MUSULMONLARNING AZOBLANISHI
Islomning rivojlanib borayotganidan jazavaga tushgan mushriklar himoyasiz, zaifhol musulmonlarni dindan qaytarish maqsadida ularni turli azoblarga duchor qila boshlashdi. Makka mushriklari oz sonli musulmonlarni misli ko‘rilmagan qiynoqlarga, azob-uqubatlarga solishdi. Mushriklarning bu ishlardan ko‘zlagan birdan-bir maqsadlari mo‘minlarni iymondan qaytarib, yana mushrik qilish edi. Ammo musulmonlar bu azoblarga sabr qilish bilan insoniyat tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yoziladigan namunalar ko‘rsatdilar.
Oddiy musulmonlarga turli azoblar berib o‘z maqsadlariga erisha olmagan mushriklar ularning sardori bo‘lmish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ozor berishga o‘tishdi.
Nubuvvatning 5-yili o‘rtalarida mushriklarning jabr-zulmlari kuchayib ketganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Arqam ibn Abul Arqam roziyallohu anhuning uylarida yig‘ilishlar o‘tkazishga amr qildilar. U zot musulmonlar bilan o‘sha yerda sirli ravishda uchrashar, kerakli ta’lim-tarbiyalar berar edilar.
Mushriklar tinimsiz ravishda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qarshi tashviqot ishlarini olib borishardi.
ABU TOLIB – NABIY ALAYHISSALOMNING HIMOYACHISI
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam har qanday qiyinchiliklarga qaramay, odamlarni Islomga da’vat qilishda davom etaverdilar. Amakilari Abu Tolib ham u zotni himoya qilishda bardavom bo‘ldi.
Ish jiddiylashib ketgach, Quraysh boshliqlaridan bir guruhi Abu Tolibning oldiga kelishdi va: «Ey Abu Tolib, ukangning o‘g‘li ilohlarimizni haqoratlamoqda, dinimizni ayblamoqda, aqlimizni past va otalarimizni zalolatga ketgan, demoqda. Sen o‘zing uni tiyib ol yoki bizga qo‘yib ber. Axir sen ham bizning dinimiz va aqiydamizdasan-ku?!» deyishdi.
Abu Tolib ularga muloyim gapirib, qaytarib yubordi. Lekin mushriklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga mahkam yopishib olishdi. U zotni hech tinch qo‘yishmadi. Bir-birlarini u zotga qarshi qayray boshlashdi.
Bir muddat o‘tib yana bir guruh qurayshliklar Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ustlaridan shikoyat qilib, Abu Tolibning oldiga kelishdi. Ular: «Ey Abu Tolib! Sen ichimizda yoshi ulug‘imiz, sharafliyimiz na martabaliyimizsan. Ukangning o‘g‘lini tiyib olishingni iltimos qilgan edik, qilmading. Allohga qasamki, biz ota-bobolarimizning haqoratlanishiga, aqlimizning past deyilishiga va ilohlarimizning ayblanishiga bundan ortiq sabr qila olmaymiz. Uni tiyib olmasang, u bilan ham, sen bilan ham oxirigacha olishamiz. Ikki tomondan biri halok bo‘lmagunicha tek qo‘ymaymiz», deyishdi.
Bu gaplar Abu Tolibga qattiq ta’sir qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga odam yuborib, chaqirtirib keldi va: «Ey jiyanim! Qavming oldimga kelib, «shunday na shunday» deyishdi. O‘zingga ham, menga ham rahm qil. Menga toqatimdan tashqari ishni yuklama», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey amaki! Allohga qasamki, agar shu ishni tark qilishim uchun quyoshni o‘ng tomonimga, oyni chap tomonimga olib kelib qo‘ysalar ham, Alloh uni oliy qilmagunicha yoki shu yo‘lda halok bo‘lmagunimcha tark qilmayman», dedilar.
Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam shu gaplarni aytib turib, yig‘lab yubordilar va o‘rinlaridan turib chiqib keta boshladilar. U zot ketayotganlarida Abu Tolib: «Jiyanim, bu yoqqa kel!» deb qoldi.
U zot qaytib kelganlarida Abu Tolib: «Ey jiyanim! Nimani xohlasang, gapiraver. Seni hech qachon hech kimga topshirib qo‘ymayman», dedi.
U Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘z himoyasida bo‘lishlariga qat’iy qaror qildi. Arablarning odatlari bo‘yicha, ularning obro‘lilari birovning o‘z himoyasida ekanini e’lon qilsa, boshqalari o‘sha himoyadagi odamga tega olmas edi. Shu odatga binoan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uchun Abu Tolibning himoyasi juda qo‘l keldi. U o‘zi Islomni qabul qilmagan bo‘lsa ham Islom payg‘ambarini himoya qilar edi.
NABIY ALAYHISSALOMGA KOFIRLAR TOMONIDAN QILINGAN TAKLIFLAR
Kofirlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni da’vatlaridan qaytarish uchun yana bir urinish qilib ko‘rishdi. Ular u zotni molu dunyo, mansab va boshqa narsalar bilan o‘z ishlaridan qaytarmoqchi bo‘lishdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning barcha takliflarini rad etdilar.
HABASHISTON HIJRATI
Musulmonlar qanchalik sabr qilsalar, mushriklar ularga bo‘lgan tazyiqni shunchalik orttirib boraverishdi. Bora bora himoyachisi bo‘lmagan, zaifhol musulmonlarning din diyonatlari, sog‘lig‘u hayotlari aniq tahdid ostida qoldi.
Ana shunday og‘ir holatda, ya’ni nubuvvatning beshinchi yili rajab oyida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur sahobalariga: «Habashistonga borsangiz, yaxshi bo‘lardi. U yerda bir podshoh borki, uning yurtida hech kimga zulm qilinmas. Bu yurt sidq yurtidir. Alloh hozirgi holatni yengillashtirib qolsa, ajab emas», dedilar.
Shunda bir guruh musulmonlar Habashistonga hijra uchun otlandilar. Ushbu hijrat Islomdagi birinchi hijra edi. Birinchi muhojirlar guruhi o‘n olti kishidan ibora bo‘lib, ularning o‘n ikki nafari erkak, to‘rt nafari ayol edi. Mazkur to‘rt ayol erlari bilan birga chiqqan edilar. Ular: Usmon ibn Affon va ayoli Ruqayya, Abu Huzayfa ibn Utba Abshamiy va ayoli Sahla bint Suhayl, Abu Salama ibn Abdulasad Maxzumiy va ayoli Ummu Salama bint Abu Umayya, Omir ibn Rabiy’a va ayoli Laylo bint Abu Hasma, shuningdek, Usmon ibn Maz’un Jumahiy, Abdurrahmon ibn Avf Zuhriy, Mus’ab ibn Umayr, Zubayr ibn Avvom Asadiy, Abdulloh ibn Mas’ud Huzaliy, Abu Sabra ibn Abu Ruhm, Suhayl ibn Bayzo va Hotib ibn Amr Omiriy roziyallohu anhum.
HABASHISTONGA IKKINCHI HIJRAT. NAJOSHIYNING MUSULMON BO‘LISHI
Nubuvvatning 6-yili Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rahbarligida yana bir guruh (100-102 nafar) sahobalar Habashistonga hijrat qildilar.
Musulmonlar erishgan bu holat ularning ashaddiy dushmanlari bo‘lmish Quraysh kofirlarini befarq qoldirishi mumkin emas edi, chora sifatida muhojirlarning ortidan Najoshiyga bir maktub, hadyalar va elchilarni yuborib, ularni qaytarib berishini talab qilishdi. Najoshiy esa musulmonlarning o‘zlarini himoya qilish uchun gapirgan so‘zlarini ham tinglab ko‘rib, ularning haq sohiblari ekanlariga qanoat qildi va ularni qaytarib berishdan bosh tortdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Islomga chaqirib xat yozgan edilar, u musulmon bo‘ldi.
HAMZA IBN ABDULMUTTALIBNING ISLOMGA KIRISHI
(nubuvvatning 6-yili zulhijja oyi; milodiy 615 yil sentyabr)
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligi yaqinida o‘tirganlarida, oldilaridan o‘tib ketayotgan Abu Jahl u zotga qattiq ozor berib so‘kdi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam unga hech narsa demadilar. Abdulloh ibn Jud’onning ozod qilgan cho‘risi bu xabarni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari – Hamzaga yetkazdi.
Hamza o‘sha paytning eng dovyurak, bahodir kishisi edi. Xabarni eshitgan Hamzaning g‘azabi junbushga keldi va Baytulloh yaqinida odamlar bilan gaplashib o‘tirgan Abu Jahlni izlab topdi. Hamza Abu Jahlning oldiga yetib borishi bilan boshiga kamon bilan qattiq urdi va: «Men jiyanimning dinida bo‘lsam-u, hali sen uni haqorat qilasanmi?! dedi. Abu Jahl jim qoldi. Hamza musulmon bo‘ldilar. Quraysh kofirlari bundan parishon bo‘lishdi, chunki Hamza o‘sha paytdagi jamiyatda nihoyatda muhim o‘rin tutar edilar.
HAZRATI UMARNING ISLOMGA KIRISHI
Oradan uch kun o‘tib Umar ibn Xattob musulmon bo‘ldilar...
Bir kuni hazrati Umar: «Ey Allohning Rasuli, biz haq yo‘lda emasmizmi?» dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Haq yo‘ldamiz», dedilar. «Unday bo‘lsa, nimaga berkinamiz?!» dedilar Umar.
Shu kuni musulmonlar birinchi marta ochiqchasiga Baytulloh tomon yo‘l oldilar. Bir safni Hamza, ikkinchisini Umar boshlab bordilar. Ular Masjidul Haromga kirdilar. Qurayshliklar bir Hamzaga, bir Umarga qarab ichlaridan zil ketishdi.
O‘sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga «Foruq» («Haq bilan botilni farqlovchi») laqabini berdilar.
QAMAL
(nubuvvatning 7-yili muharram oyi; milodiy 615 yil oktyabr)
Siyrat ilmi ulamolarining ta’kidlashlaricha, Quraysh kofirlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldirishga kelishib olishdi. Bu yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun u zotning urug‘lari – Banu Hoshimdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni o‘zlariga topshirishni talab qilishdi. Hoshimiylar esa bu talabga rad javobini berishdi.
Ana shundan so‘ng mushriklar Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga, musulmonlarga hamda Banu Hoshimga Banu Muttalib urug‘lariga tazyiqni yana ham kuchaytirishga ittifoq qilishdi. Musulmonlar bilan oldi-sotdi qilmaslik, qiz olib-qiz bermaslik, xullas, ular bilan hech qanday aloqa qilmaslikka ahdlashishdi. Bu ahdnomaning kuchini oshirish va qattiq ta’kidlash uchun uni qog‘ozga ko‘chirib, sahifani Ka’bai muazzamaning ichiga osib qo‘yishdi.
Quraysh shu tariqa qamal e’lon qilganidan keyin Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam, musulmonlar hamda Banu Hoshim va Banu Muttalib urug‘larining musulmonu kofiri Makkaning tashqarisi, sharqiy tarafidagi Banu Hoshim darasi – nohiyasida qamalda qoldilar.
Qamalda qolganlar misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga duchor bo‘ldilar. Makkaga savdo karvoni kelganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biror kishi bolalari uchun «qut laa yamut» («o‘lmaydigan darajadagi yegulik») olmoqchi bo‘lib borsa, hech kim unga biror narsa sotmas edi. Abu Jahl va unga o‘xshash kimsalar savdogarlarga: «Narxni oshiringlar, qamaldagilar biror narsa sotib olishmasin», deyishardi. Qamaldagilar ochlikdan daraxtlarning ildizi va bargini yeyishga ham majbur bo‘ldilar. Shu tariqa kunlar, haftalar, oylar va yillar o‘tib boraverdi. Ularning ahvoli borgan sari og‘irlashar, qurayshliklarning esa tazyiqi tobora ortib borardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalar Islomga da’vatni kuchaytirar edilar.
Mana, qamalning uchinchi yili ham tugayapti. Ahvol o‘sha-o‘sha. Hech bir yengillikdan darak yo‘q. Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam amakilari Abu Tolibga Qurayshning ahdnomasi zulm va jabrdan iborat bo‘lgani uchun Alloh taolo uni termitlarga (yog‘och yeydigan chumoliga) yegizib yuborganining xabarini berdilar.
Shunda Abu Tolib u zotga qarab: «Buning xabarini senga Robbing berdimi?» dedi.
«Ha», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Bu gapni eshitgandan so‘ng Abu Tolib qavmidan bir guruh odamlarni olib, qurayshliklarning oldiga bordi. Ularga o‘zini xuddi shartlarga rozi bo‘lgandek qilib ko‘rsatdi. Abu Tolib to‘planganlarga qarab: «Mening jiyanim xabar berdiki, – u menga hech yolg‘on gapirgan emas, – Alloh taolo sizlarning sahifangizga termitni yuboribdi. U ahdnomadagi jabr va qarindoshlik aloqalarini uzish haqidagi barcha narsani yeb bitiribdi. Agar gap y aytayotgandek bo‘lsa, ko‘zingizni ochinglar va yomon niyatingizdan qaytinglar. Allohga qasamki, biz hammamiz o‘lib ketsak ham, uni sizlarga topshirmaymiz. Agar aytayotgani noto‘g‘ri bo‘lsa, biz uni sizga topshiramiz, uni nima qilsangiz, o‘zingizning ishingiz», dedi.
«Sen aytgan gapga rozimiz», deyishdi.
Ka’ba eshigini ochdilar. Sahifada «Bismikallohumma» («Allohim, Sening isming bilan») degan yozuvdan boshqa narsani qoldirmay termit yeb qo‘ygan ekan. Holat «Sodiqul masduq» (rostgo‘y va rostgo‘yligi tasdiqlangan) Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek bo‘lib chiqtsi.
Ammo qurayshliklar Abu Tolibga: «Bu jiyaningning sehri», deb dushmanliklarini yana ham kuchaytirishdi. Kofirlarning ichida ham ba’zi insoflilar bir kun oldin bu nohaqlikdan o‘zaro norozi bo‘la boshlashgan edi. Birinchi bo‘lib Hishom ibn Amr Omiriy qamalni qoralab gapira boshladi. U o‘z qavmida obro‘li odam edi. Asta-sekin ba’zi bir muruvvatli, insofli kishilarga bo‘layotgan ishning adolatsiz ekani, odamgarchilikka to‘g‘ri kelmasligini tushuntira boshladi. Uning fikriga Zuhayr ibn Abu Umayya Maxzumiy, Mut’im ibn Adiy Navfaliy, Abul Baxtariy ibn Hishom Asadiy va Zam’a ibn Asvad Asadiylar birin-ketin qo‘shilishdi. Ular besh kishi bo‘lganlaridan keyin ahdnomani buzishga o‘zaro kelishib olishgan edi.
Bu ishni birinchi bo‘lib ochiq e’lon qilgan odam Zuhayr ibn Abu Umayya Maxzumiy bo‘ldi. U ahdnomani buzishga kelishilgan kunning ertasiga odamlar to‘planib turgan joyga bordi-da: «Ey Makka ahli! Banu Hoshim va Banu Muttaliblar halokatga uchrab tursalar ham, o‘zimiz yeb-ichib, kiyinib yuraveramizmi?! Ularga biror narsa sotilmay, ulardan hech narsa sotib olinmay turilaveradimi?! Allohga qasamki, ushbu zolim ahdnoma yirtib tashlanmagunicha o‘tirmayman!» dedi. Abu Jahl gapga aralashgan edi, foyda bermadi, chunki Zam’a ibn Asvad, Abul Baxtariy ibn Hishom, Mut’im ibn Adiy va Hishom ibn Amrlar birin-ketin unga qarshi gapirdilar. Shu bilan to‘liq uch yil davom etgan bu zolim qamal nubuvvatning o‘ninchi yili boshida oxiriga yetdi.
MO‘JIZALAR TALAB QILINISHI
Makka mushriklari Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan haqiqiy Payg‘ambar ekanlariga dalil sifatida hujjat – mo‘jizalar ko‘rsatishni so‘rashardi. Ana shular ichida oyni ikkiga yorib berish talabi ham bor edi. Alloh taolo bu ishni nubuvvatning 9-yili ro‘yobga chiqardi, ya’ni oy ikkiga bo‘lindi. Lekin mushrik-kofirlar bu mo‘jizani ko‘rib turib: «Muhammad odamlarni sehrlab qo‘ydi», deyishdi. Alloh taolo Qamar surasida marhamat qiladi:
«Soat yaqinlashdi va oy bo‘lindi» (1-oyat).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida oy ikki bo‘lakka bo‘lindi. Bir bo‘lagi tog‘ning orqasida, bir bo‘lagi uning oldida. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Guvoh bo‘linglar!» dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Imom Ahmad Jubayr ibn Mut’imdan shunday rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida oy yorilib, ikkiga bo‘lindi. Bir bo‘lagi manavi tog‘ ustida, ikkinchi bo‘lagi anavi tog‘ning ustida ko‘rindi. Mushriklar: «Muhammad bizni sehrlab qo‘ydi», deyishdi. So‘ng ular: «Agar bizni sehrlasa xam, barchani sehrlay olmaydi, musofirlar kelishini kutib turinglar», deyishdi. Musofirlar kelganlarida ulardan so‘rab ko‘rishgan edi, musofirlar ham oyning yorilganini ko‘rishganini aytdilar. Shunda mushriklar: «Muhammad hammani sehrlab qo‘ydi», deyishdi. Alloh taolo Qamar surasining avvalgi oyatlarini nozil qildi».
So‘ng mushriklar u zotdan boshqa bir qancha mo‘jizalar keltirishlarini so‘rashdi.
Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:
«Ular dedilar: «Toki bizga yerdan chashma otiltirmaguningcha, zinhor senga iymon keltirmasmiz. Yoki sening xurmo va uzum bog‘ing bo‘lib va ularning orasidan anhorlarni otiltirib chiqarmaguningcha... yoki o‘zing da’vo qilganingdek, ustimizdan osmonni parcha-parcha qilib tushirmaguningcha, yoxud Allohni va farishtalarni oldimizga keltirmaguningcha... yoki oltindan bezalgan uying bo‘lmagunicha, yoxud osmonga ko‘tarilmaguningcha, o‘sha ko‘tarilishingga ham, toki biz o‘qishimiz uchun kitob keltirmaguningcha ishonmaymiz». Sen: «Robbim pok bo‘ldi. Men faqat bashar Rasulman, xolos!» degin» (90-93-oyatlar).
Kofirlar oddiy inson Allohning payg‘ambari bo‘lishini hech aqllariga sig‘dira olishmaydi. Ularning tasavvurida payg‘ambar yo farishta, yoki qandaydir ajabtovur, boshqalardan alohida ajralib turadigan odam bo‘lishi kerak. Hech bo‘lmasa payg‘ambarning yashaydigan uyi boshqalardan ajralib turishi, misol uchun, oltindan qurilib, boshqacha bezatilgan bo‘lishi lozim...
Shuningdek, kofirlar tasavvurida boshqalarga o‘xshab yeb-ichadigan, bozorda yuradigan oddiy odam payg‘ambar bo‘lishi mumkin emas. U payg‘ambar bo‘lganidan keyin turli g‘ayritabiiy ishlarni qiladigan bo‘lishi kerak.
Misol uchun:
«...yoxud osmonga ko‘tarilmaguningcha, o‘sha ko‘tarilishingga ham, toki biz o‘qishimiz uchun kitob keltirmaguningcha ishonmaymiz», deyishdi.
Ya’ni «Payg‘ambar osmondan, Allohning oldidan unga kitob nozil bo‘layotganini da’vo qilyapti, o‘zi osmonga chiqib ko‘rsatsin, o‘sha chiqqanda bir yo‘la kitobni ham olib tushib, odamlarga bersin, ular o‘qisinlar».
Payg‘ambar Allohning elchisi bo‘lsa-da, avvalo, u ham oddiy odam: odam bolasiga xos hamma narsalar unga ham joriy bo‘ladi. U oddiy odam uchraydigan barcha narsalarga uchraydi. Payg‘ambarligi esa Allohning bergan farmonlarini amalga oshirish bilan bo‘ladi. U o‘zicha biror narsani, jumladan, mushriklar taklif qilayotgan mazkur ishlarni ham qila olmaydi. Bular uning vazifasi doirasiga kirmaydi. Bu ishlar faqat Alloh taoloning O‘ziga xosdir. Xuddi mana shu holatni idrok eta olmaslik, xususan, oddiy odamning payg‘ambar bo‘lishini tasavvur qila olmaslik qadimdan odamlarni iymondan to‘sib kelgan. Mushriklar so‘ragan narsalarning hammasi ham ko‘rsatilmaganida o‘ziga xos hikmat bo‘lib, Alloh taoloning O‘zi shuni iroda qilgan. Agar o‘sha narsalar yuzaga chiqqanida mushriklar oyning bo‘linishini yolg‘onga chiqarganlari kabi uni ham yolg‘onga chiqarishlari aniq edi. Keyin esa ularni tag-tugi bilan qo‘porib tashlash, azob yuborish vojib bo‘lib qolardi, chunki Alloh taolo o‘tgan ummatlarning ko‘pchiligini payg‘ambarlariga kelgan mo‘jizalarga iymon keltirmaganlari, ularni yolg‘onga chiqarish qayta-qayta takrorlangani uchun tag-tugi bilan qo‘porib yo‘q qilgan.
Makka mushriklari ahli kitoblarga odam yuborib, ulardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida maslahat so‘ray boshlashdi. Yahudiylar qurayshliklarga: «Undan ruh haqida so‘ranglar. Ko‘p tavof qiluvchi odam haqida so‘ranglar. Ahli kahf haqida so‘ranglar», deb o‘rgatishdi. Bu savollarga Kahf surasidagi oyatlarda javob nozil bo‘ldi. Lekin mushriklar sarkashlikda, zalolatda davom etaverishdi.
MAHZUNLIK YILI
Qamal tugagandan bir necha oy o‘tib payg‘ambarlikning 10-yili Abu Tolib va Xadiyja onamiz birin-ketin vafot etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ayriliqlar tufayli juda qattiq mahzun bo‘ldilar. Shundan keyin Qurayshning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ozorlari yana ham kuchaydi, chunki Abu Tolib ham, Xadiyja onamiz roziyallohu anho ham u zot sollallohu alayhi vasallamni ozorlardan himoya qiladigan qalqon edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qurayshliklarning ichida eng qattiq ozor yetkazadigan shaxs u zotning amakilari Abu Lahab va uning xotini edi. Abu Jahl va Uqba ibn Abu Muaytlar ham shular jumlasidan edi. Ular yetkazgan azob-uqubatlar shu darajaga yetdiki, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni urishgacha, namoz o‘qib turganlarida iflos narsalarni ustlariga to‘kishgacha botinishdi.
Bir kuni Qurayshning esipastlaridan biri Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning boshlaridan tuproq to‘kib yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylariga boshlari tuproqqa belangan holda kirib bordilar. U zotning qizlaridan biri yig‘lab, boshlaridagi tuproqni yuvdilar. U zot esa: «Qizginam, yig‘lama. Otangni Allohning O‘zi saqlaydi», der edilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qiyotib sajdaga borganlarida, Uqba ibn Abu Muayt tuyaning qornini olib kelib u zotning boshlari aralash yelkalariga tashladi. Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam muborak boshlarini ko‘tara olmay qoldilar. Kofirlar esa bir-birlariga qarab kular, hech kim biror yordam qilishga botina olmas edi. Oxiri bir odam borib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotimani chaqirib keldi. Fotima kelib, o‘sha narsani u zotning ustlaridan olib tashladi va mushriklarni qarg‘adi.
TOIF SAFARI
Ana shunday og‘ir bir paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Makkadan boshqa yerda ham Islom da’vatini qilib ko‘rish haqida o‘ylay boshladilar. Bu joy o‘sha paytlarda hamma jihatdan Makkadan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan Toif shahri bo‘lib ko‘rindi. U zot Toifga borishga qaror qildilar.
Payg‘ambarlikning o‘ninchi yili shavvol oyida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ozod qilgan qullari va tutingan farzandlari bo‘lmish Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan Toifga bordilar. Ular «Shoyad, Toifdan biror yorug‘lik chiqsa, mahzunlik arisa, da’vat ishlari yurishib ketsa» degan umidda edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toifga yeti borganlaridan keyin diyor aholisining asosini tashkil qiluvchi Saqif qabilasi a’yonlari bilan uchrashdilar Ular bilan majlis qurib, Islomga da’vat qildilar.
Ammo ularning javobi juda yomon bo‘ldi. Ular u zot sollallohu alayhi vasallamni masxara qilishdi. Bu ham yetmagandek, o‘zlarining esipastlari, qullari va bebosh bolalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haqoratlashga, ortlaridan baqirib masxara qilishga va tosh otishga chorlashdi. Toifliklar yo‘lning ikki chetida turi olib, oldilaridan u zot o‘tayotganlarida ayovsiz toshbo‘ron qilishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oyoqlari qonga, qalblari dardu alamga, tillari esa Alloh taologa iltijoga – duoga to‘ldi:
«Allohim! Quvvatim zaifligidan, chora-tadbirim ozligidan, odamlar oldida xor bo‘lganimdan O‘zingga arz qilurman! Ey rahmlilarning rahmlisi! Sen zaifhollarning Robbisan! Sen mening ham Robbimsan! Meni kimlarga tashlab qo‘yursan?! Meni noxush qarshilaydigan begonalargami?! Yoki ishimni dushmanga topshirib qo‘ydingmi?! Agar menga g‘azab qilmagan bo‘lsang, bularga parvo qilmayman. Lekin men uchun Sening ofiyating kengdir. Zulmatlarni yoritgan, bu dunyo va oxirat ishini isloh qilgan yuzing nur ila menga g‘azabing nozil bo‘lishidan, qahring tushishida panoh tilarman. To rozi bo‘lguningcha Sendan rozilik so‘rayveraman. Qudrat va quvvat faqat Sening bilandir».
