Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki O‘zbekistondagi jome masjidlarda shu yil 6 maydan e’tiboran taroveh va juma namozlari o‘qilishi to‘g‘risida tarqatilayotgan audioxabar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Aholi orasida asossiz va yolg‘on xabar tarqatish Islom dini ta’limotlarida qattiq qoralanadi, qonunchilikda esa javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.
Yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha bayonotida juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh mahal va Ramazon oyidagi tarovih namozlarini uyda o‘qish haqida alohida qayd etilgan.
Shunday ekan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga mos ravishda masjidlarda jamoat bo‘lib ibodat qilish boshlanishi haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy nashrlari tomonidan e’lon qilinadi.
O‘z navbatida mo‘min-musulmonlarni mana shunday ixtilof, fitna va ikkilanishlarga sabab bo‘ladigan materiallarni tarqatmaslikka chaqiramiz. Alloh taolo barchamizga insofu tavfiq berib, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati