Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Ro‘zador tiliga ehtiyot bo‘lsin

6.05.2020   3006   3 min.
Ro‘zador tiliga ehtiyot bo‘lsin

Ro‘za tutish nafaqat yeb-ichish va nafsni jilovlash bilan, balki tilidan chiqayotgan har bir so‘zga e’tiborli bo‘lish bilan ham mukammal ado etiladi. Kishi tong qorong‘usidan to shomgacha qiynalib yeb-ichmasayu og‘zidan turli so‘kinish va yolg‘onlar chiqaversa, bu ro‘za mukammal bo‘lmaydi. Bu borada Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (s.a.v.): “Ro‘za shahvatlardan to‘suvchidir, agar birortangiz ro‘za tutadigan bo‘lsa, noloyiq so‘zlarni aytib, johillik qilmasin, biror kishi urushib yoki so‘kishadigan bo‘lsa, men ro‘zadorman, deb ikki marta aytsin”, - dedilar. (imom Buxoriy va imom Muslim rivoyatlari). Ushbu hadisda aytilganidek, imkon boricha yomon so‘zlardan uzoq bo‘lish, mabodo biror kimsa ro‘zadorni ranjitadigan bo‘lsa,  tiliga ehtiyot bo‘lishdan chalg‘itsa buning ham yechimi borligini, “men ro‘zadorman” deb aytishi kifoya ekani ta’kidlanadi.

Nabiy (s.a.v.): “Ba’zi ro‘zadrlar borki, ularga ro‘zasi uchun ochlikdan o‘zga narsa bo‘lmas. Ba’zi tunda bedor bo‘lgan borki, ularga bedorligi uchun uyqusizlikdan o‘zga narsa bo‘lmas”, dedilar. Ba’zi kishilar ro‘za tutdim, deb vaqtini bekorchi ishlarga sarf etadi,  g‘iybat qiladilar, yolg‘on gapirib turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladi yoki maqtanchoqligi bilan riyokorga aylanadi. Ushbu hadis odamlarni ana shunday ro‘zadorga makruh, ya’ni yomon ko‘rilgan ishlarni bajarmaslikni ogohlantiradi, aks holda qiyinchilikdan boshqasi berilmasligi ta’kidlanadi. Demak, har bir ibodatning o‘ziga kerakli qaytariqlariga qat’iy amal qilish joiz bo‘lganidek, ro‘zaning ham muhim shartlaridan biri – til ofatlaridan saqlanmoqdir.

Yolg‘on gapirish munofiqlik alomati ekani hadislarda keltiriladi. Bu illat ro‘za uchun ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bu borada bir hadisi sharifda: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deyiladi. Demak, ro‘za tutdim deb niyat qilgan, uning barcha qiyinchiliklarini sabot bilan yenggan har kishi albatta yolg‘on gapirishdan himoyalanmog‘i muhim ekan.

Ro‘zador g‘iybat, so‘kinish, bo‘hton kabi barcha illatli amallardan tiyilmasa, uning savoblari yo‘qqa chiqishi mumkin. Bu xaqda Rasululloh (s.a.v.): «... U kishi ochlikdan boshqa narsaga ega bo‘lmaydi» — deganlar. (Ibn Moja rivoyati, sahihut targ‘ib).

Aksincha, ro‘za tutgan inson yaxshi gaplarni gapirib, insonlarga ezgulik ulashsa, ko‘ngillarini olib shirinsuhan bo‘lishga intilsa, ko‘plab savoblarga erishadi. Ramazonning beqiyos imkoniyatlaridan biri duolarning ijobat etilishidir. Bebaho lahzalarni behuda ishlarga sarf etish o‘rniga xolis duo qilishning xislati son sanoqsizdir.

Bu borada Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): “Uch toifa kishining duosi rad etilmaydi. Ular: Ro‘zadorning og‘iz ochgunicha qilgan duosi, odil imomning duosi, mazlumning duosi”, - deganlar (Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari)

Abdulloh ibn Os (r.a.)dan rivoyat qilingan yana bir hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Ro‘zadorning iftor paytida qilgan duosi rad qilinmaydi”, - dedilar. (Ibn Moja va Ibn Sunniy rivoyatlari).

 

Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi.

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

9.01.2025   2490   2 min.
Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.


Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.

“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.


Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.

“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).

Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.


Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.

“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).


Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.

“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).


Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).


Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.

(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir(Luqmon surasi, 19-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD