Islom dinida Ramazon oyi ulug‘ oylardan hisoblanadi. Unda ro‘zador odamning uyqusi ham ibodat, namozini qoim qilish ham ibodatdir. Uning har bir amaliga ko‘plab savoblar ziyoda qilinadi. Ramazon musulmon kishining duosi qabul bo‘ladigan oydir. Ramazon oyi Alloh taoloning rahmat va barakalari yog‘iladigan oydir. Ramazon mo‘min va musulmonlar uchun baraka oyidir. Barokotlarning adadini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Hozir e’tiboringizga Alloh taolo qodir qilganicha ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:
Alloh taolo Qur’on karimning Baqara surasining 185-oyatida “Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan.”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. Saxovatlarining avji Ramazonda Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashgan kezlari bo‘lar edi. Tasavvur qiling Qur’on karim tilovat qilinganda yerga qanchadan qancha farisha tushadi. Alloh taoloning eng so‘ngi kitobini shu oyda nozil bo‘lishi ham bu oyning ulug‘ barokatli oy ekanligini bildiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi (o‘tgan) gunohlari mag‘firat qilinadi” dedilar . Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Hadis qudsiyda (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rabbilari Alloh taolodan rivoyat qilganlar) Alloh taolo: “ Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Magaram, ro‘za unday emas. U Men uchundir. Uning mukofatini Men berurman. U (odam bolasi)shahvatini va taomini Men uchun tark qilur”-dedi. Imom Muslim rivoyat qilganlar
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lsa, shaytonlar va o‘zboshimcha jinlar kishanlanadi. Do‘zah eshiklari yopiladi. Ulardan biron eshik ochilmas. Jannatning eshiklari ochilur. Ulardan biror eshik yopilmas. Har kecha bir nido qiluvchi:
“ Ey, yaxshilikni istovchi, kelib qol! Ey, yomonlikni istovchi, bas qil”- deb nido qiladi” dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Ramazonda iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur” deganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir” deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishda o‘z ummatlariga o‘rnak bo‘lar edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. Saxovatlarining eng avji Ramazonda bo‘lar edi. U zot Ramazonda esgan shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Modomiki iftorga shoshilishar ekan, odamlar yaxshilikda bo‘laveradilar”dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
Alloh azza va jala: “Bandalarimning menga mahbubrog‘i og‘iz ochishni tezlatganlari”, deb aytdi” dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“ Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas” dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilganlar.
Bu bilan u o‘zi ro‘za tutmasa bo‘ladi degani emas. Chunki, ro‘za farz ibodat hisoblanadi. Bu hadis iftorlik qilib berishning qanchalik savobi ulug‘ ish ekanini bildirish uchun aytilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga iftorlik vaqtida:
“Alloh nomi bilan, Allohim sen uchun ro‘za tutdik. Sening rizqing bilan iftorlik qildik, bizlardan (ro‘zamizni) qabul qilgin. Albatta Senning o‘zinggina eshituvchi, biluvchisan” demoqni vasiyat qildilar.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ro‘zador uchun iftorlik vaqtida rad qilinmaydigan duo bor” dedilar. Boshqa bir hadisda “ Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqan vaqtda (Ro‘zasi) bilan xursand bo‘ladi” dedilar. Imom Muslim rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim Qadr kechasida iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Chunki, Qadr kechasi ming oydan afzaldir. Shuning uchun ba’zi sahoba va tobeinlar Ramazonning oxirgi o‘n kunlikda, g‘usl qilib, o‘zlariga xush bo‘yliklar sepib, yurishardi. Qadr kechasi shu o‘n kun ichida bo‘lgani uchun.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor”, deganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.
Yana boshqa bir hadisda:
“Bizlarning ro‘zamiz bilan Ahli kitoblar ro‘zasini orasini ajratib turadigan narsa saharda taomlanmoq” deganlar.
Ro‘zador ramazon ro‘zasini tutib bo‘lgandan keyin ro‘za davomida qilingan xato va kamchiliklarni to‘ldirish uchun beriladi. Fitr sadaqasini Iydi Fitrning tongi otishi bilan vojib bo‘ladi. Undan oldin berish joizdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ramazon oyida qilingan umra hajga tengdir” deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Albatta, ro‘zadorning og‘zidagi hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir” dedilar. Imom Muslim rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Agar sizlardan biringiz ro‘za tutsa fahsh hamda lag‘v so‘zlarni gapirmasin. Agar biror kishi so‘ksa yoki urushsa, men ro‘zadorman”, desin” dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kim ro‘zadorligini unutib qo‘yib yesa yoki ichsa, ro‘zasini davom ettiraversin. Chunki, Alloh u kishini taomlantiribdi va serob qilibdi, xolos” dedilar. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilganlar.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Baqara surasi 187 oyat:
“Va to tongdan oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha yeb-ichaveringlar” deb marhamat qilgan.
Alloh taolo katta yoshdagi ro‘za tuta olmaydigan kishilarni fidya berishga buyurgan. Alloh taolo Qur’on karim Baqara surasining 184 oyatida:
“(Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim.” degan.
Homilador ayol bo‘lsa tug‘ub bo‘lgandan so‘ng ro‘zasining qazosini tutib beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh taolo ramazonnig xar kuni jannatini ziynatlaydi” deganlar.
Yana boshqa bir hadisda esa, Jannatdagi bir eshik faqat ro‘zadorlar uchun ekanligi kelgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Jannatda bir eshik bor. U “Rayyon” deyiladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. “Ro‘zadorlar qani?”deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirgach, u berkitiladi. Keyin undan hech kim kirmaydi” dedilar. Imom Buxoriy rivoyaat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ramazonda farishtalar ro‘zadorlar iftorlik qilgunlaricha ularga istig‘for aytadilar” dedilar.
Imom Sufyon Savriy agar ramazon kelsa, hamma nafl ibodatlarni tark qilib, faqat Qur’on tilovot qilar edilar.
Ramazonda barcha toatlar jamlanadi. Masalan, namoz, ro‘za, tunlari qoim bo‘lish, masjidlarda Qur’oni karimning xatm qilinishi, umra ziyorati, ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish, istig‘for aytish, tavba qilish, qarindoshlardan xabar olish va boshqa ibodatlar.
Alloh taolo barchalarimizga bu barakalardan bahramand bo‘lishni nasib qilsin!
Toshkent viloyati, Qibray tumani,
“Sa’dulla ota” jome masjidi imom-xatibi
Mirhamidov Obid
Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:
Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.
Bir-biridan oshurdilar to‘yni,
Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.
Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.
Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,
Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...
Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek, “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.
Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.
Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.
Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.
Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:
...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,
Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.
Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,
Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.
Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...
Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».
Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.
Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.
So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!
Alisher domla NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari