Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

Nurul izoh: ZAKOT KITOBI

05.05.2020   4857   15 min.
Nurul izoh: ZAKOT KITOBI

 

ZAKOT KITOBI

«Zakot» so‘zi lug‘atda bir necha ma’noni ifoda qiladi. Bulardan eng muhimlari: poklanish, ortish, rivojlanish. Istilohda esa belgilangan miqdordagi molni ma’lum shartlarga binoan, uni olishga haqdor bo‘lgan kishiga berishdir.

 

Hukmi, farz bo‘lishi va hikmati

Zakot qat’iy farz amal bo‘lib, Islomning besh asosiy ruknlaridan biridir. Zakot xijratning ikkinchi yili farz qilindi. Uning yuksak va beqiyos hikmatlardan asosiylari quyidagalardir:

  1. Boylarni najot topganlardan bo‘lishlari uchun baxillik kasalidan poklash, ularni foydali ishlarga o‘rgatash. Chunki Alloh taolo Hashr surasining to‘qqizinchi oyatida buyuradi: "Kimki o‘z iafsining baxilligidan saqlansa, bas, ana o‘shalar najot topguvchilardir" (mazmuni).
  2. Faqir va ojiz kishilarga yordam berish, shu orqali ojiz va muhtoj kishilarning dardlariga darmon bo‘lish, ularning g‘am va qayg‘ularini yengillatish. Mana shu tarzda boylar bilan kambag‘allar orasida hurmat, muhabbat, birdamlik va mehr-shafqat paydo bo‘ladi va yaxshilik kuchayadi.

Islom dunyosida asarlari buyuk ishtiyoq va zavq bilan o‘qiladigan Shayx Sa’diy "Bo‘ston" kitobida shunday yozadi: "Bir kun yo‘lda ketayotib, bir yigitni uchratib qoldim. Ortidan bir qo‘zi yugurib kelmoqda edi. Men yigitga: "Qo‘zining ortingdan yugurishiga sabab senga bo‘lgan muhabbatimi", dedim. Yigig darhol qo‘zining bo‘ynidan arqonni yechib yubordi va yana yugurishda davom etdi. Qo‘zi ham egasining orqasidan qayoqqa burilsa, o‘sha tomonga yugurganini ko‘rib, juda hayratlandim. Yigit bu tomoshani bitirib, yonimga kelgach, shunday dedi: "Janob, uni mening ortimdan yugurtirgan arqon emas, unga qilgan yaxshiliklarim bo‘ynidagi ma’naviy halqa kabidir. Shuning uchun ham orqamdan kelmoqda. Bilasiz, fil shuncha bahaybat bo‘lsa ham, ko‘rgan yaxshiliga tufayli egasiga aslo hujum qilmaydi.

Ey yaxshi inson! Ko‘lingdan kelsa, yomonlarga ham yaxshilik qil. Ko‘rmayapsanmi, qo‘lingdan bir burda non yegan it ham sening sodiq qo‘riqching bo‘ladi... dedi».

  1. Zakot tilanchilar hamda ishsizlar sonini kamaytiradi va shu tufayli jamiyatdagi jinoyatlar, qabihliklar va tartibsizliklar yo‘qoladi. Chunki muhtoj bir kambag‘al och qolgach, jamiyatda tartibsizliklar chiqarib, o‘g‘irlik qila boshlaydi. Ammo boylar tomonidan berilgan zakot tufayli moddiy ehtiyojini qondirsa, jinoyat qilishdan, boshqalarga zarar berishdan voz kechib, foydali va xayrli ishlarga kirishadi.
  2. Zakot, boylarning juda katta mablag‘lar yig‘ib, kambag‘allarning iqtisodiy mahrum bo‘lishlari natijasida yuzaga keladigan to‘ntarish kabi tartibsizliklardan jamiyatni himoya qiladi. Agar boylar Alloh taoloning: «Ular mol-mulklaridan so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni, zakot) bergan zotlardir», (Ma’orij, 24-25 oyatlari mazmuni) degan amriga quloq solsalar, kambag‘allar ham boylarning mollarida o‘zlarining hissalari borligini his qila olsalar, bu hol jamiyatdagi turli falokatlarning oldini olishga, faqirlar boylarning mol-mulkini ko‘paytirishda ularga yordamchi bo‘lishlariga hamda uni o‘z mulkidek himoya qilishlariga sabab bo‘ladi.
  • Zakot ne’matning shukronasidir. Chunki Alloh taolo bandalariga badaniy, moliyaviy ne’matlar bergan. Badan bilan qilinadigan ibodatlar badaniy, mol bilan qilinadigan ibodatlar moliyaviy ne’matlarning shuqridir. Shunday ekan, boy-badavlat kishi kambag‘al va daromadi ozligi tufayli, boshqalarga muhtoj odamlarga qarab, Alloh bergan ne’matlar bilan o‘zini tilanchilikdan, boshqalarga muhtoj bo‘lishdan qutqargan Alloh taologa shukr etib, mulkidan juda ham oz qismini faqirlarga bermasa, u naqadar xasisdir.
  • Zakot farz bo‘lishining boshqa hikmati esa, Alloh yo‘lida kurashayotganlarning kuchlariga quch qo‘shib va askarlarga yordam bo‘lib, Islomning yoyilishidir. Faqir askar Alloh va Vatan yo‘lida o‘zini fido qilgan bo‘lsa, boylarning ham mol-mulkidan bir qismini ularga fido qilishi bundan kam emas. Sanab o‘tilganlardan tashqari zakotning yana butun insoniyat uchun xayrli va fazilatli hikmatlari mavjud.

 

Zakotning farz bo‘lish sababi

Haqiqatda yoki hukman nisobga yetgan mol-mulkka ega bo‘lmoq.

Izoh: Bu mulk tijorat yoki boshqa sohada ishlatilsa ko‘payishi mumkin bo‘lgan, ammo egasi ishlatmay saqlayotgan oltin va kumushga o‘xshash boyliklardir. Bunday boyliklar ko‘payish qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun, hukman ko‘payuvchi mollar deyiladi.

 

Zakotning rukni

Faqirni zakot moliga ega qilishdir. Zakot beruvchi kishi zakot niyatida faqirga bir yil uyidan boshpana bersa ham, zakot o‘rniga o‘tmaydi.

 

Farz bo‘liishning shartlari

  1. Zakot beradigan kishining musulmon bo‘lishi.
  2. Balog‘atta yetgan bo‘lishi bir faqir yoki yetimning qornini to‘ydirsa, bu zakot o‘rniga o‘tmaydi. Chunki bu taomni muboh qilishdir, uning ixtiyoriga berish emas. Shuningdeq, zakot niyatida.
  3. Aqlli bo‘lishi.
  4. Ehtiyoj va qarzlaridan tashqari, bir yil to‘lgan, nisob miqdoridagi, hukman bo‘lsa ham, ko‘payuvchi mulkka ega bo‘lishi.

 

Ado qilish farz bo‘lishining shartlari

Molning nisob miqdoriga yetganiga bir qamariy yil to‘lgan bo‘lishi. Bu nisob yilning boshida va oxirida mavjud bo‘lishi kifoya.

Agar (bu mulk) yil o‘rtasida (nisob miqdoridan) kamaygan bo‘lsa ham, zakot beriladi.

 

Ado qilinishining shartlari

Zakotning adosi durust bo‘lishi uchun quyidagi uch narsadan biri shartdir:

  1. Zakot berayotganida niyat qilish.
  2. Yoki mulkidan kerakli miqdorni zakot uchun ajratayotganida niyat qilish.
  3. Yoki zakot niyatida bo‘lmasa ham, zakotga berilishi lozim bo‘lgan molning barchasini faqirlarga tarqatish.

Faqirning o‘ziga berilgan mol zakot ekanini bilishi shart emas. Hatto (zakot berayotgan kishining) faqirga berayotgan mulkni ehson yoki qarz deb, faqat qalbdan zakot niyatida berishi ham durust bo‘ladi.

Izoh: Zakot beruvchi kishi molidan zakotini ajratmasdan, vaqti-vaqti bilan kambag‘allarga mulkidan ehsonlar ulashib tursa, har safar berayotganida zakot deb niyat qilmasa, bular zakot o‘rniga o‘tmaydi. Bu kishi, "Buni nima maqsadda bermoqdasiz ?" — degan savolga, o‘ylamasdan "Zakot" deya oladigan darajada nima qilayotganini bilsin. Shunda u niyat qilgan hisoblanadi va bergan ehsonlari zakot o‘rniga o‘tadi. Ammo avval zakotni niyat qilmay, keyinchalik: "Mana shu muddat ichida bergan sadaqalarim, zakot o‘rniga o‘tsin" deb niyat qilsa, bu ham zakot o‘rniga o‘tmaydi.

 

Zakoti farz bo‘lgan mulklarning turlari

Quyidagi mollarning zakotini berish farzdir:

  1. Yilning aksariyat qismini dalalarda o‘tlab o‘tkazadigan qo‘y, sigir va tuyaga o‘xshash to‘rt oyoqli hayvonlar.
  2. Oltin va kumush.
  3. Tijorat mollari.
  4. Dehqonchilik mahsulotlari va mevalar.
  5. Ma’dan va yer osti boyliklari.

 

O‘tlovchi hayvonlarning zakoti

Quyidagi uch shart mavjud bo‘lganida, bularning zakotini berish farzdir:

  • Nisobga yetgan taqdirda (bu nisob tuyada 5, sigirda 30, qo‘yda 40 bosh).
  • Bunday mol egasining ixtiyorida turgan holda ustidan bir yil o‘tgan bo‘lishi.
  • Yil davomida yoki yilning aksar qismida yaylovda o‘tlatib boqish mumkin bo‘lishi.

 

Tuyaning zakoti

  1. Tuya besh bosh bo‘lmagunicha, zakoti berilmaydi.
  2. Besh bosh tuyaga (zakot o‘laroq) bitta qo‘y beriladi.
  3. Tuyalarning soni 25 taga yetgunicha har besh tuyaga bitta qo‘y beriladi.
  4. 25 tadan 36 tagacha bo‘lgan tuyalarning zakoti bitta ikki yoshga o‘tgan urg‘ochi tuyadir. Tuyalar soni 36 taga yetgach, bitta uch yoshga o‘tgan urg‘ochi tuya beriladi.
  5. Tuyalar soni 46 taga yetgach, bitta to‘rt yoshga o‘tgan urg‘ochi tuya beriladi.
  6. Tuyalar 61 taga yetgach, bitta besh yoshga o‘tgan urg‘ochi tuya beriladi.
  7. Tuyalar soni 76 taga yetsa, ikkita uch yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
  8. Tuyalar soni 91 taga yetgach, ikkita to‘rt yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
  9. Tuyalar soni 120 tadan oshsa, har besh tuya uchun bitta qo‘y, ikkita to‘rt yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
  10. Tuyalar soni 145 taga yetgach, ikkita to‘rt yoshli urg‘ochi tuya bilan bitta ikki yoshli urg‘ochi tuya beriladi.

12.150 ta tuya uchun, uchta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya beriladi.

  1. Tuyalar 150 tadan 175 tagacha bo‘lsa, har besh tuya uchun bitta qo‘y hamda uchta to‘rt yoshli tuya beriladi. 175 tuyaga uchta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya, bitta ikki yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
  2. 186 ta uchun uchta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya bilan bitta uch yoshli urg‘ochi tuya beriladi.
  3. 196 tadan 200 tagacha bo‘lgan tuya uchun to‘rtta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya zakot beriladi.
  4. Tuyalar soni 200 dan ortiq bo‘lsa, har 50 tuyaning zakoti 150 dan 200 tagacha bo‘lgan 50 tuyaning hukmi bo‘yicha beriladi (ya’ni, 200 dan ortiq tuya 25 taga yetgunicha, har besh tuya uchun bir qo‘y, 25 taga yetgach, ikki yoshli urg‘ochi tuya, 36 taga yetgach, bir dona uch yoshli urg‘ochi tuya, 46 taga yetgach, (246) beshta to‘rt yoshli urg‘ochi tuya zakot beriladi).

