dunyoda oxirat hovlisini qura olgan kishidir. Shoir aytganidek:
O‘limdan so‘ng kishi uchun na hovli bor va na uy,
Faqat u yashar dunyoda nima qurgan bo‘lsa, shu ko‘y!
She’rdagi tashbeh shuki, inson bu dunyoda toat-ibodatlari va solih amallari bilan oxirat uchun manzil tayyorlaydi.
Haqni botildan ustun bilgan, haqiqiy imon egasi dunyoga qattiq bog‘lanib qolmaydi. Chunki Alloh va Uning Rasuliga imon keltirganlar dunyodagi eng qalbi boy kishilar hisoblanadi. Imoni uning barcha narsalarni to‘g‘ri anglashiga sababchi bo‘ladi va oqibatda dunyoning arzimas narsa – matoh ekanini ko‘radi.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
﴿ٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّمَا ٱلۡحَيَوٰةُ ٱلدُّنۡيَا لَعِبٞ وَلَهۡوٞ وَزِينَةٞ وَتَفَاخُرُۢ بَيۡنَكُمۡ وَتَكَاثُرٞ فِي ٱلۡأَمۡوَٰلِ وَٱلۡأَوۡلَٰدِۖ كَمَثَلِ غَيۡثٍ أَعۡجَبَ ٱلۡكُفَّارَ نَبَاتُهُۥ ثُمَّ يَهِيجُ فَتَرَىٰهُ مُصۡفَرّٗا ثُمَّ يَكُونُ حُطَٰمٗاۖ وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِ عَذَابٞ شَدِيدٞ وَمَغۡفِرَةٞ مِّنَ ٱللَّهِ وَرِضۡوَٰنٞۚ وَمَا ٱلۡحَيَوٰةُ ٱلدُّنۡيَآ إِلَّا مَتَٰعُ ٱلۡغُرُورِ٢٠﴾
«Bilingizki, bu dunyo hayoti faqat o‘yin, ermak, ziynat, o‘zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So‘ngra u qurigach, uni sarg‘aygan holda ko‘rasiz. So‘ngra u o‘tin bo‘lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob, (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matohidir» (Hadid, 20).
Dunyo vaqtinchalik ozgina fursat ekaniga ishora qilib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Mening nazdimda dunyo go‘yo yoz issig‘ida bir otliq yo‘lovchi bir daraxt soyasida ozgina dam olib, so‘ngra ketgani kabidir” (Abul Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy tafsirida keltirgan).
Alloh taolo Ibrohim va Muso (alayhimassalom)ga tushirgan sahifalarda barcha payg‘ambarlar va ularning ummatlariga ibrat bo‘lishi uchun dunyoga shunday xitob qilib deydi: “Ey dunyo! Solih kishilarga ziynatli ko‘rinsang ham, lekin ularning nazdida qadring qanchalar past. Men ularning qalblarida senga nisbatan g‘azab va sabrni joylashtirdim. Men sendan haqir boshqa narsa yaratmadim. Men senga shunday kun taqdir qildim, u kunda sen hech kimga yaramaysan va hech kim senda qolmaydi”.
Demak, dunyoning haqirligi Qur’oni karimdagina emas, balki barcha ilohiy kitoblar va sahifalarda zikr qilingan.
Hadisi Sharifda bunday deyiladi:
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: “يَا رَسُولَ اللَّهِ، دُلَّنِي عَلَى عَمَلٍ إذَا عَمِلْته أَحَبَّنِي اللَّهُ وَأَحَبَّنِي النَّاسُ” فَقَالَ: “ازْهَدْ فِي الدُّنْيَا يُحِبَّك اللَّهُ وَازْهَدْ فِيمَا عِنْدَ النَّاسِ يُحِبَّك النَّاسُ”
Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kishi Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, menga shunday bir amalni o‘rgating, uni qilsam Alloh ham, insonlar ham meni yaxshi ko‘rsin”, dedi. “Dunyodan yuz o‘gir (unga berilma), Alloh seni yaxshi ko‘radi. Insonlardagi narsalardan behojat bo‘l, ular seni yaxshi ko‘radi”, dedilar» (Ibn Moja).
Zohidlik juda ham ulug‘ ish bo‘lib, kishini oriyatli, hamiyatli qiladi va shu bilan birga, odamlar orasida obro‘si ortishiga sabab bo‘ladi. Olimlar aytadi: “Molu dunyosi ko‘p odam zohid emas, balki Qorun kabi boy-badavlat bo‘lsa ham, molu dunyo uning qalbini o‘g‘irlamagan bo‘lsa, o‘sha zohiddir”.
Mo‘min kishi hayotning har bir jabhasida g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilishi va natijani faqat Allohdan kutishi lozim.
Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyiladi:
﴿وَقُلِ ٱعۡمَلُواْ فَسَيَرَى ٱللَّهُ عَمَلَكُمۡ وَرَسُولُهُۥ وَٱلۡمُؤۡمِنُونَۖ وَسَتُرَدُّونَ إِلَىٰ عَٰلِمِ ٱلۡغَيۡبِ وَٱلشَّهَٰدَةِ فَيُنَبِّئُكُم بِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ١٠٥﴾
«Ayting: “Amallar qiling! Albatta, Alloh, Rasuli va mo‘minlar amallaringizni ko‘rajak. Shuningdek, albatta, g‘oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (Zot) huzuriga qaytarilursiz. Bas, (o‘shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur”» (Tavba, 105).
Mehnat qilish kishini chiniqtirgani kabi, uning halol rizq topib yeyishi uchun asosiy omil hamdir. Mo‘min kishi Alloh va uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga imon keltirib, toat-ibodatlarini o‘z o‘rnida bajarib yursa, uning har bir ishi ibodat o‘rniga o‘tadi. Hattoki, kun bo‘yi oila, bola-chaqa boqaman deb ishlab, kechasi uxlashi ham ibodatdir. El-yurt uchun, vatan ravnaqi yo‘lida tinmay xizmat qilish esa, eng sharafli ishlardan hisoblanadi.
Islom arkonlarini o‘z vaqtida bajarish, o‘zi yolg‘iz qolganda ham, omma oldida ham bir xil ko‘rinishda va har bir ishimni Alloh ko‘rib turibdi-ku, degan e’tiqodda bo‘lish kishining halolligi uchun yetarli. Chunki u hech kimga xiyonat qilmaydi. Vatanini, elini o‘ylab harakat qiladi.
Inson o‘zining peshona teri bilan topgan mol-dunyosi qanchalar totli ekani, uni iste’mol qilish bilan rohatlansa, oilasi, qarindoshlari va yoru do‘stlari davrasida hurmati yana ham oshadi.
Inson o‘tkinchi hayotga emas, balki abadiy qoladigan joyiga intilishi va shunga yarasha solih amallar qilishi kerak. Chunki u kunda kishi bu dunyoda qilib o‘tgan barcha ishlarini ko‘radi.
Qur’oni karimda aytiladi:
﴿إِنَّآ أَنذَرۡنَٰكُمۡ عَذَابٗا قَرِيبٗا يَوۡمَ يَنظُرُ ٱلۡمَرۡءُ مَا قَدَّمَتۡ يَدَاهُ وَيَقُولُ ٱلۡكَافِرُ يَٰلَيۡتَنِي كُنتُ تُرَٰبَۢا٤٠﴾
«(Ey Makka kofirlari!) Darhaqiqat, Biz sizlarni yaqin (da voqe bo‘ladigan) azobdan ogohlantirdik. U kunda (har bir) kishi o‘zi qilib o‘tgan narsalarni (ya’ni barcha yaxshi-yomon amallarni) ko‘rar va kofir kimsa: “Eh, koshki, tuproq bo‘lib ketsam edi!” der» (Naba’, 40).
Oyatidagi “yaqin (da voqe bo‘ladigan) azob”dan murod, qiyomat kuni azobidir. Chunki “Har bir keluvchi yaqindir” qoidasiga binoan, u kunning kelishi yaqindir. O‘sha kun kelganida bandalar boshiga turli savdolar tushar (“Tafsiri Nasafiy”, 2-jild).
Qur’oni karimdagi ko‘plab oyatlar payg‘ambarlar vositasida insonlarni shiddatli azobdan ogohlantirish uchun nozil bo‘lgan.
Abu Qatoda oyatdagi “yaqin azob”ni gunohkorning azobi, chunki u azobga yaqin, degan.
Muqotil (rahimahulloh) esa: “Badr urushi kuni mushriklarning mag‘lub bo‘lishi”, deb tafsir qilgan.
Oyatdagi “kishi” so‘zi ayolni ham, erkakni ham o‘z ichiga oladi. Chunki erkaklarga aytilgan xitob ayollar uchun hamdir.
Ato (rahimahulloh): “Oyatdagi kishidan murod, kofirdir”, degan.
Shayton (alayhila’na) qiyomat kuni Odam (alayhissalom) zurriyotining boshiga tushgan bu savdolarni ko‘rib xursand bo‘ladi. Kofirlar esa, tuproqqa aylanib qolishni orzu qiladi. Shayton asli olovdan, odam esa tuproqdan yaratilgan. Bu dunyoda shaytonga malay bo‘lib xizmat qilgan kofir va munofiqlar oxiratda shaytonning asl manbai olov emas, aksincha, odamning asli bo‘lmish tuproqqa aylanishni xohlaydi (“Ruhul ma’oniy” tafsiri, 29–30 poralar, 21–22-betlar).
Alloh taolo bu dunyoda ham, oxiratda ham barchamizning yuzimizni yorug‘ qilsin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytib ketgan muborak vasiyatlarga hayotimizning barcha sohalarida to‘liq amal qilib borishni nasib aylasin.
Allohning inoyati va fazli-karami bilan ikkinchi kitob nihoyasiga yetdi.
KЕYINGI MAVZU:
UCHINCHI KITOB:
Uchinchi vasiyat...
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi