Olam ahlin, Ey Xudo, har xil balodan saqlagil,
Nafsu shayton qutqusi sharru riyodan saqlagil,
Fitnayu bo‘hton, adovat, norasodan saqlagil,
Beamal, betuhfa ul bemuddaodan saqlagil,
Haq yo‘lida yurmagan ul behayodan saqlagil,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Keldi bu g‘am nogahon olam aro ofat bo‘lib,
Jumlai borliqqa odam ko‘rmagan kulfat bo‘lib,
Har soat, har yerda ul bo‘y ko‘rsatar dahshat bo‘lib,
Olam ahli g‘am chekar har yerdakim qat-qat bo‘lib,
Keldi ul yoshu qariga kutmagan g‘urbat bo‘lib,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Bilmayin g‘aflatda qoldik keldi qaydin bu balo,
Chora izlab qancha jonlar aylagay ohu navo,
Iltijomiz senga, Tangrim, aylagil tezroq davo,
Berguchi sensan shifosin istasang qodir Xudo,
Aylagil avf biz gunohkor bandani olampano.
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Vah, gunohim oshdimi, haddimni bilmaykim bu dam,
Haqqa tavba ham tazarru ichrakim qo‘ymay qadam,
Qo‘rqmayin hargizki Haqdan, chekmayin dilda alam,
O‘ylamay shodlikda hargiz kelgusin bu tarzda g‘am,
Haq taolo, biz gunohkor bandaga etgil karam,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Qilmayin ne’matga shukring jurmu isyon ayladim,
Nafsu shayton komida ko‘nglimni vayron ayladim,
Noraso yo‘ldan yurib goh o‘zni sarson ayladim,
Luqmani pokiza tutmay nahsi tug‘yon ayladim,
Bilmagayman qay kuni haqqinga ehson ayladim,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Yo jazo berdingmi, Tangrim, kimsalar yag‘mosiga[1],
Nafsu shayton jazmida turfa odam savdosiga,
Bildirib qo‘ydingmi o‘zni bevafo dunyosiga,
Toatu rostlik, diyonat kelmagan parvosiga,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Eslatib qo‘ydingmi shu tarz och ko‘zing bandam debon,
Xaq jazosi birlakim Nuh qavmini bosdi to‘fon,
Yer yutib yubordi qavmi Lutni hech qo‘ymay omon,
Qildi nobud Samud qavmin zilzila, chaqmoq chunon,
Bo‘ldi ibrat bizga tarix sahnidagi imtixon,
Beadad tavba tazarru aylagaydurmiz bu on,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Dini iymon yo‘lini rost tutmadim, senga ayon,
Qo‘ymadim vaqtida maqdam otayu onam tomon,
Do‘st qolib, ag‘yorga sirdosh bo‘ldim men nodon hamon,
Bexabarlar ichrakim sen etmagil rangim somon,
Mushkulimni endi sen avfing bilan qilgil oson,
Ikki olam sen o‘zingsan, Ey Xudoyo, soyabon,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Ummati Sarvar haqqi yurtni charog‘on aylagil,
Hazrati choryor haqqi elni farovon aylagil,
Barcha o‘tgan avliyolar haqqi darmon aylagil,
Olam ichra bu zarar ofatni yakson aylagil,
Iltijomiz Senga cheksiz, bizni g‘ufron aylagil,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Ey Xudoyo, yurtimizni xusni holat aylagil,
Rahnamomiz birlakim elni salomat aylagil,
Fayzu ikromingni bizlarga ziyodat aylagil,
Tinchligu shavkat bilan ahli barokat aylagil,
Qudrating-la barchamizni husni suvrat aylagil,
Nogahon kelgan bu g‘am jabru jafodan saqlagil,
Olam ahlin,Ey Xudo, har xil balodan saqlagil.
Ismoil Mahmud Marg‘iloniy
[1] Yag‘mo-talon-tarosh qilmoq
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
1. Kishini chap qo‘lda yeyishidan qaytardilar.
2. Suyanib yeyishdan qaytardilar.
3. Qabrlarni (gips bilan) suvashdan va ularning ustida namoz o‘qishdan qaytardilar.
4. Turib qolgan suvga bavl qilishdan qaytardilar.
5. Kishini bitta kavushda yurishdan qaytardilar.
6. Hojat chiqarish yoki bavl qilishda qiblaga yuzlanishdan qaytardilar.
7. (Azada baland ovozda) yig‘lashdan qaytardilar.
8. Tasvirlar, suratlar(ni uyga osish, uni chizish)dan qaytardilar.
9. O‘tda kuydirishdan qaytardilar.
10. Xo‘rozni so‘kishdan qaytardilar.
11. Ayol kishi boshqa ayol bilan bir to‘shakda kiyimsiz yotishdan qaytardilar.
12. Kishining boshqa kishiga “ayolim singlingdir”, deyishdan qaytardilar. Bu yerda maqsud: mahrsiz.
13. Arrofga (kohin, folbin) ga borishdan qaytardilar.
14. Nard o‘ynashdan qaytardilar.
15. G‘iybat va chaqimchilikdan qaytardilar.