Alloh taolo O‘z payg‘ambarining bu duolarini darhol qabul qildi. Shu ondan ishlar asta-sekin yurisha boshladi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Jinlarning Nabiy alayhissalomga iymon keltirishi;
Haj mavsumlarida ishtirok etishlari;
Yasribliklar bilan uchrashuv;
Birinchi Aqaba bay’ati;
Isro va me’roj hodisasi;
Ikkinchi Aqaba bay’ati;
Musulmonlarning Madinaga hijrati;
Yasribga Islomning kirish omillari.
HIJRAT. ISLOM DAVLATINI BARPO QILISH:
Nabiy alayhissalomni qatl qilish haqida maslahat;
Makkadan chiqish;
Suroqa ibn Molik qissasi;
Ummu Ma’bad qissasi;
Kibr, o‘zini boshqalardan yuqori deb hisoblash, ulardan ustun qo‘yish, o‘zini boshqalarga nisbatan yuksak ko‘rish va ularga nisbatan mag‘rurlik qilishdir. Bu, ko‘pincha odamlarning boshqa kishilarni pastga urish, ular bilan adolatli munosabatda bo‘lmaslik va o‘zini juda katta ko‘rsatish kabi xulq-atvorlarni o‘z ichiga oladi.
Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir.
Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘qdir.
Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo va ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.
Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo‘yganlardir.
Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlardir. Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir.
Alloh taolo: “Mo‘minlardan ixtiyoriy ehson qiluvchilarini va zo‘rg‘a topib-tutuvchilarini istehzo ila masxaralaydiganlarni Alloh “masxara” qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir” (Tavba surasi, 79-oyat), deb aytgan.
Yana: “Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat);
“(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga hasad qilmanglar va savdoda soxtalik bilan kelishib, narxlarni oshirmanglar. Bir-birlaringizga g‘azab qilmanglar hamda orqa o‘girib, munosabatlarni buzmanglar. Ba’zilaringiz ayrimlaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, xo‘rlamaydi ham, past ham sanamaydi. Taqvo bu yerda”, deb, uch bora qalblariga ishora qildilar. “Musulmon birodarini past sanagan kishi yomon ekaniga dalolat qiladi. Har bir musulmonning boshqa musulmonga qoni, moli va obro‘sini (suiiste’mol) qilishi haromdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Imom Navaviy rahimahulloh: “Tadabbur qilgan kishiga bundan-da foydasi ko‘p, manfaati ulug‘ va yaxshiroq hadis bo‘lmasa kerak”, dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra miqdoricha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh, kishi chiroyli kiyim va chiroyli poyabzal kiyadi (bu ham kibr bo‘ladimi?)" deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh chiroylidir. Chiroylini yaxshi ko‘radi. Kibr esa haqni buzish va kishilarga past nazar bilan qarash”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Biz «yuz o‘girma» deb tarjima qilgan ma’no oyatda «tuso’’ir» deb kelgan. Bu ma’no, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. O‘sha kasallikka mubtalo bo‘lgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan o‘giradigan kishilar ana o‘sha kasal tuyaga o‘xshatilmoqda.
«Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma».
Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.
«…va yer yuzida kibr-havo ila yurma».
Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr og‘ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh, xech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan.
Shuningdek, ibn Abu Laylo rivoyat qilgan xadisda: «Kim kiyimini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan.
Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze’ bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).
Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “Al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”.
Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, hokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “O‘quvchi muallimiga itoatkor va royish bo‘lishi, uning so‘ziga quloq solib, o‘z ishlarida u bilan maslahatlashib turishi va oqil bemor samimiy va mohir tabib so‘zini qabul qilganidek u ham o‘z muallimining so‘zini qabul qilmog‘i lozim. Shuningdek, muallimiga ehtirom ko‘zi bilan boqishi, uning o‘z ishida komil iqtidor va malaka sohibi ekanligi va boshqa ustozlardan ustunligiga ishonishi lozim. Ana shunda undan manfaat olishi oson bo‘ladi”.