Buxt deb ataluvchi chatishtirilgan tuyalar bilan sof arab tuyalari o‘rtasida zakot berish jihatidan hech bir farq yo‘q. Tuyalarda zakot qilib urg‘ochi tuya yoki uning badalini berish lozim. Sigir va qo‘ylarda urg‘ochi yoki buqa, qo‘chqor bo‘lishi farqlanmaydi. Mol egasi xohlaganidan beradi.

Zakot beradigan kishida zakotga beriladigan yoshdagi tuya bo‘lmasa, undan kattarog‘ini beradi va farqini (zakot olgan faqirdan) oladi yoki undan kichigini berib, kamiga pul beradi yoki tuyaning to‘liq badalini to‘laydi.

 

Otlarning zakoti

Ot, eshak, xachir, qo‘zi, (bir yoshga to‘lmagan) tuya va buzoqlar uchun zakot berilmaydi. Otlar uchun zakot berilmasligi sohibayn – Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga qo‘radir.

Imomi A’zamga, rahmatullohi alayh, ko‘ra otlar ikkiga ajratiladi: o‘tlab, rizqini topgan otlar (soima), yem berib (uyda) boqilgan otlar (olufa). Bu ikki qism otlar o‘zaro yana ikkiga bo‘linadi: tijorat uchun qo‘llanilgan otlar, tijorat uchun qo‘llanilmagan otlar.

Tijorat maqsadida foydalanilgan otlardan xoh o‘tlaydigan, xoh yem yeydigan bo‘lsin, zakot berish lozim, chunki bu otlar tijorat moli hisoblanadi. Agar otlardan tijoratda foydalanilmasa, unda yana ikkiga bo‘linadi: yuk tashish va minish uchun foydalanilgan otlar, bunday maqsadda foydalanilmagan otlar. Yuk tashish va minish maqsadida qo‘llanilgan otlar uchun, xoh yem yeydigan, xoh o‘tlaydigan bo‘lsin, zakot berilmaydi. Agar bunday maqsadda foydalanilmasa, unda ham ikkiga ajratiladi: o‘tlaydigan va yem berib boqiladigan otlar. Agar yem berib boqiladigan ot bo‘lsa, zakot berilmaydi. O‘tlaydigan otlar suti uchun yoki ko‘paytirish uchun boqilayotgan bo‘lsa, ular ham ikkiga bo‘linadi: erkak otlar, biyalar. Bularning har biri ham ikkiga bo‘linadi. Agar otlar sof arab otlaridan bo‘lsa, egasi xohlasa, ot boshiga bir dinor, xohlasa, otlarning jami qiymatini hisoblab, ikki yuz dirhami uchun besh dirham (2,5 foiz miqdorida) zakot beradi.

Agarda suti uchun yoki ko‘paytirish maqsadida boqilayotgan otlar arab otlaridan bo‘lmasa, faqatgina qiymati hisoblanib, har ikki yuz dirhamidan besh dirham zakot beriladi.

 

Sigirlarning zakoti

  1. O‘ttiz boshdan kam bo‘lgan sigirlar uchun zakot berilmaydi.
  • Sigirlar soni 30 taga yetgach, zakoti ikki yoshga o‘ggan bir dona urgochi yo erkak buzoqtsir.

 

  1. Sigirlar soni 40 taga yetgach, uch yoshga o‘tgan bitta urg‘ochi yoki erkak buzoq beriladi.
  2. Oltmishta sigir uchun ikki yoshga o‘tgan ikkita erkak yoki urg‘ochi buzoq beriladi.
  3. Yetmishta sigir uchun bir dona ikki yoshga o‘tgan erkak buzoq bilan uch yoshga o‘tgan urg‘ochi buzoq beriladi.
  4. Bundan oshgan har o‘n bosh sigir uchun yo bitta ikki yoshga o‘tgan erkak buzoq yo uch yoshga o‘tgan urg‘ochi buzoq almashlab qo‘shib beriladi. Qo‘toslardan zakot berish sigirlardan zakot berish kabidir.

 

Qo‘ylarning zakoti

  1. Qirqtadan oz bo‘lgan qo‘ylar uchun zakot berilmaydi.
  2. Qirqtadan 120 tagacha bo‘lgan qo‘ylar uchun bitta qo‘y zakot beriladi.
  3. 121 tadan 200 tagacha qo‘ylar uchun 2 ta qo‘y beriladi.
  4. 201 tadan 400 tagacha qo‘ylar uchun 3 ta qo‘y beriladi.
  5. 400 bosh qo‘y uchun esa 4 ta qo‘y beriladi.
  6. 400 donadan ko‘p bo‘lgan qo‘ylarda, har yuz bosh 1 ta qo‘y beriladi.
  7. Echkilardan zakot berish, qo‘ylardan zakot berish kabidir. Ulardan ikki yoshga o‘tganlari zakot qilib beriladi.

 

Oltin va kumushning zakoti

Nisob miqdoriga yetganidan so‘ng oradan bir yil o‘tgach, tanga holiga keltirilmagan bo‘lsa ham, oltin va kumush uchuya zakot berish farzdir.

 

Kumushning nisobi

  1. Kumushning nisobi 200 dirhamdir.

Bu 140 misqol og‘irlikdagi kumushdir. 1 misqol 4 gr.

140 m • 4 = 560 gr.

Shar’iy bir dirham og‘irligi 2,8 gr. deganlar bor. Ba’zilar shar’iy dirhamni 3,365 gr. degan. Shunday hisobga ko‘ra,

200 • 2,8 = 560 gp.   200 • 3,365 = 673 gr.

Har 10 dirham 7 misqol. 1 dirham 2,8 gr. 1 misqol 4 gr.

 

Oltinning nisobi

  1. Oltinning nisobi 20 misqoldir.
  2. Nisob miqdoriga yetgan kumush yoki oltin qiymatiga teng pulga ega bo‘lgan kishi, bu pulning qirqdan birini zakot o‘laroq berishi lozim.
  3. Yigirma misqol oltinning qirqdan biri yarim misqol, ikki yuz dirham kumushning qirqdan biri esa besh dirhamdir.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Qarzning zakoti;

Tijorat mollarining zakoti;

Dehqonchilik mahsulotlari va mevalarning zakoti;

Ma’dan va yerosgi boyliklarining zakoti;

Zakotga doir turli masalalar;

Zakot beriladigan kishilar;

Zakot berish joiz bo‘lgan kishilar.

FITR SADAQASI:

Rukni;

Vojib bo‘lishining shartlari;

Vojib bo‘lishining vaqti;

Fitr sadaqasiga berish joiz bo‘lgan narsalar;

Fitr sadaqasining vojib bo‘lgan miqdori.

O‘tilgan darslarni takrorlash.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida

21.04.2025   2102   14 min.
Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklash bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar to‘g‘ri ekanligidan dalolat bermoqda. 

Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:

I. Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Quyidagilar fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

a) jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;

b) ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish;

v) diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;

g) aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

d) diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish.

2. Diniy-ma’rifiy soha faoliyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

Quyidagilar hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplarini qat’iy amalga oshirishda davlat va jamoat  tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

b) fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini ta’minlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash;

v) O‘zbekiston aholisining dini, e’tiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara olishini ta’minlash;

g) dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib ustunlik berish, kamsitish va vijdon erkinligi kafolatlari buzilishining boshqa har qanday ko‘rinishlarining oldini olish.