Olimlarimiz aytadilarki, talaba o‘z ustozining kamoli ahliyat va iqtidor sohibi ekanligiga, o‘z ishining mohir mutaxassisi ekanligiga e’tiqod qilib, ishonishi kerak. U haqda faqat yaxshi fikrda bo‘lishi lozim. Agarchi, ustozidan diyonatga ochiq-oydin ters keladigan xatti-harakatni ko‘rib qolsa ham uni faqat yaxshilikka yo‘yib, yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Aks holda uning barakasidan mahrum bo‘ladi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi osmon ilmini o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamaganidan so‘ng aytibdi:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi hamki dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli…
Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim-u, lekin sen huzurimga kelganingdagi “bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor”, degan kibr-havoying hali ham ketmadi. Men bir idishga qachonki u bo‘sh bo‘lsagina suv quyaman. Afsus, sening kallang havo bilan to‘lib qolgan ekan, – deb javob qilibdi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh dedilarki: "Agar mutakabbir kishini ko‘rsang bilginki, uning namozi kam yoki undan butunlay mahrum bo‘lgan. Chunki kibr bilan ko‘p sajda qilish birga jamlanmaydi".
Rivoyat qilishlaricha: Bir kishinikiga mehmon kelib qoldi. Uyda mehmonga qo‘yadigan hech vaqo yo‘q edi. U bir litr qatiq olib kelib, besh litr suv qo‘shib, tuz va muz solib, ayron tayyorladi. Bir litr qatiq besh litr suvni qabul qilib, totli ichimlikka aylandi. Agar o‘sha qatiqqa bir tomchi benzin tushib ketganida uni ichib bo‘lmas edi.
Xuddi shuningdek, salgina takabburlik ham amalni buzib yuboradi. Mutakabbir kimsa Allohdan to‘siladi, xaloyiq tomonidan nafratga uchraydi. Alloh taolo bu haqda «Chunki ularga yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar», degan (Soffot surasi, 35 oyat).
Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Javvaz ham, ja’zariy ham jannatga kirmaydi", dedilar.
* «Javvaz – muomalasi qo‘pol odam».
* Ja’zariy – mutakabbir, qilmagan ishi bilan faxrlanuvchi.
Ba’zi bir kishilar ibodat miqyosidagi ma’naviy va moddiy amallarni qilib, (haj, umra va masjid yoki yo‘l qurib) kibrlanib, maqtanib boshqa kishilarni bunday ishlarni amalga oshirmaganlikda ayblab, o‘zlarini ulardan yuqori olishadi. Aslida ana shu ishlar xalqni puliga bajarilgan bo‘ladi. Bunday kimsalar aslida eng razil va pastkashlardir.
Alloh taolo aytadi: “Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar…”. (Tavba surasi 102-oyat) Alloh taolo bizdan ma’sumlikni talab qilmadi. Aksincha, gunoh sodir bo‘lganida tavba va siniqlikni istadi.
Odam alayhissalom gunoh qilganida e’tirof qilib gunohiga istig‘for aytdi. Alloh uning tavbasini qabul qildi.
Iblis esa gunoh qilganida mutakabbirlik qildi, tavba qilmadi. Alloh undan yuz o‘girdi.
Kim gunoh qilib qo‘yib so‘ngra tavba qilsa qiyomatda Odam alayhissalom bilan tavba qiluvchilar karvonida bo‘ladi.
Kim gunoh qilib so‘ngra tavba qilmasdan mutakabbirlik qilsa Iblisning karvonida bo‘ladi.
Ortidan kibrni ergashtiruvchi bittagina gunoh, ortidan siniqlik, pushaymonlik va tavbani ergashtiruvchi mingta gunohdan og‘irroqdir.
Alloh taolo gunoh qilganida pushaymon bo‘lib tavba qiluvchilarga muhabbati o‘laroq O‘zini G‘ofur deya nomladi.
Bandalarini O‘z muhabbatiga targ‘ib qilish uchun O‘zini Vadud deya nomladi.
Sizni sindirib sizdagi ujbni ketkazadigan bitta gunoh, qalbingizni mag‘rurlanish va ujbga to‘ldiradigan toatdan yaxshidir, qaysidir ma’noda!
Ja’farxon SUFIYEV,
TII talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.