Qo‘mita bir oy muddatda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda hamkorlik tizimining mexanizmlarini belgilovchi qo‘shma qarorni tasdiqlasin.

II. Diniy-ma’rifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish

4. Fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida Qo‘mita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni (keyingi o‘rinlarda – Portal) hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqsin.

Belgilansinki:

a) Portal “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladigan tizim hisoblanadi;

b) Portalda “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi;

v) vazirlik va idoralar Qo‘mita so‘roviga ko‘ra o‘zining axborot tizimlari Portalga integratsiya qilinishini ta’minlaydi;

g) Qo‘mita Portal faoliyatini moliyalashtirishga, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar uchun foydalanish imkoniyatini yaratishga mas’ul davlat organi hisoblanadi;

d) Qo‘mita “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Portaldan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;

b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;

v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;

d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;

ye) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

7. Akademiyaga quyidagi huquqlar berilsin:

a) o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib belgilash;

b) Qo‘mita bilan kelishgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash;

v) talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

g) yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish;

d) o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish.

8. Belgilansinki, Akademiyaga o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklidan tushadigan mablag‘larning yetishmagan qismi davlat oliy ta’lim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli o‘zgartirish kiritish orqali qoplanadi.

9. Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) sifatida qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

a) Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yo‘nalishlarida diniy sohada mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga mas’ul muassasa hisoblanadi;

b) barcha ta’lim tashkilotlarining islomshunoslik va dinshunoslik fanlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash Institut tomonidan amalga oshiriladi;

v) ta’lim jarayoni sifatini oshirish hamda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida Institut so‘roviga asosan darslarga tegishli vazirlik, idora, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari jalb etiladi;

g) Institut qayta tashkil etilayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

10.  Akademiyaga qarashli Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Zarbuloq ko‘chasi, 14-uy manzili bo‘yicha joylashgan yotoqxona binosi operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga bepul o‘tkazilishi ta’minlansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu binoni saqlash uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2025 yil uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qoldiq qismini Institutga o‘tkazib bersin, 2026 yildan boshlab esa binoni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni Institutning xarajatlar smetasida rejalashtirib borsin.

11.  Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;

b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ibqilish;

v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;

g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

12. Qo‘mita va Akademiyaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

13. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:

a) Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hududida ro‘y bergan Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy poydevorini yaratishda ishtirok etish;

b) islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;

v) diniy ta’lim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam ko‘rsatish;

g) ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish.

14. Diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

a) Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi;

b) Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi vazifasini Qo‘mita amalga oshiradi;

v) Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Akademiya va boshqa diniy-ma’rifiy muassasalarning ta’lim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyati muvofiqlashtiriladi;

g) Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.

15. Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

a) “Uchinchi renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulug‘langan vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy g‘oyalarni aholi orasida keng targ‘ib etish yo‘nalishlarini belgilash;

b) diniy-ma’rifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur o‘rganib borish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish;

v) soha tashkilotlarida to‘plangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribalarni tahlil etish asosida ulardagi ta’lim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, o‘quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini ta’minlash;

g) respublikaning barcha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar (dissertatsiyalar)ning mavzu va yo‘nalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish.

III. Diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash

16. Respublikada istiqomat qiluvchi turli din vakillarining Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish, jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash maqsadida Qo‘mitaning Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash (keyingi o‘rinlarda – Kengash) faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda quyidagilar inobatga olinsin:

a) Kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish;

b) Kengashga diniy konfessiyalarning muammolari bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlarga so‘rov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqini berish;

v) Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etish;

g) Kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari o‘rtasida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish.

Kengashning yangilangan tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat qilish

17. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.D.Toshboyev belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q.Davletov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                             Sh.MIRZIYOЕV

 

Toshkent shahri,

2025 yil 21 aprel

O'zbekiston yangiliklari